Qoraqalpog'iston Respublikasi mamlakatimiz shimolida joylashgan, yozi jazirama issiq, qishi o'ta sovuq, o'ziga xos iqlim sharoitiga ega hudud. Keyingi yillarda bu erda iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat, qurilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan birga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohalari ham jadal rivojlanib bormoqda.
Prezidentimizning Qoraqalpog'istonga har bir tashrifi o'lkada katta bunyodkorlik va yaratuvchanliklarga yo'l ochib beradi. Zamirida ulug'vor rejalar asosida bu diyorni yanada rivojlantirish, xalqimizning hayotini farovon qilish bilan bog'liq maqsadlar yotadi.
Bu galgi uchrashuv ham katta voqelikka aylandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi turmushi bilan tanishish, odamlar hayotidagi o'zgarishlarni ko'rish, navbatdagi rejalarni belgilash hamda xalq bilan muloqot qilish maqsadida 23-24-fevral kunlari Qoraqalpog'iston Respublikasida bo'ldi. Ikki kunlik safar davomida o'tgan joylardagi uchrashuvlar, samimiy muloqotlar, yangi loyihalar taqdimotlarida bildirilgan fikrlarni yurtdoshlarimiz katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordi. Tashrif avvalgilaridan farqli jihatlari bilan odamlar yodida muhrlandi.
Islohotlar natijasi chekka hududlarda
bo'y ko'rsatmoqda
Mo'ynoq... Yaqin yillargacha e'tibordan chetda qolib kelgan mamlakatimizning olis hududlaridan biri. Bu zaminning ovullariku ovul, tuman markazida ham aholining hayot kechirishi uchun sharoitlar yo'q edi. Hozir esa bu diyordagi o'zgarishlarni ko'rib, hayratga tushasan kishi.
Davlatimiz rahbari prezidentlik faoliyatining dastlabki davridayoq islohotlarni Mo'ynoqni rivojlantirish, Orol fojiasidan jabr ko'rayotgan aholining yashash sharoitini tubdan yaxshilash, ijtimoiy muammolarni adolatli hal etish, odamlarni rozi qilishdan boshladi va bu borada manzilli dasturlar amalga oshirildi. Mo'ynoq tumanining bepoyon hududlari, hatto, dengizning qurigan yerlarida ham iqtisodiyotni yuksaltirish, imkoniyatlardan xalq manfaatlari uchun foydalanishga kirishildi. Mo'ynoqqa muammolar makoni, deb emas, balki imkoniyatlar maydoni sifatida qarala boshlandi.
Prezidentimiz 2018- va 2019-yillarda bu hududga tashrifi chog'ida ko'plab islohotlar bilan tanishib, yirik loyihalarni amalga oshirish, jumladan, bu yerda transport kommunikatsiyalarini yaxshilash bo'yicha mutasaddilarga ko'rsatma bergan edi. Qarangki, qisqa vaqtlarda avtomobil` yo'llari ta'mirlanib, Mo'ynoq aeroporti yangilangan holda ishga tushirildi. Bundan 75 yil muqaddam qurilgan bu “havo porti” ilgari faqat kichik samolyotlarni qabul qilgan. Keyinchalik umuman ishlamay qolgan edi. Bugun zamonaviy ko'rinishda foydalanishga topshirilgan bu aeroportga ilk bor Prezidentimiz samolyoti kelib qo'ndi.
Aeroportda 50 nafar yo'lovchiga mo'ljallangan yangi terminal qurilgan, uchish-qo'nish yo'lagi va maydonchalar ta'mirlangan. Majmua atrofi ko'kalamzorlashtirilgan. enditlikda, qishloq xo'jaligi tarmoqlari bilan birga, xizmat turlarini kengaytirish, xususan, ko'ngilochar o'yinlar uchun soliq imtiyozlari berish ko'zda tutilyapti. Bu o'z navbatida, ichki turizm rivojiga, ish o'rinlari ochilishiga xizmat qiladi.
