2022-yilda Oʻzbekistonda quvvati 200 megavattga teng boʻlgan quyosh elektr stansiyalari yordamida 411 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu esa 124 million metr kub tabiiy gazni tejash, atmosferaga 164 ming tonna zararli gazlar chiqarilishining oldi olish imkonini berdi.

Shu davrda quvvati 2072 megavattga teng boʻlgan gidroelektr stansiyalari vositasida 6,48 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Natijada 1,94 milliard metr kub tabiiy gaz tejaldi va atmosferaga 2,71 million tonna zararli gazlar chiqarilishining oldi olindi.

Taraqqiyot strategiyasida “yashil” energiyani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan, xususan, 2026-yilga borib quyosh va shamol elektr stansiyalari quvvatini 8000 megavattgacha, gidroelektr stansiyalari quvvatini 2 920 megavattgacha oshirish rejalashtirilgan.

Buning natijasida qayta tiklanadigan energiya ulushi 25 foizga yetadi, 3 milliard metr kub tabiiy gaz tejaladi va 1 million xonadon 1 yil davomida gaz bilan taʼminlanadi. 

2023-2030-yillarda Oʻzbekistonda 11 ta yirik, 9 ta oʻrtacha va 8 ta kichik va mikro gidroelektr stansiyalarni qurilishi rejalashtirilgan.

Yangi GESlarni ishga tushirish tufayli yiliga 5,8 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va 1,74 milliard metr kub tabiiy gaz tejaladi.