Qozog'iston hududi orqali Vatanimizga qaytish mumkinligi haqidagi xabarlar yolg'onligi ma'lum qilindi

    Ijtimoiy hayot 5 Iyul 2020 983

    Oʻzbekistonning Moskva shahridagi Elchixonasi maʼlumotiga koʻra =uz), soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va ommabop messenjerlarda Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi chegara ochilgani hamda Rossiyadagi Oʻzbekiston fuqarolari Qozogʻiston hududi orqali Vatanimizga qaytishlari mumkinligi haqidagi yolgʻon xabarlar tarqalmoqda.

    Bundan tashqari, yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanadigan ayrim shaxslar Rossiya-Qozogʻiston chegarasiga odamlarni yetkazib qoʻyish va chegarani kesib oʻtishda “yordam berish”ni vaʼda qilib turli eʼlonlar tarqatmoqdalar.

    Elchixona vatandoshlarimizdan bu kabi yolgʻon xabarlarga ishonmasliklarini soʻrab qoladi. Rossiya, Oʻzbekiston va Qozogʻistonda joriy qilingan karantin choralari, shu jumladan mamlakatlarga kirish boʻyicha cheklovlar oʻz kuchida qolmoqda.

    Afsuski, shu kunlarda Samara viloyatidagi Bolshaya Chernigovka qishlogʻi, Orenburg viloyatidagi Buzuluk tumani va Sol-Iletsk shahrida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining yana toʻplanishi kuzatilmoqda. Ularning koʻpchiligi, yolgʻon xabarlarga ishonib, Rossiyaning turli hudularidan kelgan va Qozogʻiston orqali Vatanimizga qaytish istaginini bildirmoqda.

    Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tarqalayotgan bir paytda fuqalorning bir joyda toʻplanishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, kasallar, doimiy kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.

    Yana bir bor, Rossiya hududidagi vatandoshlarimizdan turli yolgʻon xabarlar va mish-mishlarga ishonmasliklarini, Rossiya-Qozogʻiston davlatlararo chegara punktlariga borishga urinmaslik, hozirgi yashash joylarida qolib, karantin choralariga qatʼiy rioya qilishlarini soʻrab qolamiz.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga zid maʼlumotlarni tarqatish uchun javobgarlik belgilanagan. Xususan, mazkur maʼlumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan matnda yoki OAV, shuningdek Internet orqali tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan (44 mln 600 ming soʻmdan) 400 baravarigacha (89 mln 200 ming soʻm) miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yohud ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

    Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga binoan, ogʻir oqibatlarga olib keladigan bila turib yolgʻon maʼlumotni tarqatish 300 mingdan 2 million rublgacha jarima hamda uch yildan besh yilgacha qamoq bilan jazolanadi.