Shu munosabat bilan tashkil etilgan onlayn uchrashuvda Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Said Rustamov, TDYUU rektori Rahim Hakimov va Brooke House College direktori Djayls Uilyams hamda Oʻzbekistondagi Brooke House College vakili Shuhrat Ernazarov ishtirok etdi.

ZOOM platformasi orqali oʻtkazilgan tadbirda mazkur hamkorlikning maqsad-vazifalari, mazmun-mohiyati xususida soʻz yuritildi. Toshkent davlat yuridik univeriteti va Brooke House College oʻrtasida oʻtgan yili imzolangan memorandumning amaliy ifodasi sifatida bugun “University Foundation Programme” qoʻshma tayyorlov kursini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda universitetda darslar toʻliq Yevropa tizimi (European Credit Transfer and Accumulation System) asosida amalga oshirilmoqda. Universitetda taʼlim sifatini oshirish, xalqaro darajada taʼlim berishga erishishni taʼminlash maqsadida dunyoning nufuzli oliy taʼlim muassasalari, turli tashkilotlar bilan hamkorlik shartnomalari, kelishuv va anglashuv shartnomalari imzolanib, birgalikda turli loyihalar amalga oshirilmoqda.

“University Foundation Programme” qoʻshma tayyorlov kursi ham ushbu chora-tadbirlarning mantiqiy davomidir.

Toshkent davlat yuridik univeriteti va Brooke House College oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, qoʻshma tayyorlov kursi ikki mamlakat taʼlim standartlariga muvofiq oʻquvchilarni ingliz tilida shartnoma asosida oʻqitishni taʼminlaydi. Oʻquv kursini chet ellik va ingliz tilini mukammal darajada biladigan mahalliy oʻqituvchilar olib boradi.

“University Foundation Programme” qoʻshma tayyorlov kursi “Yuridik xizmat”, “Biznes va moliya”, “Kommunikatsiya va media” i “Ingliz tili” yoʻnalishlari boʻyicha davomiyligi 1 yil boʻlgan muddatda tashkil etiladi.

Kursni muvaffaqiyatli tugatgan yoshlar Buyuk Britaniyaning 70 dan ortiq universitetlarida bakalavr bosqichiga qabul imtixonlarisiz talaba boʻlish imkoniyatini qoʻlga kiritadi.

Uchrashuv yakunida TDYUU, Brooke House College hamda Brooke House College ning Oʻzbekistondagi vakilligi oʻquv kursi oʻrtasida “University Foundation Programme” qoʻshma tayyorlov kursini ochish va yoʻlga qoʻyish yuzasidan kelishuv bitimi imzolandi.

Maʼlumot uchun, Brooke House College 1967 da tashkil topgan boʻlib, Buyuk Britaniyaning oʻquv rejasi boʻyicha umumiy oʻrta taʼlim bosqichida oʻqishni istagan oʻquvchilar uchun xalkaro kolleji hisoblanadi. “University Foundation Programme” kursi esa, abituriyentlarni oliy oʻquv yurtlariga tayyorlash, ularni Buyuk Britaniya universitetlarida oʻqish jarayoniga moslashishi, chet tillarini mukammal oʻrganishi va oliy taʼlimning barcha talablariga javob beradigan qoʻshimcha akademik koʻnikmalarga ega boʻlishiga koʻmak beradi.

Toshkent davlat yuridik universiteti

Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi