— Uning afzalliklari juda koʻp ekan. Kunduzi umuman elektr energiyasi sotib olmaymiz, quyosh panellari ishlab chiqargan tokdan foydalanamiz. Kechasi esa davlatdan arzon bahoda, yaʼni 295 soʻmdan elektr energiyasi olamiz. Kunduz kuni ishlab chiqarayotgan elektr energiyamizni esa davlatga 1000 soʻmdan sotamiz, — deydi Oʻktam aka.
Beruniy tumanida joriy yilning iyul oyi holatiga fotoelektr manbalar oʻrnatilishi natijasida 57 ta xonadon “yashil energiya” bilan taʼminlandi. Yil oxirigacha bunday xonadonlar sonini 395 taga yetkazish rejalashtirilgan.
— Tumanimizda 2023-yilning birinchi yarmida 41 fuqaro bilan quyosh panellari oʻrnatish boʻyicha shartnoma tuzgan edik. Hozir ular oʻzlaridan ortgan 22 ming kVt/soat elektr energiyasini tuman elektr tarmoqlariga sotishmoqda, — deydi tuman elektr taʼminoti boʻlimi boshligʻi Mansur Oʻrozaliyev. — Yana 18 ta tadbirkor ham shartnoma asosida davlatga 19800 kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berishdi. Yurtimizda quyoshli kunlar koʻpligi muqobil energiyadan foydalanishda katta tabiiy imkoniyatdir.
Qoraqalpogʻistonda joriy yilda jami 1 ming 227 ta ijtimoiy soha obyekti va davlat tashkilotida quyosh panellari oʻrnatish belgilangan boʻlib, bu reja yarim yilda 46,3 foiz bajarildi. Hozirgi vaqtda bu obyektlarga jami quvvati 5 ming 713 kVt/soatga teng boʻlgan quyosh panellari oʻrnatilib, ishga tushirildi.
Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida ham ayni paytda toʻliq “yashil energiya”dan foydalanilmoqda. Obyektda jami 115 kVt/soat quvvatga ega quyosh panellari, shuningdek, qoʻshimcha ravishda 200 litr suv isitadigan geliokollektor ham oʻrnatilgan. Eʼtiborlisi, institut hududidagi yoʻllarni yorituvchi 20 ta koʻcha chirogʻi ham quyosh panelidan quvvat olmoqda.
Nukus shahridagi Respublika koʻp tarmoqli tibbiyot markazida 250 kVt/soat quvvatga ega quyosh panellarini oʻrnatish ishlari yakunlandi. Bu obyektda bundan buyon elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoj fotoelektr manbalar hisobidan qoplanadi. Jamoa oʻz isteʼmolidan ortgan elektr energiyasini davlatga sotishni rejalashtirmoqda. Yillik sarflanadigan energiyaning miqdori 658 ming 300 kVt/soatga teng boʻlgan bu obyektga quyosh panellari orqali oʻrtacha 720 ming kVt energiya yetkazib beriladi.
Ijtimoiy va turar joy kommunal xizmat koʻrsatish sohalarida hamda iqtisodiy tarmoqlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommaviy joriy etish yurtimizda energiya resurslariga kun sayin ortib borayotgan ehtiyojni qoplab, energiya yetishmovchiligining oldini olishga xizmat qiladi.
Qoraqalpogʻistonda muqobil energiyaga ehtiyojni qoplash maqsadida 2030-yilgacha barcha ijtimoiy va davlat idoralari hamda 17 ming xonadonda 55 MVt quvvatli quyosh panellari oʻrnatiladi.
Respublikada shamol energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlari ham cheksiz. Sababi, tabiiy iqlim sharoiti shunga mos keladi. Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilingan Orolboʻyi mintaqasida boshlangan “yashil energiya” ishlab chiqarish loyihalari soni ham koʻpayib bormoqda.
“Quyoshli xonadon” dasturi asosida bugungi kunga qadar Qoraqalpogʻiston boʻyicha 4125 ta uyga quyosh panellari oʻrnatildi. Joylarda joriy yilda 34218 kVt qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 320 ta xonadonda 320 kVt quyosh panellari hamda 99 ta xonadonda quvvati 19,8 ming litrli quyosh suv isitish qurilmalari oʻrnatiladi.
Qoraoʻzak tumanida bugungi kunda 80 ta obyekt va aholi xonadonida quyosh panellari oʻrnatilgan. Ular orasida Guljahon Seitova xonadoni ham bor. Uning tomida ayti paytda 1 kVt quvvatga ega quyosh paneli ishlab turibdi.
— Quyosh panellari elektr energiyasi uchun sarflanadigan mablagʻlarimizni iqtisod qilishga yordam bermoqda, — deydi Guljahon opa. — Biz kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun bu juda zarur, albatta.
Ayni vaqtda Qoraoʻzak tumanida quvvati 100 MVt shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi ham rejalashtirilgan.
Mamlakatimizdagi yirik elektr markazlarida ham oʻz etiyojini qondirish va tabiiy resurslarni iqtisod qilish, muhimi, atrof-muhit musoffaligini saqlash maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ommalashmoqda. Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida yaqinda 1 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiya ishga tushirildi.
— Fotoelektr stansiyada monokristall tipdagi 1500 dan ortiq quyosh paneli oʻrnatilgan, — deydi Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi boʻlim boshligʻi Yunus Bobojonov. — Ushbu stansiya ishga tushirilishi bilan qoʻshimcha 1,8 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Buning natijasida sutkasiga 7000 kVt/soat elektr energiyasi va yiliga 400 ming kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi.
Bundan tashqari, 380 dan ortiq quyosh panelli koʻcha yoritgichi, 260 dona harakat datchigi binolarga oʻrnatilib, 253,2 ming kVt elektr energiyasi iqtisod qilinishiga erishildi. Jami sigʻimi 2800 litrga teng quyosh suv isitgichlari oʻrnatish hisobiga korxonadagi mavjud yuvinish xonalari 100 foiz quyosh suv isitgichlariga oʻtkazildi.
Qoraqalpogʻistonda joriy yil yakuniga qadar ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida 12,3 MVt quyosh panellari va 26 ming litr suv isitish uskunalari oʻrnatish rejalashtirilgan.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri