Mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat turizm qoʻmitasi raisi oʻrinbosari U.Agzamov va Saudiyaning “Radiant Travel & Tours” kompaniyasi masʼul vakillari S.Sheyx va A.Jalal ishtirokida onlayn-muloqot tashkil etildi.
Onlayn-tadbirda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora tadbirlar yuzasidan fikr almashildi. Jumladan, Saudiya Arabistoniga Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlaridan keladigan Haj va Umra amallarini bajaruvchilarga qulaylik yaratish va ularning safarlarini mazmunan boyitish maqsadida “Oʻzbek ziyorat turizmi” brendini keng targʻib qilish masalasi atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, ularga Umra safari davomida Oʻzbekistonda boʻlib, islom dunyosida mashhur qadamjolarni ziyorat qilish taklifi ilgari surildi. Bu yoʻnalishda respublikada 6 ta xalqaro maqomga ega aeroport mavjudligi va tegishli turistik infratuzilmalar faoliyat yuritayotganligi alohida taʼkidlandi.
“Radiant Travel & Tours” kompaniyasi vakillari Saudiya Arabistoni va yuqorida koʻrsatilgan mintaqadagi davlatlar hamjamiyatlarida Oʻzbekistonning turistik salohiyatini keng targʻib qilishga moʻljallangan qator loyihalarini tashkil etishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.