Davlat xizmatlari, bank operatsiyalari, ta’lim, muloqot – bularning barchasi bir-ikki tugma bosish orqali hal bo‘ladigan oddiy yumushga aylandi. Biroq, har bir yutuqning o‘z soyasi bo‘lganidek, raqamli dunyoning bu beqiyos qulayliklari ortida yangi va yanada xavfli bir illat – kiberkorrupsiya yashirinib yotibdi. Porani konvertda olayotgan mansabdor shaxs siymosi o‘tmishda qolayotgandek, bugun korrupsiyaning shakli o‘zgarib, u endi raqamli makonga ko‘chib, ko‘zga ko‘rinmas, ammo jamiyat va davlat uchun misli ko‘rilmagan darajada xatarli tus olmoqda. Bu shunday illatki, u na faqat davlat g‘aznasini o‘maradi, balki fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi, adolat tamoyillarini oyoqosti qiladi va mamlakatning xalqaro nufuziga soya soladi.

Kiberkorrupsiya, o‘z mohiyatiga ko‘ra, an’anaviy korrupsiyaning raqamli ko‘rinishidir. Bu mansabdor shaxslar yoki ular bilan til biriktirgan guruhlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsiy manfaat yo‘lida sodir etadigan jinoiy harakatlari majmuidir. Agar ilgari pora olish uchun bevosita jismoniy aloqa talab etilgan bo‘lsa, endilikda bu jarayon virtual olamda, anonim tarzda, turli xil elektron hamyonlar, kriptovalyutalar va murakkab moliyaviy sxemalar orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, jinoyatni fosh etish va aybdorlarni javobgarlikka tortishni keskin qiyinlashtiradi. Kiberkorrupsiyaning ko‘lami va turlari kundan-kunga kengayib bormoqda. U davlat xaridlari tizimiga aralashishdan tortib, soliq ma’lumotlarini soxtalashtirishgacha, litsenziya va ruxsatnomalarni noqonuniy berishdan tortib, ijtimoiy nafaqalarni o‘zlashtirishgacha bo‘lgan keng qamrovli sohalarni o‘z ichiga oladi.

O'‘zbekiston Respublikasi ham bugungi kunda global raqamlashtirish jarayonlaridan chetda qolmayapti. “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning barcha jabhalarida axborot texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Bu, shubhasiz, shaffoflikni oshirish, byurokratiyani kamaytirish va korrupsiyaviy omillarga chek qo‘yishda muhim qadamdir. “Elektron hukumat” tizimining rivojlanishi, davlat xizmatlarining onlayn formatga o‘tkazilishi inson omilini sezilarli darajada kamaytirdi. Biroq, tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Raqamlashtirish jarayonlari bilan birga kiberjinoyatchilik, xususan, kiberkorrupsiya xavfi ham ortib bormoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida kiberjinoyatlar soni bir necha barobarga oshgani haqidagi statistik ma’lumotlar bu tahdidning jiddiyligidan dalolat beradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 8-iyul kuni mahallada jinoyatchilikni jilovlash va qonun ustuvorligini ta’minlash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi. Ushbu tadqimotda yurtimizda yil boshidan buyon sodir etilgan jinoyatlarning 42 foizini kiberjinoyatlar ulushiga to‘g‘ri kelishi aytib o‘tildi. Bu jinoyatlar orasida bank kartalaridagi pullarni o‘g‘irlash, onlayn firibgarlik, zararli dasturlar tarqatish kabi holatlar bilan bir qatorda, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish orqali raqamli tizimlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish holatlari ham uchrab turibdi.

Xo'sh, bu ko'rinmas, ammo o‘ta xavfli dushmanga qarshi qanday kurashish mumkin? Kiberkorrupsiyaga qarshi kurash kompleks yondashuvni talab etadi va bu kurash bir necha muhim yo‘nalishda olib borilishi zarur.

