Mamlakatimizda so'nggi yillarda yurtimizda aholini, ayniqsa, yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning sog'lom hayot kechirishlarini ta'minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog'lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni buning yorqin tasdig'idir.
Aslida sport, yosh avlodning sog'lom va barkamol bo'lib voyaga etishida hal qiluvchi o'rinni egallaydi. SHuning uchun ham, har tomonlama etuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, iste'dodli yoshlarimizni jamiyatimizning tayanchi hamda yurtimizning istiqbolli ertasi deya baralla ayta olamiz.
Buxoro viloyatining Qorako'l tumanidagi barcha mahalla fuqarolari yig'inlarida, o'z faoliyatini endigina boshlagan “Street workout” sport maydonchalari ham, yoshlarimizning sog'lom va barkmol bo'lib kamolga etishida, kelajakdagi istiqbolli yo'llari va hayotida muhim omil bo'lib xizmat qiladi.
Qorako'l tumanida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish bo'yicha chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar izchillik bilan olib borilmoqda.
Tuman hokimining tashabbusi bilan hududlarda street workout bilan shug'ullanish uchun mavjud 50 ta mahallada sport maydonchalari tezkor su'ratlarda barpo etildi.
Xo'sh, Street workout degani nima o'zi? Bu so'zning ma'nosi, ko'chada o'z tanangizni rivojlantirish bo'yicha mashqlar, degan ma'noni anglatarkan va deyarli har bir narsani trenajyorlar sifatida ishlatish mumkin ekan: bruslardan boshlab boshqa mashq qilinuvchi ”vorkauter”gacha.
Belgilangan dasturga ko'ra, hududdagi har bir mahalla fuqarolar yig'inlari hududida yoshlarning taklif va istaklaridan kelib chiqqan holda yangi konstruktsiyalar asosida xuddi shunday maxsus joylar tashkil etildi.
Ayniqsa, qishloq joylarida yashovchi yigit-qizlar bunday sa'y-harakatlardan mamnun.
-Yoshlarimiz o'z oldiga katta marralarni qo'yib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlarni yaratish va har tomonlama ko'mak berish – barchamiz uchun eng ustuvor vazifadir. Shundagina farzandlarimiz barkamol, izlanuvchan, ilmli va qudratli kuchga aylanib boraveradi, – deydi Qorako'l tuman hokimi SHerali Salomov. – Bunday sport maydonchalarining afzalligi shundaki, mahallalarning aholi gavjum nuqtalarida, ayniqsa, qo'p qavatli uylar oldida yoshlarning jismoniy faolligini oshirish imkoniyati paydo bo'ldi Bu, yoshlarga berilayotgan ulkan imkoniyatlarning bir qismidir. Bugun yangi ishlarga, tadbirkorlik sohalariga jalb etilayotgan yoshlar o'zining mahallasida sport targ'ibotida ham faol bo'lishi shart.
Bizning asosiy vazifalarimizdan biri tumanimiz yoshlarini sport mashg'ulotlariga muntazam jalb etishdan iboratdir. Zero, sog'lik bu eng katta boylik. Kelajagimizning istiqbolli ertasi bo'lgan tumanimiz o'g'il-qizlarining har tomonlama yetuk, barkamol va sog'lom bo'lib voyaga etishlarida sport bilan shug'ullanishlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Darhaqiqat, Qorako'l tumannning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan bu kabi sa'y-harakatlar ommaviy sportning inson va oila hayotidagi muhim omil ekanligini yana bir bor isbotlaydi.
Binobarin, farzandlarimizga sportning, jismoniy va ma'naviy sog'lomlikning asosiy omili ekanligini teran anglatish, targ'ib qilish esa har birimizning burchimizdir.
Hayotga bir olam ezgu umilar bilan kirib kelayotgan o'g'il-qizlarimizni zararli illatlardan asrash, yot g'oyalar ta'siridan himoyalash, sog'ligini muhofazalash, o'z iste'dodlarini ro'yobga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish hamda ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish ham maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish borasidagi muhim qadamlardan sanaladi.
Gulichehra DURDIEVA