Tez oʻzgarayotgan dunyoda ilm-fanning qadri uning qanchalik koʻp kitoblardaa ks etgani bilan emas, balki insonlar hayotini qanchalik ijobiy tomonga oʻzgartirgani bilan oʻlchanmoqda. Gap shundaki, uzoq yillar ilmiy faoliyat deganda faqat dissertatsiya himoya qilish, akademik unvon olish va kutubxonalar uchun qalin jildli kitoblar yozish tushunib kelindi.

Natijada nazariya va hayot oʻrtasida ulkan uzilish paydo boʻldi. Biroq tarix guvohlik beradiki, insoniyat erishgan eng buyuk yutuqlar aynan nazariya va amaliyotning jipslashgan nuqtasida tuʻgʻilgan. Shu sababli bugungi davr talabi “ilmiy ish ilmiy ish uchun” emas, balki “hayot uchun ilm” tamoyilidir. Bu tamoyil olimlardan bilim toʻplashdan tashqari jamiyatning eng ogʻriqli muammolariga real yechim topishni talab qiladi. Ilm-fanning amaliyot bilan uygʻunligi uchta muhim yoʻnalishda strategik ustunlik beradi.

Birinchidan, ijtimoiy muammolarning tezkor yechimi. Taʼlim, sogʻliqni saqlash va ekologiya kabi sohalardagi muammolar faqat kabinetda oʻtirib emas, balki real vaziyatni ilmiy tahlil qilish orqali hal etiladi.

Ikkinchidan, innovatsiya va raqobatbardoshlikni yuzaga keltiradi. Yangi texnologiyalar hamda boshqaruv usullari kundalik ehtiyojlardan kelib chiqib yaratilgandagina davlat jahon bozorida raqobatbardosh boʻla oladi.

Uchinchidan, yosh olimlar masʼuliyatini oshiradi. Tadqiqotchi oʻz ishining natijasi qaysidir korxona yoki sohada qoʻllanishini bilsa, uning jamiyat oldidagi masʼuliyati va ishtiyoqi bir necha barobar ortadi.

Prezidentimiz taʼkidlayotgan eng muhim jihatlardan biri muammoni joyida oʻrganishdir. Haqiqiy olim — hayotning ichiga kirib borgan inson. Qishloq xoʻjaligi olimi dalada fermer bilan elkama-elka turishi, taʼlim sohasi tadqiqotchisi esa maktab partasidagi muhitni his qilishi shart. ­Shundagina ilmiy ish naf keltiradigan kuchga aylanadi.

Germaniya, Janubiy Koreya va Singapur kabi davlatlarning iqtisodiy moʻjizasi zamirida aynan universitetlar va ishlab chiqarish oʻrtasidagi mustahkam koʻprik yotadi. Ularda har bir ilmiy gʻoya bozorda yoki ijtimoiy sohada oʻz aksini topmasa, u toʻliq qiymatga ega deb hisoblanmaydi. Shuning uchun bugun yangi Oʻzbekistonda ham ilmiy tadqiqotlarni baholash mezonlari tubdan oʻzgarmoqda. Endi asosiy eʼtibor maqolalar soniga emas, balki oʻsha tadqiqotning amaliy ahamiyatiga qaratilmoqda. Davlat tomonidan yaratilayotgan innovatsion markazlar, startaplar va ilmiy grantlar aynan ilmni hayotga yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda. Ilm esa jamiyatni harakatga keltiruvchi kuch. Agar u amaliyotdan uzilsa, oʻz mohiyatini yoʻqotadi.

Insoniyat tarixida ilm-fan rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk muhaddis Imom Buxoriyning ilmiy merosida markaziy oʻrinlardan birini ilm va amal uygʻunligi gʻoyasi egallaydi. Bugungi kunda “ilm hayot uchun xizmat qilishi kerak” degan tamoyil aynan Imom Buxoriyning bundan oʻn bir asr oldin ilgari surgan taʼlimotlari bilan hamohangdir. Imom Buxoriy oʻzining shoh asari boʻl-mish “Sahihul Buxoriy”da alohida bir bobni “Ilm soʻz va amaldan oldindir” deb nomlagan. Bu nafaqat diniy, balki dunyoviy taraqqiyotning ham oltin qoidasidir. U zotning fikricha, ilmsiz amal — xato. Toʻgʻri bilimga tayanmagan har qanday harakat adashishga yoki samarasiz natijaga olib keladi. Amalsiz ilm — samarasiz. Ilm insonning zehnida yoki qogʻozda qolib ketsa, u xuddi meva bermaydigan daraxt kabi foydasiz. Inson, avvalo, toʻgʻri ilmga ega boʻlishi, soʻngra mana shu ilm asosida soʻzlashi va ish tutishi lozim. Bu jamiyatda tartibsizlik va yuzakilikning oldini oluvchi asosiy omildir.

