2022-yil yanvar oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksida 5 ta hudud bo'yicha o'sdi, qolgan 9 ta hudud bo'yicha ushbu indeksning kamayishi qayd etildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan hisoblangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi 2022-yilning yanvar oyida 882 birlikni tashkil etib, o'tgan oyga nisbatan 11,8 foizga pasaydi. Lekin bu indeks o'tgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizga o'sgan.

Jumladan, joriy yilning yanvar oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi o'tgan oyga nisbatan 11,8 foizga kamayib, 882 birlikni tashkil etishi, quyidagi komponentlar darajasidagi o'zgarishlarga bog'liq bo'lgan:

— xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning bank hisobvaraqalaridagi operatsiyalar soni 27,5 foizga ozaygan;

— faoliyat ko'rsatayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar bo'yicha komponent 0,6 foizga ortgan;

— tovar-xomashyo birjasida xomashyo sotib olish jadalligi 5,6 foizga kamaygan;

— tovar belgilari bo'yicha komponent 3,9 foizga pasaygan.

2022-yil yanvar oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksida 5 ta hudud bo'yicha o'tgan oyga (2021-yil dekabr) nisbatan o'sish kuzatilgan. Qoraqalpog'iston Respublikasida (34,3%), Samarqand (28,3%) va Surxondaryo (27,3%) viloyatlarida sezilarli darajada o'sish yuz bergan.

Shuningdek, 9 ta hudud bo'yicha ushbu indeksning kamayishi qayd etilgan bo'lib, jumladan, Qashqadaryo (- 25,9%), Jizzax (- 20,0%), Buxoro (- 16,7%) va Xorazm (- 14,9%) viloyatlarida o'tgan oyga nisbatan pasayish kuzatildi.