Tabiiyki, bunday sharoitda ishda ham, uyda ham konditsioner, ventilyator kabi havo haroratini moʻtadillashtiruvchi texnik vositalardan foydalanamiz. Bu esa, oʻz navbatida, elektr energiyasiga yuklamani oshiradi. Hisob-kitoblarga koʻra, ayni issiq kunlarda elektr energiyasiga kunlik talab bir oy avvalgi 195 million kilovatt-soatdan 255 million kilovatt-soatga yetishi mumkin.
Gap aholi va tadbirkorlik subyektlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash, umuman, tizim barqarorligi, unga talabning ortishi haqida borar ekan, buni faqat ob-havoning keskin isib va yoki aksincha, sovib ketishi bilan bogʻlash notoʻgʻri boʻladi. Binobarin, yurtimizda aholi soni ortishi, minglab yirik yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilishi hisobiga soʻnggi besh yilda elektr energiyasi isteʼmoli 20 foizga, jumladan, aholi tomonidan sarflanishi 31 foizga ortgan. Mamlakatimizda kechayotgan shiddatli islohotlar samarasi oʻlaroq, isteʼmol koʻrsatkichi yiliga 6 foizdan oʻsib bormoqda.
Talab va taklif nomutanosibligi, jumladan, joriy yil uchun 3 milliard 400 million kilovatt soat elektr tanqisligi prognoz qilinayotgan qiyin bir sharoitda, mamlakatimizda “yashil” energetikani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, bu borada mavjud salohiyatdan foydalanishni ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyilgani quvonarli hol, albatta.
Jumladan, Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish, ushbu maqsadga erishish yoʻlida 2026-yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish koʻrsatkichini qoʻshimcha 30 milliard kilovat-soatga oshirib, jami 100 milliard kilovat-soatga yetkazish, 2026-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash vazifasi belgilangan.
Bu borada yurtimizning aksariyat hududlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari – suv, quyosh va shamol imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish orqali energiya sarfini kamaytirish, pirovardida esa, kelajak avlod uchun uglevodorod zahiralarini saqlab qolish, ekologik vaziyatni yumshatishga qaratilgan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Tomdi”dan toma-toma, tanqislik tamom boʻlur
Navoiy viloyati Tomdi tumanida amalga oshirilayotgan 500 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurish loyihasini bunga misol sifatida keltirish mumkin.
BAAning “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha doirasida yaqinda “Goldwind” kompaniyasining (Xitoy) birinchi 4,7 megavattli turbinasi oʻrnatildi.
Energetika vazirligi maʼlumotiga koʻra, ushbu zamonaviy qurilmaning balandligi 97 metr, shamol parraklarining har biri 77 metrni tashkil qiladi.
Kezi kelganida taʼkidlash joizki, ushbu yirik loyiha doirasida mana shunday 111 ta shamol turbinasi oʻrnatiladi. Mintaqamizdagi eng yirik shamol elektr stansiyasi boʻlishi kutilayotgan mazkur stansiyada ilk quvvatlar joriy yil yakunida ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Keling, shu oʻrinda ushbu loyihaning iqtisodiy ahamiyati, stansiya aholi farovonligi, iqtisodiyot rivojiga qay darajada hissa qoʻshishi mumkinligiga qisqacha toʻxtalib oʻtsak.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, stansiya toʻliq ishga tushirilgach, yiliga 1 milliard 800 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu, ayni paytdagi elektr energiyasi tanqisligining yarmidan koʻprogʻi qoplanadi, degani. Loyihaning toʻliq quvvatiga erishish, shuningdek, yiliga 540 million kubometr tabiiy gaz tejalishiga olib keladi, oʻz navbatida, atmosferaga 720 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.
Koʻrinib turibdiki, mana shu birgina loyiha nafaqat elektr tanqisligini kamaytirish, balki aholi farovonligi, iqtisodiyot barqarorligi yoʻlidagi boshqa masalalarga ham yechim boʻladi. Binobarin, loyiha doirasida yiliga tejalishi kutilayotgan 540 million kubometr tabiiy gaz qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz xonadoni va ijtimoiy soha obyektlariga issiqlik olib kirishi, yangidan-yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga zamin yaratishi mumkin boʻladi. Atmosferaga 720 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinishi esa bugungi global iqlim muammolari kuzatilayotgan murakkab bir sharoitda juda muhim ahamiyatga egadir.
Yuqorida aytib oʻtganimizdek, bu – muqobil energetika yoʻnalishida amalga oshirilayotgan birgina loyiha va uning kutilayotgan samaralari. Eʼtiborli jihati, yurtimizning tabiiy geografik joylashuvi va iqlim sharoitidan kelib chiqib, bunday katta imkoniyatlarni oʻzlashtirishga qaratilgan yirik loyihalar deyarli barcha hududlarda hayotga tatbiq etilmoqda.