Imom Buxoriy taʼlimotiga koʻra, haqiqiy olim faqat koʻp maʼlumot toʻplagan shaxs emas, balki bilgani-ga amal qilgan ins ondir. Ilm insonning axloqini tarbiyalashi, uning ichki dunyosini oʻzgartirishi kerak. Agar ilm amalga aylanmasa, u shunchaki maʼlumotlar toʻplami boʻlib qolaveradi va uning jamiyatga taʼsiri sezilmaydi. Bu gʻoya bugungi kun olimlari, rahbarlari va tadqiqotchilari uchun juda katta masʼuliyat yuklaydi. Har bir ilmiy izlanishning ortida insoniyat manfaati va amaliy foyda boʻlishi shart. Bugungi shiddatli taraqqiyot davrida Imom Buxoriyning ilm va amal haqidagi qarashlari yangicha mazmun kasb etmoqda. Eng avvalo, bugungi dunyoda faqat bilish yetarli emas, bilimni iqtisodiyotga, ishlab chiqarishga va ijtimoiy farovonlikka aylantirish — davr talabi.

Hayot boshqaruvida ham rahbarlardan muammoga ilmiy yondashuv bilan qarashni taqozo etayotir. Zamonaviy dunyoda boshqaruv sanʼati shunchaki intuitsiya yoki tajribaga tayanishdan chekinmoqda. Bugungi kun rahbaridan qat’iyatdan tashqari  muammoning ichki mohiyatini ilmiy asosda anglash salohiyati talab etilmoqda. Zamonaviy boshqaruv nazariyasida “ilmiy-amaliy sintez” deb ataluvchi konsepsiya — rahbarning ilmiy tahlil va empirik (hayotiy) tajribani bir nuqtada birlashtira olishi samaradorlikning bosh mezoniga aylandi. Ilmiy yondashuv muammoni dalillar bilan tekshirish va tizimli xulosa chiqarishni oʻrgatadi.

Ilmiy salohiyat va amaliy ishtirokning uygʻunligi rahbarga tizimni “ichidan” ­koʻrish imkonini beradi. Singapur bosh vaziri Li Kuan Yu aynan shu tamoyilni davlat boshqaruviga olib kirdi. U islohotlarni faqat nazariy manbalardan izlamadi, “joyida tekshirish” orqali amalga oshirdi. Natijada nazariya va hayot oʻrtasidagi masofa maksimal darajada qisqardi. Ilmiy darajaga ega rahbarlarda uzoq muddatli rejalashtirish va institutsional xotira kuchli rivojlangan boʻladi.

Tadqiqot bilan shugʻullangan rahbarlar yangilikka ochiq va ijtimoiy adolat masalalarida oʻta sezgir boʻlishi bor gap. Iqtisodchi olim, Nobel mukofoti sovrindori Amartiya Sen tomonidan ilgari surilgan “inson kapitalini rivojlantirish” nazariyasi ­bugungi kunda koʻplab rivojlangan davlatlarning boshqaruv strategiyasiga asos boʻlmoqda. Uning fikricha, davlatning vazifasi shunchaki YAIMni oshirish emas, balki insonning qobiliyati va erkinliklarini kengaytirishdir.

