Zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda qayta ishlash deganda, tarkibida bir yoki bir necha kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalar mavjud qattiq yoki suyuq aralashmalarni qo‘shimcha moddalardan tozalash (rafinatsiya) yoxud bunday aralashmada kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalar nisbatini ko‘paytirish, shuningdek, boshqa farmokologik aktiv moddalar bilan aralashtirish orqali ularning odam organizmiga ta’sirini kuchaytirish tushunilishi lozim.

Zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda olish deganda, ularni har qanday usulda olish, shu jumladan, sotib olish, hadya tariqasida yoki bajarilgan ish, ko‘rsatilgan xizmat yoki qarzni uzishda o‘zaro hisob-kitob vositasi sifatida olish, shuningdek, boshqa tovarlar yoki ashyolar bilan almashtirish, topilmani o‘zlashtirish tushunilishi lozim. Zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda saqlash deganda, shaxsning bunday moddalarga qonunga zid ravishda egalik qilish bilan bog‘liq qasddan sodir etilgan harakatlari (yonida, binoda, maxfiy joy va boshqa joylarda saqlashi) tushunilishi lozim. Bunda shaxs zaharli moddalarni qancha vaqt davomida qonunga xilof ravishda saqlaganligi ahamiyat kasb etmaydi.

Zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda tashish deganda, ularni har qanday transport turidan yoki tashish vositasi sifatida qo‘llanilgan qandaydir obyektdan foydalangan holda bir joydan boshqa joyga, shu jumladan, bir aholi punkti doirasida ko‘chirish, shuningdek, qayd etilgan vosita va moddalarni bunday faoliyat turi bilan shug‘ullanishga litsenziyasi bo‘lgan yuridik shaxsning mas’ul shaxsi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibni buzgan holda tashish tushunilishi lozim. Zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda jo‘natish deganda, shaxsning pochta aloqasi, havo yoki boshqa transport turidan foydalanib, ularni pochta jo‘natmalari, posilkalar yoki yuk (bagaj) sifatida, shuningdek, o‘zi bevosita ishtirok etmagan holda boshqa shaxs orqali qonunchilikda belgilangan tartibni buzgan holda ko‘chirishga qasddan qaratilgan harakatlari tushunilishi lozim. Bunda ushbu qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik shaxsda kelgusida mazkur moddalarni qonunga xilof ravishda o‘tkazish qasdi mavjud bo‘lganidagina, vujudga keladi.

Zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda o‘tkazish deganda, ularni har qanday usulda haq evaziga yoki tekinga (sotish, hadya etish, almashtirish, qarzi evaziga berish yoki qarz sifatida berish va h.k.) boshqa shaxsga berish tushunilishi lozim. Bunda moddalar shaxs tomonidan bevosita yoki boshqa usulda (masalan, ular saqlanadigan joy haqida xabar berish, shartlashilgan joyga qo‘yib ketish) amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021 yil 27 noyabrdagi “Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bogʼliq jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘gʼrisida”gi 33-son Qarorining 1-bandida, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoxud psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bogʼliq jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishda, sudlar jinoyat va jinoyat-protsessual qonunlari bilan bir qatorda quyidagilarga amal qilishlari lozimligi belgilangan:

O‘zbekiston Respublikasining «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘gʼrisida»gi Qonuniga;

O‘zbekiston Respublikasining «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tO‘gʼrisida»gi Qonuniga;

Kuchli taʼsir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi 818-sonli qaroriga 1-ilova);

Yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish faoliyati litsenziyalanishi shart bo‘lgan portlovchi va zaharli moddalar, ularni qo‘llagan holda materiallar va mahsulotlar, shuningdek, portlatish vositalari ro‘yxatiga (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabrdagi 782-sonli qaroriga 1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 5 oktyabrdagi 566-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 12-noyabrdagi 330-sonli qarori bilan tasdiqlangan quyidagi ro‘yxatlarga:

O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi taqiqlangan giyohvandlik vositalarining ro‘yxati (I ro‘yxat);

O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi cheklangan giyohvandlik vositalarining ro‘yxati (II ro‘yxat);

O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi cheklangan psixotrop moddalarning ro‘yxati (III ro‘yxat);

O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi cheklangan prekursorlarning ro‘yxati (IV ro‘yxat) [4].

Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallash (JK 251-modda) hamda Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish (JK 2511-modda) jinoyatlarining predmetini kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalar tashkil etadi.

Odam organizmiga toksikologik (zaharlovchi) taʼsir ko‘rsatuvchi moddalar zaharli moddalar hisoblanadi. Tibbiy nuqtai nazardan, zaharli moddalarning hatto kichkina dozalarda isteʼmol qilinishi odam o‘lishiga yoki uning sogʼligʼiga ogʼir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin [5].

Milliy qonunchiligimizda aynan qaysi moddalar giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoxud psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalar hisoblanishligi aniq belgilab qo‘yilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son Qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona nizomning
29-ilovasidagi Portlovchi va zaharli moddalarni, ularni qo‘llagan holda materiallar va mahsulotlarni, shuningdek, portlatish vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash pasportning 12-pozitsiyada zaharli moddalarning ayrim turlarigina sanab o‘tilgan.

