Transport vositalarining bojxona chegaralari orqali vaqtincha olib kirilishi va belgilangan muddatlarda olib chiqib ketilishi ustidan bojxona organlari tomonidan nazorat mexanizmlari ishlab chiqilgan. Jumladan, amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq xalqaro yuk va yoʻlovchi tashishda qoʻllaniladigan xorijiy avtotransport vositasi Oʻzbekiston Respublikasi hududida transport operatsiyalarini amalga oshirish muddatida, lekin olib kirilgan sanadan eʼtiboran toʻqson kalendar kundan koʻp boʻlmagan muddatga bojxona bojlari va soliqlardan toʻliq ozod qilingan holda boʻlishi mumkin. Shunga qaramasdan, hozirgi kunda ayrim shaxslar tomonidan mazkur qonunchilik talablari qoʻpol ravishda buzilishi kuzatilib kelinmoqda.

Xususan, 2019-yil 2-iyun kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Daut-ota” chegara bojxona posti orqali Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Z.N boshqaruvidagi “SETRA 422215HD” rusumli avtobus “Avtotransport vositasini qaytarib olib chiqish toʻgʻrisidagi majburiyatnoma” asosida olib kirilgan boʻlib, hozirgi kunga qadar qaytarib olib chiqib ketilmaganligi aniqlandi. Shuningdek, mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida olib borilgan tadbirlar natijasida mazkur avtobus alohida qismlarga ajratilgan holda sotib yuborilganligi va dastlabki hisob kitoblarga koʻra ushbu avtotransport vositasiga 541 854 128 soʻmlik bojxona toʻlovlari toʻlanishi lozimligi maʼlum boʻldi.

Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.