Bugungi kunga Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi (lex.uz) da 35 mingdan ortiq qonunchilik hujjati mavjud. Qonunosti hujjatlarning koʻpligi qonunchilikdagi takrorlanishlarga, tafovut va chalkashliklarga sabab boʻlmoqda. Bu esa oʻz navbatida huquqni qoʻllash amaliyotini murakkablashtiradi, ulardan foydalanishda noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.

Shu kabi muammolarning dolzarbligini inobatga olgan holda Adliya vazirligi tomonidan barcha sohalarda qonunchilikni tizimlashtirish orqali qonunchilik bazasini qisqartirish yoki boshqa soʻz bilan aytganda kesib tashlash (“tartibga soluvchi gilyotina” usuli orqali) ishlari samarali yoʻlga qoʻyilgan.

Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hujjatlarni bekor qilishning fuqarolar va tadbirkorlar uchun amaliy ahamiyati quyidagilardan iborat:

birinchidan, fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan aynan qaysi hujjatdan foydalansa, toʻgʻri boʻladi degan savolga yechim topiladi;

ikkinchidan, huquqiy axborotdan foydalanishda va huquqshunos xizmatlari bilan bogʻliq sarf-xarajatlar qisqarishiga xizmat qiladi;

uchinchidan, qonunchilikdagi takrorlanishlar va tafovutlarning bartaraf etilishiga olib keladi.

Hozirda vazirlik tomonidan qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirishning ikkinchi bosqichi boshlangan boʻlib, unda qonunchilik hujjatlari sohalar kesimida birlashtiriladi.