Anjuman O‘zbekiston Milliy universiteti delegatsiyasining 2022 yil dekabr oyida Qozonga amaliy tashrifi doirasida Filologiya va madaniyatlararo aloqalar instituti huzurida tashkil etilgan Mirzo Ulug‘bek ilmiy-o‘quv markazida  o‘tkazildi.

Filologiya va madaniyatlararo aloqalar instituti direktori Radif Zameletdinov ushbu maʼnaviy-maʼrifiy kechani tashkil etish tashabbusi uchun Bosh konsulxonaga minnatdorlik bildirib, Navoiy va Bobur merosi nafaqat turkiy xalqlarning, balki dunyo afkor ommasining beqiyos xazinasi ekanini taʼkidladi.

Bosh konsul Fariddin Nasriyev O‘zbekistonda Navoiy hamda Bobur hayoti va ijodini chuqur o‘rganish, ularning asarlarini davlatimiz hamda xorijiy mamlakatlarda ommalashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Diplomat har ikki buyuk ijodkor dunyo adabiyoti tarixida juda katta o‘rin tutishini, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, adabiyot ahliga ko‘rsatgan homiyligi jihatidan ham o‘xshashi yo‘q siymolar ekanini, ular bugun o‘zbek xalqining milliy iftixoriga, adabiy, maʼnaviy kamolot timsoliga aylanganini qayd etdi. Bosh konsulxona Mirzo Ulug‘bek ilmiy-o‘quv markazi bilan madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etishda  hamkorlikni yana-da faollashtirishga tayyor ekanligi maʼlum qilindi.

Anjumanda ikki davlat vakillari Navoiy va Boburning betakror merosining yuksak ahamiyati haqidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Buyuk mutafakkirlarning g‘azallari va ruboiylaridan namunalar yangradi.