Davlatimiz rahbari qora metallurgiya qurilish, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, mashinasozlik, energetika va elektrotexnika kabi jami 50 milliard dollarlik iqtisodiyot tarmoqlari uchun asosiy xomashyolardan biri ekanini taʼkidladi.

Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazib, yalpi ichki mahsulotni 2030-yilda 240 milliard dollarga yetkazish uchun yiliga kamida 8-9 foizli oʻsishni taʼminlash zarur. Mazkur jarayonda metallurgiya sanoati barqaror xomashyo bazasi, raqobatbardosh mahsulot va zamonaviy texnologiyalarga tayanishi shart.

Shu bilan birga, sohada importga bogʻliqlik, tannarx va energiya sarfining yuqoriligi, raqamlashtirish va sunʼiy intellektni joriy qilish boʻyicha natijalar yetarli emasligi koʻrsatib oʻtildi. Jahondagi ziddiyatlar va asosiy transport yoʻlaklaridagi logistika muammolari sharoitida ayni masalalar yanada dolzarb ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Soʻnggi oʻn yilda mamlakatimizda poʻlat list, navli prokat, quvurlar va metall konstruksiyalarga ehtiyoj 3 karra ortib, 5,5 million tonnaga yetdi. Yangi qurilayotgan atom elektr stansiyasi, Toʻrtinchi mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodining oʻziga 2,5 million tonnaga yaqin poʻlat list va armatura kerak boʻladi.

Kelgusi besh yilda 180 milliard dollarlik yangi quvvatlar ishga tushiriladi, 27 milliard dollarlik infratuzilma loyihalari amalga oshirilib, 800 ming xonadonli koʻp qavatli uy-joylar barpo etiladi. Buning natijasida metall mahsulotlariga yillik ehtiyoj 2030-yilgacha 1,5 barobar koʻpayib, 8 million tonnadan oshadi.

Bugungi kunda Bekobod metallurgiya kombinati metall prokatning 40 foizini ikkilamchi metaldan, 60 foizini import hisobidan ishlab chiqarmoqda. Respublika boʻyicha har yili 700 ming tonna qora metallolom kombinatga topshirilayotgan boʻlsa-da, yana 500 ming tonna metallolom xufiyona aylanmada qolmoqda.

Shu bois, qora metall aylanmasi bilan bogʻliq barcha jarayonlar elektron platforma orqali real vaqt rejimida monitoring qilinadi. Sohada sogʻlom raqobat muhiti va narx barqarorligini taʼminlash, taʼsirchan nazorat mexanizmlarini oʻrnatish uchun Hukumatda alohida Loyiha ofisi tashkil etiladi. 1-avgustdan “E-lom” elektron platformasini ishga tushirib, qora metall aylanmasini nazoratga olish topshirildi.

Mamlakatimizda 1,5 milliard tonna temir ruda zaxirasi mavjud. “Surun-ota” konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosini olish boʻyicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan. Shuningdek, “Tebinbuloq” konini ishga tushirish orqali yiliga 1 million tonna poʻlat ishlab chiqarish imkoni yaratilishi, Tojikiston metallurgiya kombinatidan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosini olib kelish boʻyicha shartnomani rasmiylashtirishni tezlashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Yirik xususiy korxonalar geologiya-qidiruv ishlari, konlardan xomashyo qazib olish va tayyor mahsulotgacha boʻlgan toʻliq texnologik zanjirni tashkil etishga tayyor ekani taʼkidlanib, buning uchun ularga sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari temir sifatini oshirish uchun marganes va ferrosilitsiy xomashyosiga ham talab ortishini taʼkidladi. Mutasaddilarga istiqbolli maydonlarni sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilib, temir va uni boyitishga zarur minerallar zaxirasini koʻpaytirish boʻyicha geologiya dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Metallurgiya sohasida 150 ga yaqin oʻrta va kichik xususiy korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ularni xomashyo bilan barqaror taʼminlash maqsadida chetdan xomashyoni markazlashgan holda olib kelish boʻyicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu kompaniyaga 200 million dollar ajratiladi, import xomashyo faqat birja orqali sotiladi.

