Uyiga yaqinlashdi, eshik qulf. Taqillatdi, ammo, hech kim ochmadi eshikni. Bor tovushi bilan chaqirdi qaynonasini. “Oyijon, oyijon” degan tovushiga qoʻshnilar chiqdi, ammo, qaynonasi chiqmadi. Guloro ilgari iymanib turgan boʻlsa, bolasini oʻylab joni halak, darvozani oyogʻidagi tuflining poshnasi bilan taqillata boshladi. Shu on, eshik ochilib, ortida poylab turgan eri chiqdi-yu, qoʻshnilarning koʻz oʻngida xotinini doʻpposlab ketdi...
Kasalxonada oʻziga kelgan kelinchak tepasida yigʻlab oʻtirgan onasidan boʻlgan voqeani eshitdi. Koʻzlarini ohista yumdi. Uni hayotda ushlab turgan kichkinagina qizaloq boʻlmaganida edi...Yuqoridagi kabi voqealarni koʻpchiligimiz eshitganmiz. Koʻrganmiz. Baʼzan, shunday hodisalar yaqinlarimizning uyida roʻy bergan. Baʼzan xotin-qizlarimizning ishxonalarda turli sabablarni roʻkach qilib kamsitilganini koʻrganmiz.
Shu boisdan ham, oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunlarining qabul qilinishi, xotin-qizlarimiz uchun juda bir quvonarli holat boʻldi desak hech yanglishmagan boʻlamiz.
Endilikda, mazkur Qonunlar orqali ularning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari toʻla-toʻkis taʼminlanishi uchun barcha davlat organlari va mansabdor shaxslar birdek xarakat qilishi kerakligi belgilab qoʻyildi. Shu oʻrinda yana bir holatni eslatib oʻtmoqchiman. Agar har birimiz eʼtibor berayotgan boʻlsak, hayot jabhalarida roʻy berayotgan mudxish holatlarning aksariyati xotin-qizlarimiz bilan bogʻliq. Vaholanki, ayollarimizning himoyachisi yoʻqligi va ularning erkaklar tomonidan turli-hil qiynoqlarga, tazyiqlarga uchrayotganligi achinarli bir holat sifatida quzatilmoqda. Mana shu kabi salbiy holatlarning oldini olish va ularga chek qoʻyish maqsadida prezidentimiz tomonidan mazkur Qonunlar qabul qilindi. Ushbu Qonunda xotin-qizlarimizni himoya qilishning barcha mexanizmlari ishlab chiqildi. Binobarin, har bitta Qonunning maqsadi boʻlgani kabi, mazkur Qonunning ham oʻziga hos maqsadi bor.
Shu nuqtayi nazardan ham, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishning asosiy maqsadi nima ekanligiga daqqatimizni qaratib oʻtsak, biz oʻylaymizki maqsadga muvofiq boʻladi. Birinchi navbatda mazkur Qonunning asosiy maqsadi xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Albatta, sizlarda zoʻravonlikning barcha shakllari nima ekan degan savol tugʻilishi tabiiy holat. Misol uchun, zoʻravonlikning bir qancha koʻrinishi mavjud boʻlib, ular quyidagilar hisoblanadi; jinsiy zoʻravonlik, jismoniy zoʻravonlik, iqtisodiy zoʻravonlik, ruhiy zoʻravonlik va boshqalar.
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatli organlarga ham toʻxtalib oʻtsak.
Vazirlar Mahkamasi;
Mahalliy davlat hokimiyati organlari;
Ichki ishlar organlari;
Mehnat organlari;
Taʼlimni davlat tomonidan boshqarish organlari;
Sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlari;
Xotin-qizlar qoʻmitasi;
Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari.
Vakolatli organlar tomonidan dastlab qilinadigan ish, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxsni himoya mexanizmi, koʻrsatiladigan yordam va xizmatlar toʻgʻrisida unga tushunarli tilda tanishtirishi, tazyiq yoki zoʻravonlik ishlatilganlik holatlari boʻyicha yakka tartibdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Shuningdek, tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga doir quyidagi chora-tadbirlar ham amalga oshiriladi:
profilaktika suhbatini oʻtkazish;
himoya orderini berish;
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarni maxsus markazlarga joylashtirish;
zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturlaridan oʻtish.
