Konstitutsiyada inson huquqlari kafolatlariga oid normalar ham 3 barobar koʻpaytirildi.
Bu – avvalambor barcha sohada qonun ustuvorligi taʼminlanadi, degani. Bundan buyon, qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal boʻladi.
"Eng muhimi, “Qonun – muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan qarash jamiyatning har bir aʼzosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayot qoidasiga aylanishi kerak.
Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish uchun sudlarning odil va mustaqil ish yuritishini, albatta amalda taʼminlashimiz zarur", - dedi Prezident.
Shu maqsadda, Asosiy qonunda hech kim sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi; erkinlikni cheklashga faqat sud qarori asosida yoʻl qoʻyilishi haqidagi qoida mustahkamlandi; ayblanuvchiga oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik, yaʼni “sukut saqlash” huquqi birinchi marta alohida belgilab qoʻyildi; advokatlar maqomi oshirilib, ular tergovchi va prokuror bilan teng vakolatga ega boʻldi.
Asosiy qonunga kiritilgan bu ilgʻor yangiliklarni amalda joriy etish oson boʻlmaydi, koʻp jamiyatlar bunday oʻzgarishlarni faqat orzu qiladi.
Buning uchun sud-huquq idoralarining kadrlar salohiyatini yaxshilash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash zarur. Eng muhimi, tergovchi, prokuror, sudya, advokatlarning bilim va malakasi, maʼnaviy dunyosini yuksaltirish bilan birga
aholining ham huquqiy madaniyatini oshirish, hammamizning dunyoqarashimizni oʻzgartirish talab etiladi.
“Qanday ogʻir boʻlmasin, bu ishlarni amalga oshirishni zamonning oʻzi taqozo etmoqda”, - dedi Prezident.