Qorakoʻlda qayta taʼmirlangan quduqdan kuniga 100 ming kub metr tabiiy gaz va 1,5 tonna kondensat qazib olinmoqda

    Sanoat 14 Sentabr 2022 801

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Shimoliy Suzma” konining 1-sonli qudugʻida olib borilgan taʼmirlash ishlari ham muvaffaqiyatli yakunlandi.

    “Oʻzneftgazquduqtaʼmirlash” AJ mutaxassislari tomonidan quduqda qatlam suvini yoʻlini yopish va 2568-2563 va 2559-2557 metr oraligʻlarida qoʻshimcha perforatsiya qilish ishlari olib borildi.

    Oʻzlashtirish natijasida quduqdan oʻrtacha kunlik 100 ming kub metr sanoat miqyosida tabiiy gaz va 1,5 tonna gaz kondensati qazib chiqarilishiga erishildi, deya xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: “Shimoliy Suzma” gazkondensat koni Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida joylashgan boʻlib, 2018-yilda ishga tushirilgan.