Ayniqsa, Mo'ynoq tumaniga Toshkent viloyatining biriktirilishi eng to'g'ri va oqilona qaror bo'ldi. Chunki endilikda bu yerda istirohat bog'i quriladi, qo'shimcha quvur tortib kelinadi. Keksalar sanatoriy, bolalar oromgohlarga yuboriladi. Aholiga shu yerning o'zida yashashi, ishlashi va dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratiladi.
Saksovullar qumga qarshi...
Bir paytlar kattaligi bo'yicha dunyoda to'rtinchi ko'l bo'lgan Orol dengizi va unga tutash daryolar, yaylovlar odamlarga rizq ulashgan, ish, daromad manbai bo'lgan. Mahalliy aholi bu dengizda baliq ovlagan, miriqib cho'milgan. Lekin bir avlod ko'z o'ngida, bir vaqtlar to'lib turgan dengiz butunlay qurib, bepoyon sahroga aylandi. Dengiz qurigach, o'simlik va yovvoyi hayvonlar turi kamayib ketdi. Odamlarning ko'ngli cho'kib qoldi, ne qilarin bilmay, ish qidirib shaharlarga ketishga majbur bo'ldi.
Orol dengizining qurishi tarixdagi eng katta ekologik fojialardan biridir. Sahroga aylangan dengiz tubidagi tuzlar, qum-chang va zaharli o'g'itlar insonlar hayoti va tabiatni xavf ostiga qo'ygan. Bunday sharoitda yagona yo'l — borini asrab qolish, fojia ta'sirini kamaytirish, odamlar hayotini osonlashtirishdir.
Davlatimiz rahbari bu bo'yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi sessiyalarida gapirdi, xalqaro sammitlarda muhim takliflarni ilgari surdi. Shu bilan birga, o'z imkoniyatlarimizga tayanib, amaliy ishlar ham olib borilmoqda. Prezidentimiz 2018-yili Mo'ynoqqa tashrifi chog'ida olimlar bilan maslahatlashib, u yerda sho'rga chidamli o'simliklar ekish vazifasini belgilagan edi.
O'tgan yillarda dengizning suv qurigan qismida 1 million 524 ming gektar to'qayzor barpo etilgan. Buning uchun saksovul, qorabo'roq, qandim, cherkez kabi cho'l o'simliklaridan qariyb 6 ming tonna urug' tayyorlanib, qiyin sharoitlarda ekilgan. Bu ishlarda 4 mingdan ziyod ishchi qatnashib, 1 ming 600 dona texnika, samolyotlar jalb etildi.
Bu xayrli, dolzarb harakat davom ettirilmoqda. Joriy yilda 100 ming gektar maydonda “yashil qoplama” barpo qilish rejalashtirilgan. Bugungi kunda shundan 26 ming gektarida ish boshlangan, 562 tonna urug'lar tayyorlangan. Shuningdek, 100 gektar maydonda ko'chatxona tashkil qilinmoqda. Bu borada Orolbo'yining flora va faunasini yaxshilash bo'yicha 5 yillik milliy dastur ishlab chiqish vazifasi qo'yildiki, bu hozirgi sharoitda juda muhim tashabbusdir.
Soha olimlarining ma'lumotlariga ko'ra, Orolbo'yi hududlarida barpo etilgan 2 yoshli saksovulzorda shamol ta'sirida qum ko'chishi 20 foiz, 5 yoshli saksovulzorda 80 foiz, 7 yoshli saksovulzorda esa to'liq to'xtatiladi. Natijada Orolbo'yi mintaqasida iqlim mo''tadillashadi, qumlarning havoga ko'tarilishi to'xtaydi. Insonlarning yashashi uchun ijtimoiy-iqtisodiy muhit barqarorligi ta'minlanadi.
Orolbo'yi mintaqasini daraxt va butazorlarga aylantirish orqali ekotizim tiklanadi. Shamol ta'sirida zaharli qum, tuz va changning havoga ko'tarilishi kamaytiriladi, eroziyaning oldi olinib, qum ko'chishi bosqichma-bosqich to'xtatiladi. Mintaqada mikroiqlim sharoiti yaratiladi va ekologik holat yaxshilanadi. Qancha ko'p ko'chat ekilib, uni ko'kartirib saqlanishi ta'minlansa, atrof-muhit musaffoligi shuncha oshadi.
