Oʻtgan besh yilda Oʻzbekiston Parlamentlararo ittifoq, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti parlament assambleyalariga aʼzo boʻldi, Shanxay hamkorlik tashkilotining xotin-qizlar forumi, Markaziy Osiyo davlatlari ikkinchi parlamentlararo forumi kabi xalqaro tadbirlarga mezbonlik qildi.
Davlatimiz rahbari xalqaro parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida quyi palatada qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uygʻunlashtirish hamda iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish masalalari boʻyicha parlament komissiyalari tashkil etishni taklif qildi.
Yangi tuzilayotgan parlament komissiyasi tashabbusni qoʻlga olib, qonunlarimizni Jahon savdo tashkiloti qoidalariga toʻliq moslashtirishni kelgusi yilda yakuniga yetkazishiga ishonch bildirildi.