Profilaktika suhbatini oʻtkazish - muayyan shaxsni jamiyatda umum qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishga ishontirish, gʻayriijtimoiy xulq-atvorning ijtimoiy hamda huquqiy oqibatlarini tushuntirish, shuningdek qonunda belgilangan javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirish.
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi beriladi.
Himoya orderi - tazyiq va zoʻravonlik fakti yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida va oʻttiz kun muddatgacha berilishi lozim. Tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxsga himoya orderining nusxasi topshiriladi. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarni maxsus markazlarga joylashtirish jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining talabi boʻyicha 30 kungacha boʻlgan muddatga amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, zoʻravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturidan oʻtadi. Tuzatish dasturidan oʻtish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Har bir shaxs oʻz shaʼni, qadr-qimmati va obroʻsiga qilingan tajovuzlardan hamda shaxsiy daxlsizlik huquqidan foydalangani kabi, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar ham mazkur huquqlardan foydalanadi. Xususan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga oid barcha maʼlumotlar qonun hujjatlari bilan qoʻriqlanadi. Ularga oid boʻlgan maʼlumotlarni xech bir shaxs oshkor qilishga haqli emas. Ularni oshkor etishga yoʻl qoʻygan shaxslar qonunda nazarda tutilgan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Yana bir muhim masalaga eʼtiborimizni qaratib oʻtishimiz joizki, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi, yaʼni gender tengligi va mana shu tenglikni amalga oshirish uchun ayollarga koʻproq eʼtibor berilishi yuzasidan bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq, ayollarning siyosiy hayotdagi mavqeyi hamda islohotlarning faol ishtirokchisi boʻlishdagi mavkeyi biroz past. Mana shu kabi masalalarda davlatimiz tomonidan qilinadigan ishlar salmogʻi juda koʻp. Shuning uchun ham, Prezidentimiz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar
va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Ammo, mazkur Qonunning qabul qilinishi bilan uning ijrosi oʻz oʻzidan taʼminlanib qolmaydi. Qachonki, barcha davlat organlari, masʼul mansabdor shaxslar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari joylarga chiqib uning mazmun-mohiyatini xalqimiz ongi-shuuriga singdira olsa, albatta oʻylagan natijalarimizga erishgan boʻlamiz. Chunki, gender tengligi va gender siyosati masalasida bugungi kunda xalqaro ekspertlar va davlatimiz rahbarlari tomonidan har tomonlama, chuqur oʻylangan dasturlar ishlab chiqilmoqda. Endilikda, mazkur Qonun orqali xotin-qizlarimiz erkaklar bilan yonma-yon davlat boshqaruvining istalgan bosqichida emin-erkin ishtirok etishi koʻrsatilgan. Shu bilan birga, oilada, mehnat jarayonlarida, taʼlim, ilm-fan sohasida, sogʻliqni saqlash sohasida hamda farzand tarbiyasi bilan bogʻliq munosabatlarda ham teng huquqliligi belgilab qoʻyildi.
Xulosa oʻrinda shuni aytib oʻtmoqchimanki, har birimiz jamiyat
va davlat ishlariga befarq boʻlmay, yurboshimiz tomonidan olib borilayotgan odilona islohotlarga sidqi dildan yondashib, xotin-qizlarimizga
va onaxonlarimizga yaxshi munosabatda boʻlib, ularning hurmat va izzatini joyiga qoʻyib yashasak, jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzi bardavom boʻladi.
Qachonki oilada tinchlik ustuvor boʻlsa, ertangi kunga boʻlgan ishonch hissi ham ustuvor boʻladi. Bundan tashqari, oʻzbek xalqining azal-azaldan saqlanib kelayotgan oʻziga xos urf-odatlaridan biri bu – ota-onaning farzand oldidagi, farzandning esa ota-ona oldidagi majburiyatlarini hech qachon yodimizdan chiqarmasligimiz lozim.
Islom Mamatov,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi
NNT bilan ishlash boʻlimi masʼul xodimi