Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

    Hujjatlar 11 Fevral 2021 6293

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    Soʻnggi besh yilda zamonaviy boshqaruv uslublarini amaliyotga joriy etish, nazorat qilish va ijroni tekshirish shakllarini takomillashtirish, talabchanlikni kuchaytirish borasida amalga oshirilgan muayyan ishlar va davlat boshqaruvi organlari rahbarlari hamda hududlar hokimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish boʻyicha qatʼiy chora-tadbirlar murakkab sharoitlarda davlat qurilishining serqirra vazifalarini amalga oshirish, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirishni taʼminlash, respublikani barqaror hamda jadal rivojlantirish imkonini bermoqda.

    Shu bilan birga, tanqidiy tahlillar ijro intizomi samarasiz darajada ekanligidan dalolat beradigan koʻplab holatlar mavjudligini koʻrsatmoqda. Jumladan, birinchi – kiritilayotgan hujjatlar loyihalari yetarlicha iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan oʻtkazilmayapti; ikkinchi – davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashkiliy hamda nazorat faoliyatining shakllari va uslublari takomillashtirilmagan; uchinchi – qabul qilinayotgan hujjatlarning mazmuni va ahamiyati mansabdor shaxslar tomonidan yetarli darajada oʻrganilmayapti, shuningdek, ushbu hujjatlarni, ayniqsa, aholi va keng jamoatchilik oʻrtasida tushuntirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar mavjud emas; toʻrtinchi – shaxsiy soʻrov va qatʼiy talabchanlik oʻrniga koʻplab maʼlumotnomalar va maʼlumotlar toʻplanmoqda, shuningdek, masʼuliyatsiz rahbarlar, boshqaruvning oʻrta va quyi boʻgʻinlari mutaxassislariga nisbatan liberal munosabatda boʻlinmoqda.

    Ayrim Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, viloyatlar, ayniqsa, tuman va shaharlar hokimlari koʻrsatib oʻtilgan va boshqa kamchiliklarni bartaraf etishni tegishli darajada tezkor, qatʼiy va samarali taʼminlamayapti. Shu sababli, mamlakatni, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, shuningdek, hududlarni jadal rivojlantirish borasidagi bir qator ustuvor va istiqbolli vazifalarni amalda hal qilish boʻyicha qoʻshimcha shoshilinch choralar koʻrish, shu jumladan, zaxiralar va byudjet mablagʻlarini topish talab etilmoqda.

    Qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish va monitoring qilishning taʼsirchan tizimini yaratish, mamlakat Oliy Majlisiga 2020-yil 29-dekabrdagi Murojaatnomada, shuningdek, 2016-2021-yillarda tasdiqlangan tarmoq va hududiy rivojlanish dasturlarida belgilangan maqsadlarga erishishni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha Vazirlar Mahkamasi, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari hamda barcha darajalardagi hokimlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish maqsadida:

    1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari, Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, davlat qoʻmitalari raislari va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlari eʼtibori ular tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qarori talablari oʻz vaqtida, aniq va toʻlaqonli amalga oshirilishi yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrilmaganligiga qaratilsin.
    2. Quyidagilar:

    qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari (keyingi oʻrinlarda – qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar) bajarilishining taʼsirchan tizimini yaratishda
    jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligi, ijro intizomini susaytirib yuborganligi va kadrlarga nisbatan talabchanlik qilmaganligi uchun sogʻliqni saqlash, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirlari, ayrim davlat qoʻmitalari va agentliklari rahbarlari, shuningdek, 25 ta tuman va shaharlar hokimlari egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi;

    Vazirlar Mahkamasi Rayosatining qarori bilan davlat boshqaruvi organlari va Hukumat apparati tarkibiy boʻlinmalarining bir qator rahbarlariga intizomiy jazo choralari qoʻllanilganligi, shu jumladan, “hayfsan” eʼlon qilinganligi, ularning ayrimlari egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

    1. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni puxta ishlab chiqish va qabul qilishning taʼsirchan amaliyotini shakllantirish, ularni aniq ijrochilar, keng jamoatchilik va aholiga tezkor yetkazish, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirish, joriy, oʻrta muddatli
      va istiqboldagi vazifalarni samarali amalga oshirish boʻyicha shoshilinch hamda tezkor choralar koʻrish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
      va Senati, Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi va Adliya vazirligining tashkiliy, ijro va nazorat faoliyatining yagona tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
    2. Quyidagilar:

    Qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlarining amalga oshirilishi boʻyicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish tartibi 1a-1d-ilovalarga muvofiq;

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi apparati, davlat boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman
    va shaharlar hokimliklarida ishlarni tashkil qilish va ijro intizomini mustahkamlashning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”
    2-ilovaga muvofiq;

