Mazkur festival doirasida Qoʻqon shahrida tashkil etilgan “Maqom kechalari” konsert dasturi madaniyat va sanʼatimizga ehtirom tadbiri sifatida minglab ishtirokchilarga manzur boʻldi.
Maqom musiqa ijodiyotining boshqa turlaridan badiiy mukammalligi, kuy hamda shakl tuzilishlari, lad va usul tizimlari hamda ilmiy va amaliy asoslari puxta ishlangani bilan farq qiladi. Maqom musiqa, sheʼriyat hamda raqs sanʼatlarini mujassamlashtiruvchi mushtarak badiiy durdonadir. Oʻzbek milliy maqom sanʼatini keng targʻib qilish, yosh avlod qalbida milliy mumtoz sanʼatimizga hurmat va eʼtibor tuygʻularini kamol toptirish muhim vazifalardan sanaladi. Prezidentimizning tashabbusi bilan har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom sanʼati festivali oʻtkazilmoqda.
Furqat bogʻida tashkil etilgan tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Qoʻqon shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov barchani maqom kechasi bilan tabrikladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan konsert dasturi Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Fargʻona mintaqaviy filiali oʻqituvchi hamda talabalaridan tashkil topgan “Yangi Oʻzbekistonning yoshlar ansambli” tomonidan ijro etildi.
Maqom sanʼatining tajribali hamda yosh namoyondalari jonli ijroda kuylagan mumtoz kuylarning yorqin namunalari kishilar ruhiyatiga koʻtarinkilik baxsh etdi, ularning qalbida ezgulik, yurtparvarlik, mehr-oqibat kabi goʻzal tuygʻularni uygʻotdi. Konsert dasturida Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Munojat Yoʻlchiyeva, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Salohiddin Azizboyevlar ijro etgan mumtoz qoʻshiqlar dillarga xushnudlik ulashdi, deya xabar beradi OʻzA.