Qo'qon shahar hokimi Marufjon Usmonov mutasaddilarga 24 soat xizmat ko'rsatadigan Bodomzor ko'chasi loyihasini ishlab chiqish, ko'chani obodonlashtirish, fuqarolarga milliy gastronomik turizm ko'chasi mazmun-mohiyatini yetkazish, loyihaga sohada tajribaga ega tadbirkorlarni jalb etish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.
Davlatimiz rahbarining "Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qaroriga asosan, mamlakatimizda 24 soat faoliyat ko'rsatadigan savdo, ko'ngilochar, gastronomik, turizm va san'at yo'nalishlariga ixtisoslashgan maxsus savdo va ko'ngilochar ko'chalarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Vazirlar Mahkamasining “Qo'qon shahrida II Xalqaro hunarmandchilik festivalini tashkil etish va o'tkazish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida esa Qo'qonda yangi kafe va restoranlar tashkil qilish, zamon talablari asosida milliy uslubdagi umumiy ovqatlanish xizmatlarining ko'rsatilishini ta'minlash belgilangan.