Zamonaviy taʼlimning barcha muhim shart-sharoitlariga ega boʻlgan 720 oʻrinli maktab-majmua qurilishiga Investitsiya dasturi doirasida 45 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarflangan.

– Faoliyatiga 10 yildan oshiq vaqt oʻtgan boʻlsada, shu paytga qadar shaxsiy oʻquv binomiz yoʻq edi, — deydi maktab direktori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Temur Roʻziyev. — Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, bizga yangi maktab qurib berildi. Bu yerda oʻqish uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo. Sinf xonalari jahon andozalariga mos jihozlangan. Yangi binoda 320 oʻrinli yotoqxonadan tashqari, kutubxona, muzey, faollar zali va 50 oʻrinli mehmonxona ham mavjud.

164-ixtisoslashtirilgan litsey, Qorakoʻl tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internati, Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-akademik litsey kabi shakllarda faoliyat yuritgan maskan 2009-yilda 52-sonli “Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabi” koʻrinishida tashkil etilgan. Buxoro viloyati hokimining buyrugʻi bilan 2014-yil 1-sentyabrdan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi 1-son “Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internati”ga aylantirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-avgustdagi “Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida “Xalqaro matematika maktabi”ni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan Xalqaro matematika maktabi sifatida qayta tashkil etildi.

Xalqaro matematika maktabida oʻquvchilar 3 ta – texnika (matematika-fizika), iqtisodiyot (matematika-ingliz tili) hamda tabiiy (kimyo-biologiya) fanlari boʻyicha bilim oladi. Maktabga oʻquvchilar 7-sinfdan qabul qilinadi. Talabgor oʻquvchi ikki marotaba imtihon topshiradi. Birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchi ikkinchi sinovga hozirlik koʻradi. Har ikki jarayon ham oʻquvchilarning ota-­onalari yoki yaqinlari ishtirokida oʻtadi va talabgorlar olgan baho shu kunning oʻzidayoq eʼlon qilinadi. Bu esa, tabiiyki, qobiliyatli, zukko, bilimga chanqoq yoshlarni saralab olishga imkon beradi. Kelajakda shu yerning oʻzida oliy taʼlim muassasasini tashkil etish va zamonaviy klaster usulida kadrlar tayyorlash rejalashtirilyapti.

Maktabning ochilish marosimida taʼlim maskani bunyodkorlariga “Sharq plyus” korxonasi rahbariyati va jamoasiga alohida ehtirom koʻrsatildi.

Shundan soʻng joriy yilda oʻtkazilgan respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan buxorolik oʻquvchilar, ularning oʻqituvchilari va maktab direktorlari munosib taqdirlandi, deb xabar beradi Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun, Xalqaro matematika maktabini 2019—2020 oʻquv yilida bitirgan 48 nafar oʻquvchining barchasi oliy taʼlim muassasalariga talabalikka tavsiya etildi. Maktab oʻquvchilari xalqaro olimpiadalarda 4 ta oltin, 7 ta kumush, 5 ta bronza medallarni qoʻlga kiritishdi. Nafosat Joʻrabekova, Sevara Ostonova kabi iqtidorli oʻquvchilar Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi boʻlishgan boʻlsa, Doniyor Ismoilov, Anvarbek Rahmatov kabi isteʼdodli yoshlar “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Joriy yil 8-12-yanvar kunlari Qozogʻiston Respublikasining Olma-ota shahrida masofaviy tarzda matematika, fizika hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan 17-Xalqaro Jautikov olimpiadasi tashkil etildi. 21 davlatdan 146 ta jamoa tarkibida jami 1 006 nafar ishtirokchi qatnashgan ushbu olimpiadada 14 nafar oʻzbekistonlik oʻquvchi munosib ishtirok etib, 1 ta oltin, 2 ta kumush hamda 11 ta bronza medali qoʻlga kiritdi. Eng quvonarlisi shundaki, gʻolib va sovrindorlardan 4 nafari aynan qorakoʻllik oʻquvchilardir. 12-17-mart kunlari oʻtkazilgan VI Xalqaro Kavkaz matematika olimpiadasi ham qorakoʻllik oʻquvchilar uchun omadli keldi. Jumladan, Olimjon Olimov kumush medalga, Doniyor Ismoilov bronza medalga sazovor boʻldi. 14-24-iyul kunlari esa Rossiya Federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan Xalqaro olimpiadada Olimjon Olimov bronza medaliga, Doniyor Ismoilov imtiyozli diplomga ega chiqdi.