Yigʻilishda metall mahsulotlari assortimentini kengaytirish, yirik kombinatlar va xususiy korxonalar oʻrtasida kooperatsiyani kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bugun ishga tushirilgan Quyuv-prokatlash majmuasi hisobiga avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xoʻjaligi texnikalari, qurilish materiallari sohalarida 1,5 milliard dollarlik mahsulotlarni oʻzimizda ishlab chiqarish imkoniyati yaratilmoqda.

Mutasaddilarga choksiz quvur, sovuq prokat, metalni 3D usulda bosib chiqarish va yuqori aniqlikda ishlov berish boʻyicha loyihalar toʻplamini tayyorlash topshirildi.

Bekobod metallurgiya kombinatidagi 90 gektar maydonda tayyor infratuzilmaga ega “Oʻzbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki” tashkil etiladi. U yerda qora metallar boʻyicha R&D markazi va xalqaro sertifikat beradigan zamonaviy laboratoriya ishga tushiriladi.

Shuningdek, Samarqand, Jizzax, Namangan va Sirdaryodagi yirik metallurgiya korxonalari atrofida jami 100 million dollarlik kooperatsiya loyihalari dasturini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Bu hududlarda qoʻshilgan qiymat zanjirini kengaytirish va yangi mahsulotlarni mahalliylashtirishga xizmat qiladi.

Yigʻilishda metallurgiya sanoatida raqamlashtirish va sunʼiy intellektni joriy etish masalasi ham muhokama qilindi. Olmaliq kombinatida sunʼiy intellekt orqali operatsion xarajatlar, tannarx va energiya sarfini kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish boʻyicha natijalar borligi qayd etildi.

Metallurgiya korxonalarida sunʼiy intellekt va raqamlashtirish orqali uskunalardan foydalanish samaradorligini 20 foizga oshirish, tannarxni 10 foiz, energiya sarfini 15 foiz, texnik xizmat xarajati va texnologik uzilishlarni 20 foizga qisqartirish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi.

Metallurgiya sanoatiga “aql markazi” sifatida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi belgilandi. Shuningdek, sohaga Navoiy va Olmaliq kombinatlarining ilmiy markazlari, Texnologik metallar kombinatining “Oʻzbekiston – Koreya” ilmiy-texnologik markazi, Toshkent texnika universiteti, Navoiy konchilik va texnologiyalar universiteti, Olmaliq texnika instituti hamda “Moskva poʻlat va qorishmalar instituti”ning Olmaliq filiali biriktirildi.

Ushbu ilmiy muassasalar va oliygohlar yangi turdagi materiallarga talabni, uni qoplash uchun qaysi hududda qanday loyiha qilish va qanday texnologiyadan foydalanish zarurligini, qaysi yoʻnalishlarda kadr tayyorlash kerakligini tahlil qiladi. Har bir hudud kesimida bir yillik, uch yillik va besh yillik dasturlar ishlab chiqiladi.

Yangi oʻquv yilidan Bekobod kombinatida qora metallurgiya boʻyicha kafedra ochilib, dual taʼlim yoʻlga qoʻyiladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga metallurgiya sohasidagi muammolarni bir joyga jamlaydigan raqamli platformani ishga tushirish topshirildi. Ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va amaliyotga joriy qilish boʻyicha venchur fond tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari sohada “texnologik sakrash” qilish zarurligini taʼkidlab, qora metallurgiyada xomashyo bazasini kengaytirish, importga qaramlikni kamaytirish, raqamlashtirish va sunʼiy intellektni keng joriy etish, yangi mahsulotlarni mahalliylashtirish hamda xususiy sektor bilan kooperatsiyani kuchaytirishni asosiy vazifalar sifatida belgilab berdi.

Yigʻilishda soha mutasaddilari va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.