Ushbu Qonun bilan bir qator jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Kooperatsiya toʻgʻrisida”gi, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi, “Advokatura toʻgʻrisida”gi, “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi, “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi va “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Bir qancha xizmatlar jumladan kooperativlar ustavini roʻyxatdan oʻtkazish, yuridik maslahatxonalarni hisobga olish, advokatlik byurolari, firmalari, hayʼatlarini roʻyxatdan oʻtkazishni avtomatlashtirish endilikda Davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining sanoat mulki obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilikning qoʻllanilishiga doir qoidalar qabul qilish boʻyicha vakolatlari bekor qilindi.

Shuningdek, sanoat mulki obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi hamda ushbu boʻyicha yuridik shaxslar tomonidan jarimani toʻlash tartibi belgilab qoʻyildi.

Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishi mumkin boʻlgan subyektlar qatori kengaytirildi. Bunda barcha yuridik yoki jismoniy shaxs oʻz nomiga tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishi mumkin. Ilgari ushbu huquq faqatgina tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxslarga berilishi belgilangan edi.

Bundan tashqari, firma nomlari, tovar belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani toʻlash tartibi ham belgilab qoʻyildi.

Intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish chogʻida rezidentlar va norezidentlar oʻrtasidagi tovar belgisi bilan bogʻliq huquqiy munosabatlar tartibga solinmoqda. Misol uchun, tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnomaga oid huquqdan boshqa shaxs foydasiga voz kechilganligi munosabati bilan arizachini oʻzgartirish yoki tovar belgilariga doir huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatga olganlik uchun belgilangan miqdorda tegishincha davlat bojini toʻlash boʻyicha yangi norma kiritildi.

Qonun orqali bu kabi oʻzgartish va qoʻshimchalarning kiritilishi intellektual mulk sohasi taraqqiyotida katta oʻsishga yoʻl ochadi. Intellektual mulk obyektlariga ega boʻlish rivojlanish yoʻliga qadam qoʻygan milliy kompaniyalar, innovatsion faoliyat bilan shugʻullanuvchi muassasalar uchun oʻziga xos nufuz va tan olinishni anglatadi. Mamlakatga oʻz tovar belgisi yoki sanoat namunasi bilan kirish istagida boʻlgan chet ellik investorlar uchun yaxshi maʼnodagi signal vazifasida xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.