    “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimiga qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlarining ijrosi boʻyicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish sxemasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari, Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, davlat qoʻmitalari raislari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlari ushbu farmonga 1-3-ilovalarda belgilangan talablarning soʻzsiz, oʻz vaqtida va natijali bajarilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi toʻgʻrisida ogohlantirilsin, bunda ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha quyidagi ustuvor vazifalarga alohida eʼtibor qaratilsin:

    birinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar loyihalari tayyorlanishi ustidan shaxsiy nazoratni tashkil etish, ularning puxta iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishini, vakolatli davlat boshqaruvi organlarida oʻz vaqtida kelishilishini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi boʻlinmalarida va Bosh vazir oʻrinbosarlari huzurida himoya qilinishini taʼminlash;

    ikkinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrochilarga tezkor yetkazilishi, shu jumladan, ularda qoʻyilgan vazifalarning mohiyati va ahamiyati keng jamoatchilik va aholi oʻrtasida tushuntirilishi, nazorat bandlari va topshiriqlarda aniq mexanizmlar, muddatlar va masʼullar belgilanishi boʻyicha “yoʻl xaritalari” (harakat rejalari) oʻz vaqtida ishlab chiqilishi ustidan shaxsiy nazoratni taʼminlash;

    uchinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi amalda nazorat qilinishini shaxsan tashkil etish, bunda markaziy apparatlarda, tarmoq va hududiy davlat boshqaruvi organlarining oʻrta va quyi boʻgʻinlarida ishlarning real holatini tanqidiy oʻrganishga, erishilgan pirovard natijalarga, kamchiliklar va muammolarning sabablariga, foydalanilmagan zaxiralarga, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va hokimliklarning tashkil etiladigan elektron maʼlumotlar bazasi asosida “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida (keyingi oʻrinlarda – “Ijro.gov.uz” tizimi)
    oʻz vaqtida hisobot berilishiga alohida eʼtibor qaratish;

    toʻrtinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning mohiyati va ahamiyatini hamda ularni amalga oshirish yuzasidan qabul qilinayotgan chora-tadbirlarni tushuntirish maqsadida ommaviy axborot vositalarida shaxsiy fikr-mulohazalarini bildirish, jamoat tashkilotlari va mahallalarda uchrashuvlar oʻtkazish, shuningdek, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida hisobot berish amaliyotini joriy etish;

    beshinchidan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar oʻz vaqtida, toʻliq va natijali ijro etilishi shaxsan tanqidiy tahlil qilinishini taʼminlash, oldinga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish va moʻljallangan maqsadlarga erishish. Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, shuningdek, hududlarni rivojlantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlarini talab etadigan muammoli masalalar boʻyicha har tomonlama asoslangan takliflar ishlab chiqish va kiritish.

    1. Bosh vazir oʻrinbosarlari, davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlari bir hafta muddatda ushbu farmon talablari soʻzsiz va har tomonlama amalga oshirilishi yuzasidan aniq harakatlar rejalari puxta ishlab chiqilishini va kollegial organlar majlislarida tasdiqlanishini taʼminlasinlar.

    Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda aniq vazirliklar hamda viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklari misolida davlat organlari va tashkilotlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklarida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

    1. Adliya vazirligiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:

    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan, shu jumladan, Hisob palatasi bilan birgalikda sohalar, hududlar va idoralar kesimida manzilli va tematik tahliliy oʻrganishlarni olib borish
    va joylardagi holat monitoringini yuritish;

    ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va tashkilotlarining qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini taʼminlash borasidagi faoliyatini “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda” rukni ostida jamoatchilik nazorati vositalaridan keng foydalangan holda, shu jumladan, “Yuksalish” umummilliy harakati va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ishtirokida yoritish va muhokama qilish ishlarini tashkil etish va yana-da jadallashtirish;

    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning amalda bajarilishiga toʻsqinlik qilayotgan muammolar va omillarni aniqlash, ularni hal etish boʻyicha tegishli vazirlik va idoralar oldiga aniq masalalarni qoʻyish, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, sohaga xos boʻlmagan, takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarini qisqartirish, ularda ortiqcha qogʻozbozlik va majlisbozlikka yoʻl qoʻymaslik yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

    davlat organlari va tashkilotlariga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi yuzasidan huquqiy-uslubiy koʻmaklashish, ularning tegishli boʻlinma rahbarlarini ijro intizomiga rioya etilishi boʻyicha oʻqitishda ishtirok etish.

    1. “Ijro.gov.uz” tizimi orqali qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning mazkur farmonga 3-ilovada keltirilgan tartibga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi mutlaqo yangi tizimi joriy qilinsin:

    a) Adliya vazirligi:

    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar oʻz vaqtida ijro etilishining “Ijro.gov.uz” tizimida nazoratini olib boradi va “Ijro.gov.uz” tizimini yuritadi;

    “Ijro.gov.uz” tizimida nazoratga olinadigan topshiriqlarni kiritadi, mazkur topshiriqlardan kelib chiqqan holda masʼul ijrochilar va bajarish muddatlarini belgilaydi, ular tomonidan kiritilgan maʼlumotlar toʻliqligi va haqqoniyligini tekshiradi, shuningdek, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarda belgilangan ijro muddatlarini uzaytirish haqidagi takliflar asosliligini oʻrganadi;

    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro holati toʻgʻrisidagi maʼlumotni har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradi.

