Qariyb 700 gektardan ziyod maydonda joylashgan “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida bugunga qadar 100 ga yaqin loyihalar ishga tushirilgan boʻlib, korxonalarning bu yilgi eksport hajmi 55 mln AQSH dollaridan kam boʻlmasligi reja qilingan.
“Kokand Bicycles” xususiy korxonasi taʼsischisi Muhsinbek Abdurahimov ham EIZ hududida 2018-yilda ish boshlagan. Unga qadar Qoʻqon shahrida oʻz hovlisida velosipedlarni yigʻish bilan shugʻullanib kelgan. Oʻtgan 2020-yilda bu korxonada MBF markasi ostida 170 mingdan ziyod velosiped ishlab chiqarilgan. Mahalliylashtirish darajasi 56-57 foizni tashkil etadi. Hozirda 200 nafar ish oʻrni yaratgan tadbirkor yil boshidan Qirgʻizistonga 700 ming AQSH dollari hajmida velosipedlar eksportini amalga oshirgan. Qirgʻiz delegatsiyasi aʼzolari korxonadagi ishlarning borishini katta qiziqish bilan kuzatdilar.
Shundan soʻng erkin iqtisodiy zonadagi “Great KOKAND” korxonasiga borildi. Bu yerda tayyorlanadigan mahsulotlarning 40 foiz xom ashyosi mahalliylashgan. Qurilish industriyasi, toʻqimachilik hamda oziq-ovqat sanoatlari kabi tarmoqlarda juda katta talab mavjud boʻlgan qadoqlash vositalari bu yerda ishlab chikariladi. Loyiha uchun 3 mln AQSH dollari sarflangan. Batkenlik ishbilarmonlar loyihani hayotga tadbiq etish bilan bogʻliq jarayonlarni eʼtibor bilan oʻrgandilar.
Qirgʻiziston delegatsiyasidan oʻrin olgan tadbirkorlar “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi korxonalari bilan hamkorlik qilish borasida dastlabki kelishuvlarga erishdilar.