Yurtimizdagi korxonalarni ilmiy-innovatsion rivojlantirish borasidagi siyosat va strategik tashabbuslar ham har tomonlama ilmiy asosda rivojlanishni koʻzda tutadi. Zero, bugungi kunda global iqtisodiy maydonda faqat tabiiy resurslarga tayanganlar emas, balki intellektual salohiyat va innovatsiyalarni ishlab chiqarishga integratsiya qilgan mamlakatlar yetakchilik qila oladi. Prezidentimiz maʼruzalarida qayta-qayta taʼkidlanadigan bosh gʻoya ham universitetlar va sanoat korxonalari oʻrtasidagi “koʻprik”ni mustahkamlashdir. Korxona xalqaro bozorda raqobatbardosh boʻlishi uchun u faqat arzon ishchi kuchi yoki xomashyo-ga emas, balki bilim va innovatsiyalarga tayashi lozim. Bu jarayonda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va ilmni iqtisodiy qiymatga aylantirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Bu borada huquqiy poydevor ­mustahkamlan-yapti. Strategik qarorlar va konsepsiyalarga urgʻu berilmoqda. Masalan, 2018-2021 yillar oraligʻida sohani tubdan isloh qilishga qaratilgan bir qator muhim hujjatlar qabul qilingan boʻlsa,  keyingi bosqich — 2022-2026 yillarda asosiy urgʻu “raqamli iqtisodiyot” va “aqlli ishlab chiqarish” tizimiga oʻtishga qaratildi.

Bugungi kunda har bir yirik korxonada ilmiy tadqiqot boʻlimlari tashkil etilishi davlat siyosatining strategik talabiga aylandi. Boz ustiga “ilmiy ish — amaliy natija” tamoyiliga oʻtildi. Ilmiy jamiyat oldiga qatʼiy talab qoʻyildi. Bu yondashuv qator ijobiy oʻzgarishlarni keltirib chiqardi. Ilmiy loyihalarni grant asosida moliyalashtirishda ularning ishlab chiqarishga joriy etilish imkoniyati bosh mezon etib belgilandi. Korxonalarda innovatsion muhit yaratish uchun yosh olimlar va ilmiy hodimlarni bevosita sanoat obʼektlariga jalb qilish tizimi yoʻlga qoʻyildi. OTMlar va korxonalar oʻrtasidagi hamkorlik ­shartnomalari ­talabalarni amaliyotga yoʻnaltirish va ilmiy ishlanmalarni sinovdan oʻtkazish maydoniga aylandi. Islohotlar mevasi sifatida bugungi kunda bir necha muvaffaqiyatli loyihalarni koʻrish mumkin. Eng avvalo, texnologik parklar barpo etildi. Raqamli texnologiyalar sohasidagi minglab startaplar va eksportga yoʻnaltirilgan xizmatlar ekotizimi yaratildi. Qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalar, yangi seleksiya ishlari va agrotehnologik tadqiqotlar oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Sanoatda raqamlashtirish tizimi avtomatlashtirilgan boshqaruv va energiya­tej amkor tizimlar korxonalar xarajatlarini kamaytirib, samaradorlikni oshirmoqda.

“Ilm — innovatsiya — ishlab chiqarish — raqobatbardoshlik” zanjirli modeli shakllandi. Bunda ilm-fan shunchaki nazariy bilim emas, balki iqtisodiy oʻsishni taʼminlovchi va yangi ish oʻrinlari yaratuvchi asosiy drayver vazifasini bajaradi. Quvonarlisi, ilm-fanga munosabat tubdan oʻzgardi. Endi har bir korxona innovatsion, har bir tadqiqot amaliy va har bir olim jamiyat rivojiga hissa qoʻshuvchi kuch boʻlishi, bu strategik zaruriyat va kelajak taraqqiyot kafolatiga aylanishi kerak.

Qoʻyilayotgan talablarni amalga oshirishda sotsiologiya fanining ahamiyati beqiyos. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda sotsiologiya fani qayta tiklanishi va oliygohlarda malakali sotsiologlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilishi shunchaki akademik oʻzgarish emas. Bu boshqaruv tizimining ilmiy asosga oʻtayotganidan dalolat.