    Belgilansinki, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini taʼminlash yuzasidan “Ijro.gov.uz” tizimiga zarur maʼlumotlarni oʻz vaqtida kiritmaslik yoki notoʻgʻri maʼlumotlarni kiritish, shuningdek, bu borada Adliya vazirligi koʻrsatmalarini oʻz vaqtida yoki lozim darajada bajarmaslik qonunchilikka muvofiq intizomiy, maʼmuriy va boshqa javobgarlik choralarini qoʻllash uchun asos boʻladi;

    b) Vazirlar Mahkamasi:

    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar Vazirlar Mahkamasi tizimidagi davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan oʻz vaqtida ijro etilishining “Ijro.gov.uz” tizimida nazoratini olib boradi, har oyda Rayosat majlislarida ularning ijrosi natijadorligini koʻrib chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga tegishli takliflar bilan birgalikda umumlashtirilgan maʼlumot kiritadi;

    “Ijro.gov.uz” tizimida Vazirlar Mahkamasi tizimidagi davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar – masʼul ijrochilar tomonidan kiritilib, Adliya vazirligi tomonidan tekshirilgan maʼlumotlar toʻliqligi va haqqoniyligini tekshiradi, shuningdek, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarda belgilangan ijro muddatlarini uzaytirish haqidagi Adliya vazirligi tomonidan koʻrib chiqilgan takliflar asosliligini oʻrganadi;

    v) Hisob palatasi:

    “Ijro.gov.uz” tizimida masʼul ijrochilar tomonidan kiritilib, Adliya vazirligi va Hukumat tomonidan tekshirilgan maʼlumotlar toʻliqligi va haqqoniyligini tekshiradi hamda ularni nazoratdan yechadi;

    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarda belgilangan ijro muddatlarini uzaytirish haqidagi Adliya vazirligi va Hukumat tomonidan koʻrib chiqilgan takliflar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga xulosalarni kiritadi;

    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro holati boʻyicha har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib boradi;

    g) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi:

    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;

    zarurat boʻlganda, nazoratdan yechilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni qayta nazoratga qoʻyadi, ularning ayrimlarini alohida nazoratga oladi (nazoratdan faqat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan yechiladi);

    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarda belgilangan ijro muddatlarini uzaytirish haqidagi takliflar boʻyicha Hisob palatasi tomonidan berilgan xulosalarni koʻrib chiqadi;

    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro etilishini tashkil etish borasidagi faoliyat samaradorligini oshirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini taʼminlashdagi masʼuliyatini kuchaytirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritib boradi;

    d) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oliy darajadagi tashriflari davomida imzolangan hujjatlari va investitsiya loyihalari boʻyicha topshiriqlar ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-avgustdagi PF-6042-son farmonida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

    1. Oliy Majlis palatalariga qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining ijro holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini, shu jumladan, amalga oshirilayotgan islohotlarning aholi turmush tarziga taʼsirini joylarga chiqqan holda oʻrganish, ularning natijadorligini taʼminlash boʻyicha parlament nazoratini tizimli tashkil etish tavsiya etilsin.
    2. Adliya vazirligi tizimidagi shtat birliklarining maqbullashtiriladigan qismi hisobidan quyidagilar tashkil etilsin:

    Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida 15 ta shtat birligidan iborat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi;

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida jami 28 ta shtat birligidan iborat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasining hududiy boʻlimlari.

    1. Belgilansinki:

    2021-yil 1-apreldan boshlab, barcha respublika darajasidagi davlat organlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining ijro intizomiga
    masʼul boʻlinmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish
    masalalari majburiy tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijro intizomini taʼminlash shoʻbasi bilan kelishiladi;

    2021-yil 1-maydan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida ijroni nazorat qilish, nazorat kartotekalarini yuritish va hisobotlarni shakllantirish faqat “Ijro.gov.uz” tizimida amalga oshiriladi;

    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi boʻyicha
    yillik manzilli va tematik tahliliy oʻrganishlar dasturi Adliya vazirligi tomonidan Hisob palatasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar takliflari asosida ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

    1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmasi 2021-yil 15-martga qadar mazkur farmon talablarini inobatga olgan holda, davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklari apparatlarining rahbarlari va mutaxassislarini oʻqitish, malakasini oshirish, shuningdek, stajirovka hamda amaliy seminarlar oʻtkazishni tashkil etish yuzasidan yagona tizimni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks choralarni ishlab chiqsin.
    2. Adliya vazirligi:

    bir oy muddatda “Ijro.gov.uz” tizimi faoliyat koʻrsatishini taʼminlash boʻyicha;

    ikki oy muddatda amaldagi qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    1. Mazkur farmonning oʻz vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
    2. Ushbu farmon ijrosi 2021-yil iyul va 2022-yil yanvar oylarida koʻrib chiqilsin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2021-yil 10-fevral