... Kechagi ovloq maskan emas
Taxtako'pir tumanidagi “Beltov” ovul fuqarolar yig'inida mingdan ortiq aholi yashaydi. Tuman markazidan 40 kilometr uzoqda joylashgan hududning ilgari sharoiti og'ir edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” dasturi doirasida bu erda shunchalik katta ishlar amalga oshirildiki, natijada ovul qiyofasi o'zgardi.
Odamlar yangitdan ta'mirlangan fuqarolar yig'ini idorasi, madaniyat markazi, shifokorlik punkti, maktabgacha ta'lim muassasasidan foydalanyapti. Hudud atrofida yangi quvurlar tortilib, ichimlik suv ta'minoti yaxshilandi. Ko'chalarga qum-shag'al aralashmasi va qora qoplama yotqizildi.
Atrof turfa daraxtlardan chiroy ochgan bo'lsa, yo'llar ko'chalar charog'on bo'ldi. “Orjap” kanalida piyodalar ko'prigi qurilib, yo'laklar, ariqlar tartibga keltirildi. 5 kilometr elektr tarmoqlari yangilanib, transformator o'rnatildi. Bularning bari tasavvurga sig'maydi. Qisqa vaqt ichida tuman ertaklardagidek yangicha bezandi, yangi qiyofa kasb etdi, uning bag'riga hayotbaxsh nur oqib kirdi.
Ezgulikka yo'g'rilgan islohotlarning hammasi birgina Taxtako'pir tumanida amalga oshirilayotgan ishlar. Agar shu jarayonni butun Qoraqalpog'iston Respublikasi doirasida bir tasavvur qilsangiz, ana shunda o'lkadagi bunyodkorliklar ko'lamini yanada yaqqol anglaysiz.
Besh million dollarlik mahsulot
eksport qilindi
Qoraqalpog'istonning eng olis tumanlaridan biri bo'lgan Shumanayda shuncha miqdordagi mahsulot eksport qilinyapti, desa, hech kim ishonmaydi. Markazdan uzoqroq, sharoiti og'irroq bo'lgan bu hududda ilgari bunday sharoitlar bo'lmagan, aholi uchun qulaylar yaratishga e'tibor qaratilmagan.
Bugun tumanda aholining yashash sharoitini yanada yaxshilash bo'yicha aniq, maqsadli tizim yaratildi. Hududni kompleks rivojlantirish maqsadida ulardagi yo'l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob'ektlarida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, uy-joylar ta'mirlandi, ichimlik suv va elektr energiyasi tarmoqlari yangilandi.
Bu yerda ham o'zgarishlar katta. Tadbirkorlik izchil rivojlandi, yangi korxonalar qad rostladi. Mahalla guzari, do'kon, kutubxona, bolalar maydonchalari barpo etildi. Odamlar mehnat qilib, boy bo'lishi va yaxshi hayot kechirishi uchun barcha sharoitlar yaratildi. Eng muhimi, shu paytgacha hududdagi eng katta muammo — ishsizlik masalasi ham ijobiy yechim topmoqda.
2020-yilda ish boshlagan “Shumanay ekoteks” korxonasi aholi, ayniqsa, xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta'minlashda muhim hissa qo'shyapti. Hozir bu yerda 500 ta ish o'rni tashkil etilgan. Bu shuncha inson qadr topdi, shuncha oilaga daromad kirdi, qozoni qaynayapti, farovon turmush kechiryapti, degani.
Yana bir muhim jihat. Yetti ming tonnadan ziyod ip-kalava tayyorlash quvvatiga ega ushbu korxonada o'tgan yili 51 milliard so'mlik mahsulot ishlab chiqarilib, qariyb 5 million dollarlik eksport amalga oshirildi. Kelgusida korxonada paxtani qayta ishlashning keyingi bosqichlarini o'zlashtirish rejalashtirilgan.