Birinchidan, bu – mustahkam huquqiy baza. Kiberkorrupsiya tushunchasiga aniq ta’rif berish, bu turdagi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, milliy qonunchilikni ilg‘or xalqaro standartlarga moslashtirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-yanvarda qabul qilingan “Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-17-son va 2025-yil 30-aprelda qabul qilingan “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-153-son qarorlarii bu borada tashlangan muhim qadam bo‘ldi. Ushbu hujjatlar kiberjinoyatlarning oldini olish, ularni fosh etish samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Banklar va to‘lov tashkilotlarining o‘z mijozlari mablag‘larini himoya qilish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish kabi choralar ham aynan kiberkorrupsiyaning moliyaviy oqimlariga zarba berishga qaratilgan.

Ikkinchidan, texnologik himoya. Davlat organlarining axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va elektron platformalari tashqi aralashuvlardan maksimal darajada himoyalangan bo‘lishi shart. Buning uchun eng zamonaviy kiberxavfsizlik vositalarini joriy etish, tizimlarni muntazam ravishda audit tekshiruvlaridan o‘tkazish, zaifliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish lozim. Sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash orqali shubhali tranzaksiyalarni, ma’lumotlarga noqonuniy kirishga urinishlarni avtomatik tarzda aniqlaydigan va ularga to‘siq qo‘yadigan tizimlarni yaratish kiberkorrupsiyaga qarshi kurashda inqilobiy o‘zgarish yasashi mumkin. Bunday “aqlli” tizimlar inson omili aralashuvini minimallashtirib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni sezilarli darajada kamaytiradi.

Uchinchidan, va eng muhimi – jamiyatda korrupsiyaga, jumladan uning raqamli ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish. Har bir fuqaro o‘zining shaxsiy ma’lumotlari daxlsizligini ta‘minlash, onlayn operatsiyalarni amalga oshirishda hushyor bo‘lish bilan birga, har qanday shubhali holat, raqamli tovlamachilik yoki mansabdor shaxs tomonidan sodir etilayotgan noqonuniy harakatlar haqida tegishli organlarga o‘z vaqtida xabar berishi lozim. Aholining huquqiy va moliyaviy savodxonligini oshirish, kibergigiyena qoidalarini keng targ‘ib qilish orqali biz kiberjinoyatchilar uchun yaratilgan “qulay” muhitni yo‘qqa chiqarishimiz mumkin. Ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari bu jarayonda faol ishtirok etib, kiberkorrupsiyaning jamiyat uchun naqadar katta xavf ekanligini, uning oqibatlari har birimizga ta’sir qilishi mumkinligini odamlarga tushuntirib borishlari darkor.

Dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, rivojlangan davlatlar kiberkorrupsiyaga qarshi kurashda allaqachon jiddiy choralar ko‘rayotganini guvohi bo‘lamiz. Nufuzli xalqaro tashkilotlar bu muammoni global kun tartibiga olib chiqib, transmilliy kiberjinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha kelishuvlarga erishmoqda. Xalqaro huquqiy normalarni takomillashtirish, kiberjinoyatchilarni ekstraditsiya qilish mexanizmlarini soddalashtirish va tezkor ma’lumot almashinuvini yo'lga qo‘yish bu boradagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridir.

Xulosa qilib aytganda, kiberkorrupsiya – bu shunchaki texnik muammo yoki alohida olingan jinoyat turi emas. Bu – raqamli asrning davlat va jamiyat barqarorligiga, iqtisodiy rivojlanishiga va fuqarolarning farovonligiga tahdid solayotgan jiddiy ijtimoiy-siyosiy illatdir. Unga qarshi kurash faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi bo‘lib qolmasligi kerak. Bu kurashda butun jamiyat – davlat idoralaridan tortib, xususiy sektorgacha, ommaviy axborot vositalaridan tortib, har bir fuqarogacha birlashishi, yagona kuch sifatida harakat qilishi talab etiladi. Faqatgina shaffoflikni ta’minlash, qonun ustuvorligiga erishish, texnologik himoyani kuchaytirish va jamiyatda murosasizlik madaniyatini shakllantirish orqaligina biz bu raqamli baloga qarshi samarali kurasha olamiz va farzandlarimiz uchun adolatli, xavfsiz va farovon kelajak qura olamiz. Zero, raqamli dunyoning imkoniyatlari yovuz niyatli kimsalarga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilishi lozim.

 


Dilshodjon Egamberdiyev,

TDYU Kiber huquq kafedrasi mudiri o‘rinbosari

yu.f.f.d., dotsent v.b.