Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Qozogʻiston aviatsiya maʼmuriyati bilan xalqaro muntazam yoʻlovchi aviaqatnovlarini tiklash boʻyicha olib borgan muzokaralar yakuniga koʻra “Uzbekistan Airways” va “Air Astana” aviakompaniyalariga sentyabr oyidan boshlab paritet tamoyili asosida Toshkent–Olmaota–Toshkent yoʻnalishida muntazam parvozlarni bajarishni boshlash boʻyicha kelishuvga erishilgan edi.
Mazkur yoʻnalish boʻyicha qatnovlar haftaning juma kunlari amalga oshiriladi. Bugundan eʼtiboran “Uzbekistan Airways” va “Air Astana” aviakompaniyalari ushbu yoʻnalishda parvozlarni bajarishni boshladi.
“Air Astana” aviakompaniyasining Olmaota – Toshkent – Olmaota yoʻnalishida parvozni amalga oshirgan samolyot bugun soat 12:40 da Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportiga kelib qoʻndi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.