Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari soliq yuki va qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) 3 foiz punktgacha tushiriladigan boʻlsa, bu iqtisodiyotga qanday taʼsir etishini tahlil qildi.

Taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida soliq yuki 8,5%, qishloq xoʻjaligida salkam 5% boʻlsa, qurilish va telekommunikatsiya xizmatlari yoʻnalishida – 79%, chakana va ulgurji savdoda 59%, sanoatda 43% ni tashkil etgan. Bu iqtisodiyotning turli tarmoqlari va sohalari uchun bir xil sharoit yaratilishini , raqobat tamoyillarining amal qilish doirasini cheklaydi, deb yozadi (PMTI) ekspertlari.

Umuman olganda, iqtisodiyot boʻyicha tarmoqlararo oʻrtacha nisbiy stavka 24% ni tashkil etdi. Bu QQS ning hozirgi 15% li nominal stavkasi sharoitida, haqiqiy stavka 3,6% ni tashkil etishini anglatadi. (15% * 0,24 = 3,6%).

Soliq yukining eng yuqori darajasi narxlarning oʻzgarishi va ishlab chiqarishning boshqa sharoitlaridan qatʼiy nazar ularga barqaror talab mavjud boʻlgan tarmoqlar (qurilish, savdo-sotiq, ayrim xizmat koʻrsatish turlari)ga xos. Ularning hissasiga iqtisodiyot boʻyicha ishlab chiqarishning (YAIM va ishlab chiqarish hajmi boʻyicha) atigi 15%i, ishchilarning 14%i toʻgʻri keladi. Ushbu guruhning oʻziga xos xususiyati tashqi muhitga eng kam bogʻliqlik darajasidir.

Soliq yukining oʻrtacha darajasi qazib olish va qayta ishlash sanoati uchun xarakterlidir. Ushbu tarmoqlarga iqtisodiyotda YIMning ¼ qismi toʻgʻri keladi. Mazkur tarmoqlar jahon iqtisodiyoti bilan eng koʻp bogʻliq boʻlgan tarmoqlardir. Chunki oraliq importning 83% dan ortigʻi va umumiy eksport hajmining 2/3 qismidan koʻprogʻi ularning ulushiga toʻgʻri keladi. Yuqori soliq yuki sanoat mahsulotlari eksportining oʻsishini cheklaydi. Chunki ushbu tarmoqlar uchun QQSning amaldagi yuqori stavkasi tarmoq mahsulotlari narxlarining oshishi va raqobatbardoshligining pasayishiga olib keladi.

Tadqiqot davomida quyidagi jihatlar aniqlandi:

QQS tovarlar/xizmatlar narxiga kiritilganligi sababli QQS nominal stavkasining 15% dan 12% gacha tushirilishi iqtisodiyotning real sektorida narxlarning pasayishiga olib keladi.

“Xarajatlar-ishlab chiqarish” narx modelidan foydalangan holda amalga oshirilgan hisob-kitoblarga koʻra, bunday pasayish 0,81% ni tashkil etadi, deb baholanmoqda.

Narxlarning pasayishiga qayta ishlash sanoati (39%), qurilish (14%) va ulgurji va chakana savdo (10%) tarmoqlari eng katta hissa qoʻshadi, yaʼni ushbu uchta tarmoq ulushiga umumiy narxlar pasayishning deyarli 2/3 qismi toʻgʻri keladi (0,8% dan)

Shu nuqtayi nazardan, amaldagi va nominal stavkalar oʻrtasidagi tafovutni qisqartirish, shuningdek, standart ogʻish boʻyicha 22,8% ni tashkil etgan amaldagi stavkalarning tarmoqlararo oʻrtacha koʻrsatkichini (24%) kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar nisbatan istiqbolli boʻlishi mumkin. Bu esa QQS boʻyicha standart stavkasi pasaygan taqdirda ham soliq tushumlarining oʻsishini taʼminlaydi.