Sotsiologiyani faqat “diagnostika qiladigan fan” deb cheklash xatodir. Chunki u nafaqat jamiyatni tahlil qiladi, balki uni tushuntiradi, bashorat qiladi va hatto oʻzgartirish mehanizmlarini taklif etadi. Sotsiologiya jamiyatdagi muammolarni aniqlaydi (ishsizlik, tengsizlik, migratsiya). Sabablarini tahlil qilib, oqibatlarini baholaydi, yechimlar boʻyicha ilmiy taklif beradi. Shu maʼnoda, endi sotsiologik tadqiqotlar davlat siyosatining yoʻnalishlarini belgilab beruvchi asosiy omil boʻlishi shart. Bu jarayondagi eng muhim burilish bir martalik soʻrovlardan doimiy monitoring tizimiga oʻtishdir. Endilikda jamiyatdagi kayfiyat, aholining davlatga ishonchi qayerda ortayotgani va qayerda zaiflashayotgani muntazam ravishda tahlil qilib boriladi. Qaysi qaror xalqka manfaat keltiryapti, qaysisi esa adolatsiz deb qabul qilinyapti — bularning barchasi raqamlar va ilmiy xulosalar asosida Prezidentimizga taqdim etiladi. Davlatimiz rahbari topshirigʻiga binoan, hudud va tarmoqlar rahbarlari reytingini aniqlash boʻyicha yangi metodologiya ishlab chiqiladi. Bu reyting ijtimoiy fikr va xalqning real roziligiga asoslanadi. Rahbarning faoliyatiga bahoni oʻsha hudud yoki tarmoqda yashayotgan va ishlayotgan odamlar beradi. Bu tizim rahbarlarni “pastga tushib”, odamlar muammosi bilan bevosita shugʻullanishga majbur qiladigan kuchli mexanizm boʻladi.

Masʼuliyatni his qilmagan, sustkashlikka yoʻl qoʻygan va oʻzgarishlar qilishni istamagan rahbarlar boʻyicha ochiq, xolis va tanqidiy axborotlar shakllantirib boriladi. Bu “Listening State” — “Quloq soladigan davlat” konsepsiyasining eng yuqori bosqichi boʻlib, unda xalqning ovozi qaror qabul qiluvchilar uchun eng oliy majburiyat hisoblanadi.

Sotsiologik tadqiqotlarning davlat boshqaruviga izchil joriy etilishi ikkita strategik maqsadga xizmat qiladi.

Birinchidan, qarorlar sifati oshadi. Har bir farmon yoki qaror aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib qabul qilinadi.

Ikkinchidan, masʼuliyat kuchayadi. Rahbarlar oʻz faoliyatining oynasi xalqning fikri ekanini his etib ishlay boshlaydi. Shunday qilib, yangi tizim Oʻzbekistonda islohotlarning samaradorligini oshirishda nafaqat ilmiy asos, balki kuchli ijtimoiy nazorat vositasi boʻlib xizmat qiladi. Xalq roziligi endilikda faqat maʼnaviy maqsad, balki aniq oʻlchanadigan va hisob beriladigan davlat standartidir. Zamonaviy boshqaruv tizimida har qanday islohot yoki ijtimoiy loyiha muvaffaqiyati uning nechogʻli ilmiy asoslangani va jamiyatdagi real holatni aks ettirganiga bogʻliq.

Sotsiologik tadqiqot qarori muayyan ijtimoiy muammoni ilmiy asosda oʻrganish, tahlil qilish va amaliy yechimlar ishlab chiqish maqsadida qabul qilinadigan tashkiliy-metodologik hujjatdir. U tadqiqotning muammoni qoʻyishdan tortib, natijalarni hayotga joriy etishgacha boʻlgan barcha bosqichlarini aniq belgilab beradi. Sotsiologik tadqiqot qarorining eng muhim bosqichi kutilgan natijalarning amaliyotga integratsiyasidir. Tadqiqot natijasida ishlab chiqilgan tavsiyalar davlat organlariga, korxonalarga yoki qonunchilik dasturlariga kiritiladi. Mazkur yondashuv rahbarga muammoni “kitobdan oʻqib” emas, balki xalqning ichiga kirib, raqamlar va jonli muloqotlar asosida “ichidan” tushunish imkonini beradi. Bu esa ijtimoiy siyosat samaradorligini keskin oshiradi. Yangi Oʻzbekistonning boshqaruv tizimida bunday ilmiy asoslangan qarorlar koʻpayishi jamiyatdagi har bir ijtimoiy muammoga eng maqbul va adolatli yechim topishning kafolati boʻlib xizmat qiladi.

Toshpoʻlat MATIBOYEV,

sotsiologiya fanlari doktori, professor