Farg‘ona vodiysini yurtimizning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan Qamchiq dovonidan necha bor o‘tganimning sanog‘i yo‘q.

Qirq yillar oldin birinchi marta qadrdonimning “Volga” mashinasida dovon oshib, Marg‘ilonga borganimdagi hayajon va qo‘rquv tafti haligacha bosilmaganday. O‘shanda asfalьt degan narsa tushiga ham kirmagan, shag‘al emas, yirik-yirik toshlar qoplab yotgan yo‘lning bir tomoni tog‘larga tutash, ikkinchi tomoni esa tikka jarlik edi... Ikkita mashina ro‘baro‘ kelib qolsa, jar tomondagi mashinada o‘tirganlarning yuragini vahima bosardi: yo‘l tor, muyulishlari ko‘p, notekis va olis yo‘lning biror bo‘lagida ham jardan himoyalaydigan to‘siq-vosita yo‘q... Eson-omon manzilga yetib olganimizga beadad shukrona aytib, dovon yo‘lini orzulamay qo‘ygandim.

Keyinchalik 9-10 soatlab yo‘l yurilsa-da, ota yurtimga Qozog‘iston va Tojikiston hududidan aylanib o‘tadigan avtobusda borib keladigan bo‘ldim. Qardoshlar bilan ­yo‘l­larimiz, qishloqlarimiz tutash, hayot tarzimiz o‘xshash bo‘lsa-da, baribir qo‘shni-qondoshlarning tili va dili bilan yuzlashib, tutgan rizqu nasibalaridan totib o‘tishning zavqi boshqacha edi. Tug‘ishganday bo‘lib ketgan hamsoya bilan birrov uchrashib, hol-ahvol so‘rashishdan ko‘ngil qanchalar o‘sadi-yu, jigaringday xalqning yurtiga qo‘nib o‘tishning maqomi qanchalar ulug‘!..

Peshindan keyin poytaxtdan yo‘lga chiqqan og‘irkarvon avtobus Beshariq tumaniga kirib borganda allaqachon qorong‘i tushgan bo‘lardi. Bu yog‘i O‘zbekiston (o‘sha paytdagi nomi), Bag‘dod, Oltiariq tumanlaridan o‘tib, Marg‘ilonga eltadigan yo‘l masofasi ikki yuz kilometr atrofida edi. Yo‘l olis, ikki tomonidagi manzara esa qora qalam bilan chizilgan yaxlit rasmga o‘xshardi: saf tortgan tutlar qorayib ko‘rinar, yulduzlarning g‘ira-shira nurida nigoh yetgan yerlarning boshidan oxirigacha paxtazorlar yastanib, unda-munda simchiroqlar yoki hovlilardagi chiroqlar miltillardi... Marg‘ilondan Toshkentga qaytish kunduzga to‘g‘ri kelgani uchun bu ko‘rinishlarga rang kirardi: faslga qarab tutlar va dalalar yashil, sariq, jigarrang tus olardi. Katta yo‘llarga tutash paxtazorlarning u yer-bu yerida qisnib-qimtinday pastak, tor devorlar bilan o‘ralgan hovlilar ko‘zga tashlanardi. Paxta ochilgan mavsumda oppoq tusga kiruvchi bu kengliklar hosil yig‘ib olinganidan keyin yana bahorgacha fayz-baraka va to‘kinlikka intizor bo‘lardi. Darvoqe, qay bir suv chiqmas, chekka joylarda unib-o‘sgan yovvoyi jiydalarni hisobga olmaganda, yo‘l-yo‘lakay nafaqat dalalarda, balki hovlilarda ham mevali daraxtlar uchrashi amrimahol edi. Sobiq tuzum davrida hovlilardagi mevali daraxtlargacha (tutdan tashqari, chunki tut bargi ipak qurtiga ozuqa edi-da) soliq solinganini (hovlimizdagi o‘rik daraxti sal katta bo‘lganda, “hukumat endi soliq soladi”, deb kesib tashlashgani esimda) aytsam, fikrim tushunarli bo‘lsa kerak.

Taqdirlarni yoritgan chiroqlar

Ko‘p qatnayvergandingdan keyin ko‘chalar, daraxtu ariqlar, hatto yo‘l chetiga kimdir o‘rnatgan yog‘och g‘olayu qo‘lbola o‘rindiqlargacha yod bo‘lib ketarkan.

