Qurilish noqonuniy olib borilayotganligi uchun toʻxtatildi

    Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi Yunusobod tumani Alisher Navoiy koʻchasi 2a-uy manzilida joylashgan qurilish obyekti boʻyicha oʻrganish olib bordi va natijalarini eʼlon qildi.

    Toshkent shahar hokimining 2014-yil 14-maydagi “TOSHKENT OʻRDASI” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga Anhor kanali boʻyidagi oʻzlariga tegishli hududda joylashgan qahvaxona binosini kanal muhofaza hududini saqlagan holda qayta qurish uchun 406-sonli qarori qabul qilingan.

    Toshkent shahar Arxitektura va qurilish Bosh boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan 2014-yil 4-iyuldagi arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi ishlab chiqilgan hamda Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish boʻyicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organi tomonidan 2021-yil 5-avgustda xulosa asosida loyiha hujjatlari kelishilgan.

    Qurilish obektida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli qaroriga muvofiq “Qurilish – montaj ishlarini boshlash uchun obektni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti”ga asosan nazorat inspeksiyasidan roʻyxatdan oʻtmasdan qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilganligi bois “TOSHKENT OʻRDASI” MCHJning maʼsul shaxsiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 99-moddasi bilan 2022-yilda maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

    Shuningdek, joriy yilda obyekt takroran joyiga chiqib oʻrganilganda ham qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtmasdan qurilish ishlarini olib borayotgan MCHJ mansabdor shaxsiga nisbatan noqonuniy qurilish ishlarini zudlik bilan toʻxtatish boʻyicha ogohlantirilgan va qurilish ishlariga masʼul shaxslarga tushuntirish ishlari olib borilgan.

    Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 99-moddasiga koʻra masʼullarni qayta maʼmuriy javobgarlikka tortish choralari koʻrilayotganligini hamda obyektda qurilish ishlari toʻxtatilganini maʼlum qilamiz.