Qoʻqon shahrida belbogʻli kurash boʻyicha Oʻzbekiston Prezidenti sovrini uchun jahon chempionati oʻtkaziladi

    Sport 21 May 2022 646

    25-27-may kunlari Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida belbogʻli kurash boʻyicha 2005-2006-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar va qizlar oʻrtasida Oʻzbekiston Prezidenti sovrini uchun jahon chempionati oʻtkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Musobaqa Sportni rivojlantirish vazirligi, Jahon belbogʻli kurash assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi va Fargʻona viloyati hokimligi koʻmagida tashkil etilmoqda.

    Muqimiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida boʻlib oʻtadigan mazkur chempionatda yurtimiz vakillaridan tashqari Rossiya, Belarus, Moldova, Gruziya, Ozarbayjon, Ruminiya, Isroil, Hindiston, Moʻgʻuliston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi 20 ga yaqin davlatdan qariyb 300 nafar sportchilar ishtirok etishi kutilmoqda.

    Qoʻqon shahri mezbonlik qiladigan ushbu jahon chempionati belbogʻli kurash qoidalariga koʻra oʻtkazilib, unda oʻsmirlar 42, 45, 50, 55, 60, 65, 71, 77, 85, 95 kg hamda 95 kilogrammdan yuqori vazn toifalarida bellashsa, qizlar 44, 48, 52, 57, 63, 70 kg va 70 kilogrammdan yuqori vaznlarda gʻoliblik uchun bahs olib boradi.

    “Qoʻqon va sport” shiori ostida boʻlib oʻtadigan jahon chempionatining umumiy mukofot jamgʻarmasi 216 million soʻmni tashkil qiladi.