Qorakoʼlchilik sohasida eksport salohiyati oshmoqda

    Respublikamizdagi yaylov yer maydonlarida 47 ta qorakoʼlchilik klasterlari faoliyati yoʼlga qoʼyilib, yaylov maydonlari nol stavkada ijara asosida klasterlarga ajratib berildi.

    Qorakoʼlchilik klasterlari tomonidan 8 129 ta xoʼjalik yurituvchi subʼektlar bilan ikkilamchi ijara shartnoma asosida kooperatsiyalar tashkil qilindi. 2021 yilda qorakoʼlchilik klasterlari tomonidan jami 175 ta investitsion loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʼlib, jami 47,2 mln. АQSh dollari miqdorida investitsiyalar jalb qilinishi koʼzda tutilgan boʼlib, natijada 42,5 ming yangi ish oʼrinlari yaratiladi.

    Sohada ozuqa bazasini mustahkamlash muhim oʼrin tutadi. Bugungi kunda respublikada mavjud yaylov maydonlarining 8 mln 300 ming gektari (48 foiz) hosildorligi turlicha pasaygan (degradatsiyaga uchragan). 2018 yilda Buxoro choʼl yaylov ozuqabop oʼsimliklari ilmiy ishlab chiqarish markazi tomonidan yaylovlar hosildorligini oshirish maqsadida Buxoro viloyatida 220 gektar, Jizzax viloyatida 10 gektar maydonda, 2019-2020 yillarda Qoraqalpogʼiston Respublikasi hamda Buxoro va Jizzax viloyatlarida 1 610 gektar urugʼchilik choʼl yaylov ozuqabop ekinlar birlamchi urugʼchilik maydonlari tashkil etildi.

    Qorakoʼl qoʼylari naslini yaxshilash maqsadida Navoiy viloyatining Konimex, Qashqadaryo viloyatining Gʼuzor, Qoraqalpogʼiston Respublikasining Taxtakoʼpir tumanlarida Qorakoʼlchilik ilmiy naslchilik tajriba stantsiyalari faoliyati yoʼlga qoʼyilgan. Аfgʼoniston Respublikasidan 2019 yilda 50 bosh, 2020 yilda 200 bosh nasldor qorakoʼl qoʼchqorlari olib kelindi hamda ulardan 1 800 bosh sovliqlar urugʼlantirilib, qora rang boʼyicha 4 ta, sur rang boʼyicha 2 ta selektsion otarlar tashkil etildi. 2020 yilda qorakoʼlchilik naslchilik MChJlari va naslchilik stantsiyalarida 33 ming bosh ona qoʼylarning 57 foizi sunʼiy urugʼlantirildi.15 ming bosh yuqori naslli qorakoʼl zotli qoʼylar tayyorlanib, aholi va fermer xoʼjaliklariga yetkazildi. Buxoro viloyatining Peshku tumanidagi “Jongeldi” MChJda soha olimlari tomonidan qora rangdagi Jongeldi zavod tipi yaratildi.

    2018 yili 92 ming dona qorakoʼl va qorakoʼlcha teri, 761 tonna jun xom ashyosi hamda 5 776 tonna goʼsht yetishtirilgan boʼlsa, 2019 yilga kelib, 102 ming dona qorakoʼl teri (110%), 853 tonna jun xom ashyosi (112%) hamda 6 410 tonna goʼsht (111%) yetishtirishga erishildi. 2020 yilda subʼektlar tomonidan 127 ming dona qorakoʼl va qorakoʼlcha teri, 2 668 tonna jun, 6 752 tonna goʼsht yetishtirib, bosqichma bosqich qayta ishlashni yoʼlga qoʼyish natijasida 2 224 tonna jun hamda 1 ming 788 dona qorakoʼl terili tayyor mahsulotlar ishlab chiqarildi.

    Mahsulotlar dunyoning koʼplab mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Eksport hajmi birgina 2020 yilda 1 320 ming АQSh dollarini tashkil qilgan. 2021 yilda hududlarda tashkil etilgan qorakoʼlchilik klasterlari negizida sanoat ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, chuqur qayta ishlashni yoʼlga qoʼyish va xom ashyo yetishtirishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish orqali 15 mln. АQSh dollarlik qorakoʼlchilik mahsulotlarini eksportga yoʼnaltirish rejalashtirilgan.

    Klasterlar tomonidan 2021 yilga kelib, jami 175 ta shundan, junni qayta ishlash boʼyicha 55 ta, qoʼy va qorakoʼl terini qayta ishlash boʼyicha 8 ta, granulali omuxta yem ishlab chiqarish boʼyicha 39 ta hamda 73 ta boʼrdoqichilik komplekslari va goʼshtni qayta ishlash boʼyicha investitsion loyihalar amalga oshiriladi. Shunga koʼra, ish oʼrinlari soni ham ortadi. 2020 yil sanoat loyihalari asosida jami 1 235 nafar yangi ish oʼrni yaratilgan boʼlsa, 2021 yilga kelib, bu koʼrsatkich 145,5 ming nafarni (70 foiz yoshlar) tashkil etishi rejalashtirilgan. Shundan 63 ming nafari doimiy va 82,5 ming nafari mavsumiy yangi ish oʼrinlaridir. Bu orqali hududlarda band boʼlmagan aholi bandligi taʼminlanadi.


    Olamgir Toshpoʼlatov,
    Respublika “Qorakoʼlchilik” uyushmasi raisi oʼrinbosari