Quyosh qurilmalarini xarid qilganda qanday kompensatsiya olish mumkin?

    Yashil sayyora 8 Oktabr 2022 2398

    Vazirlar Mahkamasining 05.10.2022-yildagi 568-son qarori bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartibi tasdiqlandi.

    2022-yil 1-oktyabrdan boshlab jismoniy shaxslar (isteʼmolchilar) Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan respublikada ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda quyosh suv isitish qurilmalarini uch yil mobaynida foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlagan holda sotib olishlari mumkin (09.09.2022-yildagi PF-220-son Farmon).

    Bunda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining qiymatini toʻliq toʻlagan holda ularni xarid qilgan va oʻrnatgan isteʼmolchilarga xarid qilish xarajatlarining bir qismi belgilangan miqdorlarda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilinadi.

    Moliya vazirligi 2022-yil yakuniga qadar ushbu xarajatlarni moliyalashtirish uchun Jamgʻarmaga uning asoslangan talabnomalariga muvofiq Davlat byudjeti hisobidan 100 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ ajratadi.

    Hujjat bilan Aholining mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish yoki boʻlib-boʻlib toʻlagan holda sotib olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi, unda quyidagi tartiblar belgilangan:

    • jismoniy shaxslar tomonidan respublikada ishlab chiqarilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan uch yil mobaynida foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlagan holda sotib olish;
    • qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining qiymatini toʻliq toʻlagan holda ularni xarid qilgan va oʻrnatgan jismoniy shaxslarga xarid qilish xarajatlarining bir qismini Jamgʻarma hisobidan kompensatsiya qilish;
    • quyosh yoki shamol elektr stansiyasini, shuningdek quyosh suv isitish qurilmalarini oʻrnatganlik uchun kompensatsiyalarni hisoblash.

    Jismoniy shaxslarga quyosh yoki shamol elektr stansiyasini oʻrnatganlik uchun kompensatsiyalar miqdori ularning quvvatiga qarab quyidagi miqdorni tashkil etadi:

    • 0,5 kVt dan 1 kVt gacha – 7 BHM;
    • 1 kVt dan 1,5 kVt gacha – 10 BHM;
    • 1,5 kVt dan 2 kVt gacha – 15 BHM;
    • 2 kVt va undan yuqori boʻlsa – 20 BHM.

    Yangi yerlar oʻzlashtirilganda va tik quduqlarda oʻrnatilgan suv nasoslarining elektr energiyasi isteʼmoli 5 kVt va undan yuqori boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari orqali taʼminlanganda 50 BHM miqdorida kompensatsiya beriladi.

    Suv isitish hajmi 100 litr boʻlgan, har kuni 4 kVt/s ishlab chiqaruvchi quyosh suv isitish qurilmalarini oʻrnatganlik uchun kompensatsiya miqdori 5 BHMni, suv isitish hajmi 200 litr boʻlsa yoki qurilma suv isitish uchun har kuni 8 kVt/s energiya ishlab chiqarsa, kompensatsiya miqdori 7 BHMni tashkil etadi.

    Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini joriy etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarmaning yagona elektron maydonchasi (Platforma) yordamida amalga oshiriladi.

    Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqaruvchi va xizmat koʻrsatuvchi mahalliy korxonalarning oʻz mahsulot va xizmatlarini sotish boʻyicha takliflari Platformaga joylashtiriladi. Bunda Platformaga kiritiladigan korxonalar roʻyxati “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tomonidan taqdim etiladi.

    Kompensatsi olish yoki uning qiymatini boʻlib-boʻlib toʻlash uchun jismoniy shaxslarning arizalari Platforma orqali onlayn tarzda taqdim etiladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari milliy maʼlumotlar bazasida eʼlon qilingan va 06.10.2022 yildan kuchga kirgan.

    Lola Abduazimova