Qorakoʻl tumani markazida koʻpdan kutilgan “Poykent” savdo majmuasini foydalanishga topshirish marosimi tantanaga aylandi. Mazkur zamonaviy majmua Buxoro viloyatini 2020-2021-yillarda kompleks rivojlantirish hududiy investitsiya dasturiga muvofiq mahalliy koʻp tarmoqli ishbilarmonlik subyektlardan biri “Muhabbat Xayr Saxovati” MCHJ rahbari, tadbirkor Komil Roʻziyev tashabbusi bilan zamonaviy loyiha asosida barpo etilgan boʻlib, umumiy qiymati 37 milliard soʻm mablagʻ sarflangan.
Tuman va uning markazi infratuzilmasini yaxshilash maqsadida bu manzilda keyingi ikki yilda qator loyihalar amalga oshirilgani ayni muddao, ammo ikki qavatdan iborat bu zamonaviy inshoot xalq taʼbiri bilan aytganda, “uzukka qoʻyilgan koʻz misoli” hudud qiyofasini yana-da koʻrkam qildi. Aholining talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda yaxlit majmua qurib foydalanishga topshirilgani savdo va xizmat koʻrsatish sohasida qoʻlga kiritilayotgan salmoqli yutuq desak, mubolagʻa emas.
Unda oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari, mebel va maishiy texnikalar, kafe va restoranlar, qurilish mollari, kiyim-kechak boʻlimlari, koʻngilochar oʻyinlar va kinoteatr zallari oʻrin olgan. Aytish mumkinki, bu majmua “Korzinka” yoki “Makro” kabi savdo tarmoqlarining oʻziga xos muqobili. Mahsulot assortimentining xilma-xilligi, xaridorlarning zarur barcha mahsulotni bir joyning oʻzidan topish imkonini berayotgani ular ortiqcha ovoragarchiliklari oldini oladi. Xaridorlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida inshoot oldida yirik avtoturargoh ham barpo qilingan.
— Bugungi kunda majmuaning ichki qismida turli hajmdagi 159 ta savdo va maishiy xizmat koʻrsatish doʻkoni tayyor holga keltirilgan boʻlib, tadbirkorlarga rasmiylashtirib berilgan, – deydi uning egasi Komil Roʻziyev. — Muhimi, zamonaviy majmua loyihasining qurib ishga tushirilishi natijasida bu yerda tijorat ishini amalga oshiruvchilardan tashqari 50 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.
“Poykent” savdo majmuasining tantanali ochilish marosimida viloyat hokimining oʻrinbosarlari Botir Shaxriyorov hamda Mirali Hamroyevlar, tuman mutasaddilari, sektor rahbarlari, mehnat faxriylari, hamda faollar ishtirok etib, qorakoʻlliklarni ana shunday savdo markazi bilan samimiy tabrikladilar.
Alvon lenta kesilib, mehmonlar savdo obyektida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va tadbirkorlarga yaratilgan shart-sharoit bilan ham yaqindan tanishdilar.
Shu kuni majmuaning ochilish marosimiga tashrif buyuruvchilarga muborak Roʻzai Ramazon oyi munosabati bilan iftorlik dasturxoni yozilgani, qolaversa, xalqimizning azaliy umuminsoniy qadriyatlari, mehr-saxovatining yorqin namunasi sifatida mahallalardagi “Temir daftar” roʻyxatida turuvchi 50 nafardan ziyod fuqaro taklif etilib, ularga ehtiyojlari uchun zarur qimmatbaho sovgʻalar, maishiy texnika buyumlari ulashilgani koʻpchilikni xursand qildi.
Tantanada poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli estrada xonandalari Lola Axmedova, Toʻlqin Jabborov, qolaversa, viloyat sanʼatkorlari, taniqli qiziqchi Ortiq Sultonovlar ham yigʻilganlarga bayramona kayfiyat ulashdilar.