Ayni kunlarda ushbu bozordagi doʻkonlarni qisqa muddatda toʻliq qayta tiklash boʻyicha ishlar ketyapti. Ushbu ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun hududda Fargʻona viloyati hokimligi shtabi ham tashkil etilgan.
Viloyatdagi qurilish tashkilotlari koʻmagida 2000 nafardan ziyod hasharchi, kerakli jihoz va texnika vositalari jalb etilgan holda bozor hududida dastlab tozalash ishlari olib borildi. Shuningdek, qurilish va uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan bozorning yangi loyihasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Hojiqoʻzijon Isaqovga koʻra, qurilish ishlarini oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi har kuni monitoring qilinib, tegishli tavsiyalar berib borilyapti.
“Rejaga koʻra, bozor hududida 977 ta savdo doʻkoni qurib bitkaziladi. Buning uchun 37 ta qurilish-pudrat tashkilotlari jalb etilgan”, – deydi hokimlik mutasaddisi.