Jumladan, 2021-yilda ilk bor Navoiy viloyati Karmana tumanida quvvati 100 megavattlik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgan, Samarqand viloyatining Nurobod tumanida xuddi shunday quvvatga ega yana bir yirik quyosh fotoelektr stansiyasi foydalanishiga topshirilgan boʻlsa, ayni paytda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Toshkent, Navoiy, Surxondaryo viloyatlarida koʻplab shamol, quyosh va gidroelektr stansiyalari barpo etilyapti.
Ehtiyojdan sakkiz karra katta salohiyat
Oʻzbekiston “yashil energetika”ni rivojlantirish borasida juda katta tabiiy imkoniyatga ega. Masalan, gidroenergetika yoʻnalishini oladigan boʻlsak, yurtimizda 400 dan ortiq kattayu kichik daryolar borligining oʻziyoq ushbu yoʻnalishdagi salohiyat darajasidan dalolat beradi. Binobarin, ularning oʻrganilgan yillik gidroenergetika salohiyati 27,5 milliard kilovatt soatga baholangani holda, ayni paytda uning 50 foizga yaqinidan foydalanib kelinyapti.
Agar, mana shu salohiyatning yarmiga yaqinidan foydalanish orqali “Oʻzbekgidroenergo” tizimidagi stansiyalarning yillik umumiy quvvati 2 ming megavattdan oshib, 2 milliard metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishilayotganini inobatga olsak, asosiy imkoniyatlarni ishga solish mamlakatimizga juda katta iqtisodiy naf keltirishini anglatadi.
Quyosh energiyasidan foydalanish borasida esa misli koʻrilmagan imkoniyatlarga egamiz. Xususan, Oʻzbekistonda quyoshli kunlar yiliga 300 kundan ortiqni tashkil etadi. Bu esa, oʻz navbatida, undan foydalanish imkoniyatlarini keskin oshiradi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, quyosh elektr stansiyalari Oʻzbekistonda jami 600 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu mamlakatimizning bugungi kundagi elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojidan sakkiz barobar koʻp, degani. Umuman olganda, quyosh energiyasidan foydalanishning yalpi salohiyati barcha qayta tiklanuvchi energiya turlari salohiyatining 98,6 foizini tashkil etadi.
Mavjud salohiyat potensiali, undan foydalanish orqali qoʻlga kiritiladigan natijalar salmogʻi yaxshi, albatta. Bu borada dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda yirik loyihalar amalga oshirilayotgani esa barchamizni xursand qiladi, Oʻzbekistonning jadal taraqqiyoti, kelajakka ishonchimizni yanada mustahkamlaydi.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan yurtimizda “yashil energetika”ning bugungi holati va rivojlanish yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganishga koʻra, 2022-yilda Oʻzbekistonda quvvati 200 megavattga teng quyosh elektr stansiyalari yordamida 411 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu, oʻz navbatida, 124 million metr kub tabiiy gazni tejash, atmosferaga 164 ming tonna zararli gazlar chiqarilishining oldi olish imkonini bergan.
Shu davrda quvvati 2 ming 72 megavattga teng gidroelektr stansiyalarida 6,48 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 1,94 milliard metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishilgan. Shunga mos ravishda havoga 2,71 million tonna zararli gazlar chiqarilishining oldi olingan.
Umuman, mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda boʻlgani kabi qayta tiklanuvchi energetika yoʻnalishida ham katta marralar maqsad qilingan, yuqorida aytib oʻtganimizdek, bu borada yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu yoʻnalishdagi islohotlarning ilk samaralari boʻy koʻrsatayotgani esa alohida eʼtirofga sazovor.
Quyoshli xonadon
Bugungi kunda aholini elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash eng ustuvor vazifalar sirasiga kiradi. Negaki, texnika taraqqiyoti turmush tarzimizga shu qadar chuqur singib ketganki, elektrsiz nafaqat ish faoliyatimiz, balki roʻzgʻorimizda ham marom buziladi, qator noqulayliklar paydo boʻla boshlaydi, ishimizda esa unum boʻlmaydi.
Elektr taqchilligi bor joyda tabiiyki, uzilishlar, demakki, noqulayliklar kuzatilib turadi. Yodingizda boʻlsa, yurtimizda yaqin-yaqingacha bu boradagi taqchillik muammosi bilan asosan isteʼmolchilarga cheklovlar kiritish orqali kurashildi. Yil sayin oʻsib kelgan ehtiyoj esa muammoni yanada chuqurlashtirib, aholi, ayniqsa, qishloq joylarda yashovchi yurtdoshlarimiz turmush tarzida “elektrsiz hayot” koʻnikmasini shakllantirdi.