Yuridik adabiyotlarda [6,7] bu kabi jinoyat uchun jazo tayinlash masalasini takomillashtirishga alohida eʼtibor qilinadi. Masalan, L.V.Gotchina va V.V.Semenovalar aholi salomatligiga tahdid soluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi ortib borayotganligi, narkologik kasalliklarga chalinganlarning koʼpayotganligi qayd etilgan masalani oʼrganishga ehtiyoj mavjudligini qayd etishganlar [9]. Biz ham bugungi kunda mamlakatimizda kuchli taʼsir qiluvchi va zaharli moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bogʼliq jinoyatlarning soni kamaymayotganligi, aholi orasida ularga tobelik ortib borayotganligi, huquqni qoʼllash amaliyotida ushbu turdagi va unga turdosh boʼlgan boshqa jinoyatlarni sodir etayotgan shaxslar tomonidan yana ushbu jinoyatlar qayta sodir etilish holatlari kuzatilayotganligini hisobga olgan holda bu turdagi jinoyatlar uchun jazo tizimini belgilash va ularni tayinlash tizimini takomillashtirish borasidagi ishlarni davom ettirishga zarurat mavjud, deb hisoblaymiz.

А.V.Fedorov kuchli taʼsir qiluvchi va zaharli moddalarning ijtimoiy xavfi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning ijtimoiy xavfidan kamroqligi haqida faqatgina shartli ravishda gapirish mumkinligi, zero, ayrim hollarda, ayniqsa zaharli moddalarning noqonuniy muomalasi juda yuqori xavfga ega ekanligi hamda halokatli oqibatlarga (masalan, aholining ommaviy zaharlanishiga) olib kelishi mumkinligi haqida soʼz yuritgan [1].

I.V.Lezenkova ham kuchli taʼsir qiluvchi va zaharli moddalarning noqonuniy muomalasidan kelib chiqadigan oqibatlar giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi natijasida yuzaga keladigan oqibatlar bilan bir xil boʼlishi mumkinligini bildirgan [2].

Amaldagi qonunchiligimizda zaharli moddalarning miqdor ko‘rsatkichlari belgilab qo‘yilmagan. Shu sababdan ham shaxslar zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik uchun faqatgina JK 2511-moddasi 3-qismi bilangina aybdor deb topilishlari mumkin. Chunki O‘zbekiston Respublikasi Konsitutsiyasining 20-moddasida inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishligi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasi (Аybsizlik prezumptsiyasi) 3-qismiga ko‘ra, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014 yil 23 maydagi “Sud hukmi to‘g‘risida”gi 7-sonli qarorining 4-bandiga asosan, ish bo‘yicha hukm ish materiallarida maʼlum bo‘lib qolgan barcha kamchiliklar to‘ldirilgandan keyingina chiqarilishi mumkin. Ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerak. Sudlanuvchini jinoyatni sodir qilganligini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan har bir dalil, JPKning 95-moddasiga muvofiq ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozim.

Bundan tashqari JPK 455-moddasiga muvofiq, hukm ishning haqiqiy holatlari unda kerakligicha to‘la va yuz berganiga haqiqatan monand tarzda aniqlangan bo‘lsa, asosli deb eʼtirof etiladi.

Hukm aybdorga nisbatan jazo yoki boshqa taʼsir chorasi u sodir etgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi va uning shaxsi eʼtiborga olinib tayinlangan bo‘lsa, aybsiz shaxs esa oqlangan va reabilitatsiya etilgan bo‘lsa, adolatli deb eʼtirof etiladi.

Аyblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi. Аyblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarini tekshirish, ish materiallarida maʼlum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozim (JPK 463-modda).

Lekin sud amaliyotida buning aksini ko‘rishimiz mumkin.

Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tumani sudining 2024 yil 20-sentabrdagi 1-1511-2401/224-son jinoyat ishi [3] bo‘yicha hukmiga muvofiq sudaluvchilar “F.D.T.” hamda “I.F.I.”lar JK 2511-moddasi 3-qismi (eski tahrirda)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilgan/

Iqtiboslar:

  1. А.В.Федоров. Сильнодействующие и ядовитые вещества как предмет преступления в настоящее время и до 1917 года (ст. 234 УК РФ) // Наркоконтроль. 2008. № 1. с. 9-19.
  2. И.В.Лазенкова. Уголовная ответственность за незаконный оборот сильнодействующих или ядовитых веществ в целях сбыта: дисс. ... канд. юрид. наук.– М.:, 2015. - с. 140.
  3. https://public.sud.uz
  4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021 yil 27 noyabrdagi “Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bogʼliq jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘gʼrisida”gi 33-son Qarori
  5. X.Rustambayev O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga sharhlar. Maxsus qism. – Toshkent: “Yuridik adabiyotlar publish”, 2021. – 744 b
  6. Рахматулин З.Р. Вопросы назначения ограничения свободы за преступления, совершенные в состоянии алкогольного или наркотического опьянения, а также связанные с незаконным оборотом наркотических средств, психотропных и сильнодействующих веществ / Вестник Сибирского юридического института ФСКН России. № 3 (16). 2014. – с. 145-149. Готчина Л.В., Семенова В.В. Назначение наказания, за совершение преступлений в сфере склонения к потреблению средств и веществ, представляющих угрозу здоровью населения / Вестник Санкт-Петербургского университета МВД России. № 4 (80). 2018 – с. 77-85.
  7. Sh.Odilov. Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish jinoyatining kvalifkatsiyasi va jazo tayinlash masalasi / “Eurasian Journal of Academic Research” jurnali. 2022. V 2. (https://doi.org/10.5281/zenodo. 6559883) va boshqalar.

 

Ҳамидов Нурмуҳаммад Ориф ўғли,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi

kurashish kafedrasi professori vazifasini bajaruvchisi,