Qoraqalpogʻiston Respublikasi transport vaziriga intizomiy chora koʻrildi

    Mamlakatimizda 18 Oktabr 2022 813

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi transport vaziri Sultanbay Saparov Prezident boshchiligida oʻtkazilgan majlis bayonnomasiga muvofiq, Nukus shahri transport modelining Bosh rejasini ishlab chiqishni kechiktirgan.

    Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, 2022-yilda 50 dona avtobus sotib olish, 1 dona logistika markazi va 1 dona avtostansiya qurish, 2 dona temiryoʻl vokzalini rekonstruksiya qilish boʻyicha topshiriqlarni bajarmagan, deya xabar beradi Joʻqorgʻi Kenges axborot xizmati.

    Taʼkidlanishicha, vazir jamoat transportini rivojlantirish, eng chekka hududlarni jamoat transporti bilan qamrab olish, avtobus va mikroavtobuslar sotib olish, onlayn shaklda litsenziya berish, subsidiya olish, tenderlarni yelektron shaklda oʻtkazish boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosi yetarli darajada taʼminlanmagan.

    Shu bilan birga S.Saparov rahbar sifatida oʻz xizmat vazifalariga masʼuliyatizlik bilan qaragani natijasida transport sohasi boʻyicha norozilik murojaatlari bir necha barobarga ortib ketgan.

    Yuqoridagilarni inobatga olib Qoraqalpogʻiston Respublikasi transport vaziri Sultanbay Saparov oʻrta oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarimaga tortilgan.