Uchrashuv chogʻida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, transport va logistika sohalarida koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati hamda uni yana-da mustahkamlash va kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish boʻyicha oʻzaro aloqalarning borishi atroflicha koʻrib chiqildi — mashinasozlik, agrosanoat majmuasi, chorvachilik, yengil, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati sohalarida ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha qoʻshma investitsiyaviy loyihalari sonini koʻpaytirish boʻyicha keyingi qadamlar belgilab olindi.

Muzokaralar kun tartibi doirasida ikki tomonlama savdo-sotiqning yana-da oʻsishini taʼminlash, uning tarkibini diversifikatsiya qilish, shuningdek, iqtisodiy hamkorlikning yangi uzoq muddatli shakllarini, jumladan, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi. Ikki davlat rahbarlari tomonidan savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish boʻyicha qoʻyilgan vazifani faqat ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralarining oʻzaro savdo, bojxona qoidalari va standartlarini soddalashtirish va muvofiqlashtirish, bojxona axborot tizimlarini integratsiyalash, zamonaviy logistika markazlari qurish, chegara punktlarini rekonstruksiya qilish va zamonaviylashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan ishlarni olib borish orqali amalga oshirish mumkinligi qayd etildi.

Shu nuqtayi nazardan, “Markaziy Osiyo” Xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazini (XSIHM) yaratish boʻyicha birgalikdagi amaliy ishlarni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tovarlarni uzluksiz yetkazib berish, tranzit salohiyatini oshirish va oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida ikki mamlakatning tegishli vazirliklari va idoralari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar Rejasini (“Yoʻl xaritasi”) oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirish uchun zarur choralar koʻrishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, ushbu sohada mavjud masalalarni koʻrib chiqish va oʻzaro savdo hajmini oshirish, transport infratuzilmasini takomillashtirish va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha istiqbolli takliflarni ishlab chiqish uchun muntazam ravishda ikki tomonlama ekspert maslahatlashuvlari tashkil etiladi.

Shuningdek, tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi Hududlararo hamkorlik forumi va Ishbilarmonlar kengashi imkoniyatlaridan faol foydalanish hamda xususiy sektorni ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga faol jalb qilish haqida fikr bildirdilar.

Transport kommunikatsiyalarini rivojlantirishda strategik sheriklikni yana-da rivojlantirish va mustahkamlashning ustuvor ahamiyati alohida taʼkidlandi. Havo yoʻllari orqali tashishning qayta tiklanishi ijobiy baholandi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston yirik shaharlari oʻrtasida xalqaro avtobus qatnovlarini yoʻlga qoʻyish, Turkiston – Shimkent – Toshkent tezyurar temir yoʻli hamda “Uchquduq – Qiziloʻrda” transport yoʻlagi qurilishi muhokama qilindi.

Muzokaralar chogʻida energetika, taʼlim, sogʻliqni saqlash, fan, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Qayd etish kerakki, uchrashuv oldidan tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, ikkala mamlakatning bir qator viloyatlar rahbarlarining ekspert uchrashuvi oʻtkazilib, unda hamkorlik loyihalari atroflicha tahlil etildi va ularni jadallashtirish boʻyicha aniq harakatlar belgilandi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha har ikki mamlakat Bosh vazirlarining oʻrinbosarlari yakuniy bayonnoma, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi sohasida 22ta aniq loyihalarni amalga oshirishni taʼminlashni nazarda tutgan Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar Rejasini (“Yoʻl xaritasi”) qabul qildilar. Shuningdek, ushbu “Yoʻl xaritasi” yangi investitsiya loyihalarining ishlab chiqilishiga qarab, ularni oʻz ichiga olish hisobiga doimiy ravishda yangilanib turilishiga kelishib olindi.

Imzolangan hujjatlar ijrosining muntazam monitoringini olib boradigan va ularning toʻliq ijrosini taʼminlash yuzasidan aniq takliflar kiritadigan qoʻshma ishchi guruhini tuzish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.