Bugungi kunga kelib vaziyat tubdan oʻzgardi. Toʻgʻri, ayrim joylarda aholiga elektr energiyasi 24/7 rejimida uzluksiz yetkazib berilmayotgandir, lekin taʼminot borasidagi holat avvalgisidan “osmon bilan yercha” farq qiladi.
Eng muhim va eʼtiborli jihat esa, quyosh panellaridan foydalanishni ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyilgani muammo yechimiga qaratilgan eng toʻgʻri qaror boʻldi.
Jumladan, Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, quyosh panellari ishlab chiqaruvchilari besh yil davomida barcha turdagi soliqlardan ozod qilindi.
2020-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida kompensatsiyalar taqdim etish belgilandi.
2022-yil sentyabr oyida quyosh energiyasini rivojlantirishni ragʻbatlantirishning yangi tizimi yaratildi, uning doirasida 2019-yilda qabul qilingan imtiyozlar qayta koʻrib chiqildi. Natijada jismoniy shaxslar tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sotib olish uchun kompensatsiya miqdori tasdiqlandi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlaridan biri fuqarolar va korxonalar tomonidan ularni sotib olishni moliyaviy ragʻbatlantirishdir. 2022-yil oxirida Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasiga ushbu maqsadlar uchun 100 milliard soʻm oʻtkazildi.
1-oktyabrdan boshlab fuqarolar qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 3 yil davomida foizsiz toʻlash orqali sotib olishlari mumkin boʻldi. Ushbu norma Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqarilgan fotoelektr panellar, shamol generatorlari va quyosh suv isitgichlariga taalluqlidir. Agar xaridor qurilmaning toʻliq narxini va uni oʻrnatishni darhol toʻlasa, u yakuniy narxdan chegirma shaklida kompensatsiya olish huquqiga ega boʻladi.
Bu kabi ragʻbat va imtiyozlar oʻz navbatida, quyosh panellaridan foydalanishni ommalashtirishga keng yoʻl ochyapti. Buni Fargʻona viloyatida ayni yoʻnalishdagi ishlar misolida ham koʻrish mumkin.
Jumladan, Toshloq tumanidagi “Hamrak” mahalla fuqarolar yigʻinida quyosh panellaridan foydalanish ommalashmoqda. Aholi beminnat dastyorning oʻziga xos qulaylik va imkoniyatlaridan mamnun. Sababi, quyosh panellari yordamida olingan elektr energiyasi avvalo, oila ehtiyojini qoplayapti, qolgan qismini sotish imkoniyati esa kreditni soʻndirishda qoʻl kelmoqda.
– Uyimizga 5 kilovatt-soat quvvatga ega quyosh panellari oʻrnatganimizga koʻp boʻlgani yoʻq, – deydi shu mahallada yashovchi Yursinali Moʻminov. – Har oyda oʻrta hisobda 500–600 kilovattdan ortiq elektr energiya sarflaymiz. Kuz-qish mavsumida esa isteʼmol miqdori tabiiy ravishda ortadi. Yangi qurilma tufayli elektr energiyasi bilan bogʻliq sarf-xarajatlarimiz keskin tejaldi. Endilikda nafaqat oʻz ehtiyojimizni qoplaymiz, balki ortigʻini davlatga sotish imkoniyatiga ham egamiz. Asosiysi, chiroq oʻchib qolishi bilan bogʻliq muammolar barham topdi. Bizga havas qilib, quyosh panellari oʻrnatish istagida boʻlgan mahalladoshlarim ushbu qurilmaning ishlash jarayoni, qulayliklari bilan yaqindan tanishmoqda.
Tahlillarga koʻra, xonadonida 5 kilovattli quyosh panellari oʻrnatgan oila, oʻz ehtiyojidan ortgan 20 kilovattgacha energiyani sotish imkoniyatiga ega. Bu raqamlar kalendar kuniga boʻlib chiqilsa, kutilayotgan foyda miqdorini chamalab olish qiyin emas. Bundan tashqari, quyosh panellari oʻrnatgan xonadonlarga hech qanday qoʻshimcha elektr hisoblagichlar oʻrnatilmaydi. Avvaldan oʻrnatilgan “aqlli” hisoblagichlar sotilayotgan va davlat tomonidan olingan elektr energiyasini hisoblash imkonini beradi.
Toshloq tumani isteʼmolchilariga joriy yil uchun 250,6 million kilovatt-soat elektr energiyasi talab etiladi. Amalda esa, qariyb 237 million kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib berilishi prognoz qilinmoqda. Demak, 13,7 million kilovatt-soatlik tanqislik mavjud. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida 266 ta binoga 2,5 megavattli quyosh panellari hamda 1 ming 900 litrlik geliokollektorlar oʻrnatilyapti.
