Nukus shahrida II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali start oldi

    Ayni damda II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali oʻtadigan manzil — Nukus, baxshichilik sanʼati festivali shukuhi bilan yashamoqda.

    Anjuman munosabati bilan koʻplab mamlakatlardan baxshilar, sayyohlar va boshqa mehmonlar Nukusga kelishgan. I.Savitskiy muzeyi qarshisida har bir viloyat pavilyoni tashkil etilgan boʻlib tashrif buyuruvchi mehmonlar hududlarning milliy qiyofasi, qadriyat va anʼanalari bilan tanishish imkoniga ega boʻlishmoqda. Jumladan, baxshiyu jirovlarning dostonu oʻlan ijrolari koʻngillarni zabt etayotir.

    Maʼlumki, oʻzbek xalqining toʻy-tantanalari baxshilarning dostonu-termalarisiz oʻtmaydi. Dostonlarda asosan xalqimizning orzu-umidlari, ezgu-maqsadlari kuylanib, insoniy fazilatlar ulugʻlanadi. Shu bois, turli gʻoyaviy-badiiy yechimga ega dostonlar hamisha odamlar qalbidan chuqur joy oladi.

    Yurtimizning Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududlarida baxshichilik sanʼati azal-azaldan saqlanib, sayqallanib kelmoqda. Ayni kunlarda respublikamizda da ikkinchi marotaba oʻtkazilayotgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali xalq ogʻzaki ijodini ulugʻlash, uning mazmun-mohiyatini aslicha saqlash va kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Xalqaro miqyosdagi mazkur festivalni ӯtkazishdan asosiy maqsad, baxshichilik sanʼatining beqiyos ijro namunalarini jahon hamjamiyatiga namoyish etish, badiiy jihatdan boy boʻlgan ushbu sanʼat turini respublika va xalqaro miqyosda keng targʻib qilishdan iborat.