110 ming xonadonga elektr energiya yetib bordi
Mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, aholining hayot darajasi va sifatini yuqori pog'onalarga ko'tarishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ommalashtirish hamda taraqqiy ettirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Lekin tadbirkorlikni rivojlantirish, katta-katta korxonalar qurish uchun avvalambor, elektr energiya, gaz, ichimlik suv, yo'l, infratuzilma bo'lishi lozim.
Yurtimizda elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko'paytirish bo'yicha ko'plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Qoraqalpog'iston Respublikasining Beruniy tumanida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilayotgan shamol elektr stantsiyasi bu borada katta ahmiyatga ega. Quvvati 100 megavatt bo'lgan shamol elektr stantsiyasining barpo etilishi hudud iqtisodiyotiga qo'shimcha kuch, zamin bo'ladi, tadbirkorlik rivojlanadi, odamlar ishli bo'ladi.
Hammamizga yaxshi ma'lum, ilgari Qoraqalpog'istonda yagona bo'lgan Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi bundan 65 yil avval qurilgan bo'lib, hudud ehtiyojini qondirish uchun yetarli emas edi. Shuning uchun ushbu stansiya 680 million dollar evaziga modernizatsiya qilinib, 560 megavatt quvvatlar ishga tushirildi.
Mana endi yangi yo'nalishda, ekologik toza yana bir elektr stantsiyasi qurilishi boshlanmoqda. Yillik quvvati 360 million kilovatt soat bo'lgan ushbu loyiha 108 million dollar to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladi. Bu loyiha ishga tushgach, 110 ming xonadonni qo'shimcha elektr energiyasi bilan ta'minlash mumkin. eng muhimi, yiliga 106 million kub metr tabiiy gaz tejaladi. Kelgusi besh yilda 2 ming 500 ta yangi korxonalar tashkil etilishi, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 barobarga oshirilishi ham ko'zlangan ulkan marralardan biri.
Odamlar yelkasidan tashvish, muammolar tog'i ag'darilmoqda
O'tgan qisqa davrda Qoraqalpoq markazi — Nukus shahri qiyofasi ham butunlay o'zgardi. Keng va ravon yo'llar, muhtasham ko'priklar qurildi. Shaharning qay bir mahallasiga bormang, ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarining guvohi bo'lasiz.
Albatta, shaharga ko'rk berayotgan ijtimoiy inshootlar, namunaviy uy-joylar, dam olish maskanlari, istirohat bog'lari, ravon ko'chalar-u yo'llar qoraqalpoq xalqining turmush tarzi yaxshilanib, hayoti farovonlashib borayotganidan dalolat.
Nukus shahrida yangi korxonalar ishga tushirilishi ham aholi bandligini ta'minlash, turmush farovonligini oshirishda muhim omil bo'layotir. Hududdagi plastik eshik va romlar korxonasi shulardan biri. 270 ming kvadrat metr eshik va deraza romlari tayyorlash quvvatiga ega korxonada hozir 230 kishi mehnat qilmoqda. Ularning ko'pchiligi yoshlar.
Sir emaski, hududning drayveri — oziq-ovqat va qurilish materiallari sanoati, turizm sanaladi. Shu asosda shaharni 2022-yilda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Unga ko'ra, umumiy qiymati 1 trillion 361 milliard so'mlik 10 ta loyiha amalga oshiriladi. Bu qo'shimcha 3 mingta ish o'rni yaratiladi, degani.
Davlatimiz rahbari Nukus shahriga safari davomida “Jeke terek” mahallasidagi yangi turar-joy majmuasi qurilishi maydonida ham bo'ldi. Bu yerda 5 ta 16 qavatli uy barpo etish mo'ljallangan. Ularning bittasi hozir qurilmoqda. Majmua yangi turdagi qurilish konstruksiyasi asosida tiklanadi. Buning natijasida qanchadan-qancha yosh oilalar uyli bo'ladi, hayotda katta maqsadlar bilan yashaydi, oilasida tinchlik, ishida unum bo'ladi.
Salohiddin ISOMIDDINOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
matbuot xizmati mas'ul xodimi