– Elektr energiyasidan foydalanish hajmi yildan-yilga ortib borayotgan bir paytda muqobil energiyadan foydalanish ommalashayotgan quvonarli, albatta, – deydi Toshloq tumani hokimining birinchi oʻrinbosari Kamoliddin Umarov. – Ayni paytda aholi bilan muloqotlarimizda quyosh panellaridan foydalanishning qulayliklari, bu borada mavjud imtiyoz va imkoniyatlar haqida maʼlumotlar beryapmiz. Shu kunga qadar turli obyektlarga 545 kilovattlik quyosh panellari, 8 ta suv isitish qurilmasi oʻrnatildi. Buning uchun aholiga tijorat banklari tomonidan 16 fuqaroga 260 million soʻm kredit ajratildi. Ayni paytda yana koʻplab yurtdoshlarimizga quyosh panellari xaridi uchun kredit hujjatlari tayyorlanmoqda.
“Quyoshli xonadon” loyihasi doirasida 78 xonadonga 206 kilovattlik quyosh panellari oʻrnatildi. Elektr energiyasi bilan bogʻliq tanqislikni qoplash maqsadida barcha ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralari, tadbirkorlik subyektlarining quyosh panellari oʻrnatish, energiyatejamkor jihozlardan foydalanish borasidagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish choralari koʻrilmoqda.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Fargʻona viloyatida 3 ming 703 ta xonadonga 20 megavatt, tadbirkorlik subyektlarining bino va inshootlariga 22,8 megavatt, ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralariga esa quvvati 10,5 megavatt boʻlgan quyosh panellarini oʻrnatish rejalashtirilgan.
– Shu kunga qadar 1 ming 774 xonadonga quvvati 3,2 megavatt, tadbirkorlik subyektlari tomonidan esa 3,5 megavatt boʻlgan quyosh panellari oʻrnatildi. Shuningdek, ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida 8,5 megavattlik ana shunday qurilmalar foydalanishga kiritildi, – deydi Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi matbuot kotibi Abduvahob Turdiyev. – Umumiy quvvati 50 kilovattgacha boʻlgan quyosh panellarini oʻrnatgan jismoniy shaxslarga oʻz isteʼmolidan orttirib yagona tizimga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga davlat byudjetidan 1000 soʻmdan subsidiya ajratilishi belgilangan. Quyosh panellari oʻrnatgan isteʼmolchilar bu borada onlayn ravishda xududiy elektr tarmoqlari korxonalari bilan shartnomalar tuzmoqda.
“Quyoshli xonadon” dasturi orqali kelib tushayotgan murojaatlar mutaxassislar tomonidan oʻz vaqtida oʻrganilib, quyosh panellaridan foydalanish talablari, mavjud imtiyoz va imkoniyatlar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Taraqqiyot strategiyasida belgilab qoʻyilganidek, 2026-yilga borib mamlakatimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari quvvati 8 ming megavattgacha, gidroelektr stansiyalari quvvati esa 2 ming 920 megavattgacha oshiriladi. Natijada ishlab chiqarilayotgan yalpi elektr energiyasida qayta tiklanadigan energiya ulushi 25 foizga yetadi, 3 milliard metr kub tabiiy gaz tejaladi va bu orqali 1 million xonadonni 1 yil davomida gaz bilan taʼminlash imkoni yaratiladi. Tejab qolingan bu miqdordagi tabiiy gazdan esa, 15 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin, boshqacha aytganda, bu bugungi kunda mamlakatimizda jismoniy isteʼmolchilarning 98 foizini bir yil davomida elektr energiya bilan taʼminlash uchun yetarli boʻladi.
Shu bilan birga, 2023–2030-yillarda mamlakatimizda 11 ta yirik, 9 ta oʻrtacha va 8 ta kichik va mikro gidroelektr stansiya qurilishi rejalashtirilgan. Yangi GESlarni ishga tushirish hisobiga esa yiliga 5,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va 1,74 milliard metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.
Oʻzbekistonning “yashil energetika” borasida amalga oshirayotgan bu kabi yirik va hayotbaxsh loyihalari va ayni yoʻnalishga doir yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallagan katta maqsadlari tahsinga sazovor. Negaki, davlatning qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish borasida amalga oshirayotgan siyosati, birinchi navbatda, aholi va tadbirkorlik subyektlarini elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, tabiiy uglevodorod zaxiralarini tejash orqali sanoatning boshqa tarmoqlarini jadal rivojlantirishga zamin hozirlaydi.
Uchinchidan esa, atmosferaga zararli gazlar chiqarilishining oldini olish hisobiga iqlim oʻzgarishlari, oʻz navbatida, ushbu holat keltirib chiqarayotgan qurgʻoqchilik, chang-toʻzon koʻtarilishi, suv tanqisligi kabi qator muammolar oqibatini yumshatishga imkoniyat yaratiladi.
Avazbek XUDOYQULOV,
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbirlari











