Oʻsha kuni kechki payt ikki nafar 30 yoshli va bir nafar 29 yoshli, jami uch erkak Qonlikoʻl tumani Madaniyat MFY Sari-oltin koʻchasi chorrahasida 24 yoshli ayolni oʻgʻirlagan.
Ayol u payti uyiga qaytayotgan boʻlgan. Uchovlon ayolning orqasidan borib, uni tutib olib, kuch ishlatib, majburan “ Nexia-2” avtomashinasiga oʻtqazdirib, Qonlikoʻl tumani Boʻston OFYda joylashgan uyga, yaʼni uchala erkakning birining uyiga olib borgan.
Maʼlum boʻlishicha, sodir etilgan oʻgʻirlikdan maqsad ayolni uy egasiga, yaʼni uchala erkakning biriga majburan nikohlash boʻlgan.
Holat yuzasidan u ayol tuman IIB boshligʻiga ariza bilan murojaat qilgan. Hodisa joyiga tergov-tezkor guruhi xodimlari chiqib koʻzdan kechirish va boshqa tergovga qadar tekshiruv harakatlarini oʻtkazishgan. Oʻgʻirlik sodir etgan shaxslarning birining nomida boʻlgan “Nexia-2” rusumli avtomashina daliliy ashyo tariqasida olinib, tegishli tartibda muhrlangan.
Mazkur holat yuzasidan Qanlikoʻl tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 136-moddasi 1-qismi (Ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga toʻsqinlik qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib bormoqda, deb xabar beradi IIV huzuridagi Tergov departamenti.