“Rally Muynak – 2023” chempionatiga start berildi

    Sport 26 May 2023 1991

    Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida “Rally Muynak – 2023” avtoralli bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi bosh direktori Anvar Kurbaniyazov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Rasul Zarikeyev har yili an’naviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu chempionat yanada zavqli va taassurotlarga boy o‘tishiga ishonch bildirib, musobaqa ishtirokchilariga omad tiladilar.

    “Rally Muynak – 2023” avtoralli bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining tashkilotchilari O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi hisoblanadi. Chempionat 28-may kuni yakuniga yetadi.

    Chempionatni tashkil etishdan asosiy maqsad mintaqada turizmni rivojlantirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish, sport va festivallar turizmini rivojlantirish, avtomotosport turlarini ommalashtirish, shuningdek, yosh avlodni texnik va amaliy sport turlariga jalb qilishdan iborat. Bundan tashqari, rallini tashkil etish orqali tumanda turizm sohasida faoliyat olib boruvchi korxonalarni va xizmat ko‘rsatish sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘lib hisoblanadi.

    Mamlakatimizning turli burchaklaridan va xorijdan kelgan sportchilar ikki toifadagi avtomobillarda – dvigatel hajmi 1600 sm3gacha “A-8” va dvigatel hajmi 2000 sm3gacha “A-9” sinflari bo‘yicha bellashadilar.

    Shuningdek, dvigatel hajmi 2000 sm3gacha “Baggi” va dvigatel hajmi 125 sm3gacha va 500 sm3gacha motosikllar bo‘yicha musobaqalar ham tashkil etiladi.

    “Rally Muynak – 2023” avtomotosport musobaqalarida 120 nafardan ortiq avtomotosport ustalari, shundan 40 tadan ortiq avtomobil, 25 tadan ziyod motosikl va 15 tadan ortiq “Baggi”da ishtirok etadi.

    Ikki kun davom etadigan ushbu nufuzli musobaqani nafaqat o‘zbekistonliklar, balki butun dunyo bo‘ylab ushbu sport turi ixlosmandlari katta qiziqish bilan kuzatmoqda.

    “Rally Muynak – 2023” avtomobil sporti musobaqalari g‘oliblariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrinlari topshiriladi.

    Shuningdek, g‘oliblar, murabbiylar va hakamlarga O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi rahbariyatining esdalik sovg‘alari ham topshiriladi.

    O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
    “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati