Prezidentimiz saylovlar qonunchilik talablari va xalqaro standartlarga toʻla mos holda oʻtishini taʼminlagan barcha darajadagi saylov komissiyalari, xususan, Markaziy saylov komissiyasiga alohida rahmat aytdi.
Saylovlar natijasida Qonunchilik palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 87 nafar yangi deputat saylandi.
Deputatlarning 11 nafari 35 yoshgacha, ilk bor yoshlar parlamentining 2 nafar vakili Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. Ayniqsa, deputatlarning 38 foizini ayollar tashkil etgani mintaqadagi eng yuqori koʻrsatkichdir.
Tariximizda ilk bor nogironligi boʻlgan fuqaromiz Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. Bu – parlamentimizni tom maʼnoda inklyuziv organga aylantirish, ushbu qatlam manfaatlarini yanada keng ifoda etish yoʻlida navbatdagi muhim qadam boʻlgani eʼtirof etildi.
Yangi tarkibda 63 nafar deputat qayta saylangani esa parlament ishida uzviylik va professionalizmni taʼminlashga xizmat qilishi qayd etildi.