1991 yil 1 sentyabr — mustaqillik saodati O‘zbekiston yilnomasida yangi sahifalar ochgan kundan boshlab, paxtazorlarni qisqartirish hisobidan odamlarga uy-joy qurish uchun yerlar berilishi xalqchil voqea va ijtimoiy adolat yo‘lidagi zalvorli qadam bo‘ldi. Xalq shirin tushdan uyg‘onib ketganu bu tush emas, haqiqat ekanini ko‘rib, ko‘zi, orzu-havasi, g‘ayrati chaqnab ketgandek edi. Ayniqsa, XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab paxtazorlar iskanjasida bo‘lgan, paxtazorlarga qo‘shilib boshidan zaharli dorilar yog‘dirilgan, dorilangan dalalardan sizib chiqqan suvga vaqti kelsa yuzini yuvgan qishloq ahlining kunu tunlari g‘ayratga, zavqli mehnatga va bayramona kayfiyatga qorishib ketdi: Toshkent — Marg‘ilon avtobusi qorong‘i tushganda Beshariq tumaniga kirib borgach, endi yo‘llarni kuzatib zerikmasdi odam: vaqt allamahal bo‘lishiga qaramay, ikki tomonda chiroqlar yonardi; bir-biriga tutash yangi qurilayotgan hovlilarda kimdir devor tiklar, kimdir imorat qurar, yana kimdir tom yopardi. Hademay, ha, juda tez fursatda ko‘rkam imoratlar, tunukayu shiferli tomlar, yaraq­lagan derazalaru chiroyli pardalar, yangi ekilgan gulu daraxtlar orzumand va havasmand qalblarning o‘ziga xos tilmochiga aylandi.

Keyinchalik... qishlog‘u shaharlar orasida gektarlarga cho‘zilgan o‘rikzorlar, olmazorlar, shaftolizorlar, behizoru olxo‘rizorlar bo‘y cho‘zdi, gullab mevaga kirdi. Qovun-tarvuz polizlari, loviyazorlar, sabzavot paykallari barpo etildi... Davlatmandlar ko‘paysa, davlat boyiydi deydi. Xalqning sog‘lom bo‘lishi esa, birinchi navbatda, dasturxonida darmondorilarga boy sabzavotu meva-chevalarning yetarli va to‘kisligiga bog‘liq.

Xalqimizda “og‘irkarvon” degan so‘z bor. Bu tashbeh yetti o‘lchab bir kesadigan, qadamini chuqur mulohaza bilan bosadigan, xulosa chiqarishga shoshilmaydiganlarga... ba’zan esa yangilikka qo‘l urishga ikkilanib turadiganlarga nisbatan ham ishlatiladi. Shu — keyingi toifa vakillari hayotning hamma sohasida uchraydi. Demoqchimizki, mustaqillik yillarining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maishiy sohalardagi yangilovchi islohotlari natijasi ba’zi hududlarda yillar sayin yaqqol ko‘zga tashlangan bo‘lsa, ayrim joylarda qadamini zo‘rg‘a sudrab bosdi.

...Ota-onamning tarixiy ildizi ­Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanining Marg‘ilon shahriga tutash Oyimcha qishlog‘i bilan bog‘liq. Jigarlarning zurrёdlari shu yerda yashaydi. Qolaversa, har gal ona shahrimga shu qishloqdan o‘tgan katta yo‘l orqali kirib boraman.

“Shu ko‘chalarda ham o‘zgarish, yangilanish bo‘larmikan?” deya o‘yladim bundan bir necha yil oldin Toshkent — Farg‘ona katta magistralidan borarkanman. Ho‘qandi latif qiyofasidagi an’anaviylikka uyg‘un zamonaviy o‘zgarishlardan ko‘zim quvnardi. Tadbirkorlikning, yer ilmining hadisini olgan olti­ariqliklarning hovlilaridan ko‘chalarigacha birdek taralgan va qaralgan uzum so‘ritoklariyu tomorqalariga, shuningdek, ularning daromadi ramzi bo‘lgan ko‘rkam hovli-joylariga tasannolar aytib bordim.

Bozorni bir aylanib...

Bu yil yana bahorga yetkazganiga shukrona aytib, diydoru savob talabida tong payti yo‘lga chiqdim. Qamchiq dovonining sakkiztalab mashina birdek harakatlana oladigan magistralini ko‘rib ulg‘aygan farzandlarimizga bu yo‘llarning yarim asr, boringki, o‘ttiz yil oldingi holati haqidagi gaplarimiz ertakdek tuyuladi. Dovon osha vodiyga qalban elib borarkanman, yana yo‘lning ikki tomonini, katta yo‘lga irmoqdek qo‘shilgan ko‘chalargacha sinchiklab kuzataman: tog‘ yonbag‘irlarida ham palapartish emas, rasamadi bilan ekilgan daraxtlar qad rostlagan, yo‘llar chetidagi qator teraklar bo‘y-basti saralangan navqiron askarlar safini eslatadi. Avvalgi yillardagi kabi yo‘lovchilar uloqtirib ketadigan har xil suv va egulikdan bo‘shagan idishlar, qog‘ozu elim haltachalar deyarli ko‘rinmaydi. Aholi yashaydigan qishloqlar va ularni bog‘laydigan olis-olis ko‘chalar, kengliklar hamda dalalardagi sarishtalik, ozodalик “yarq” etib ko‘zga tashlanadi. Salobati nigohga sig‘maydigan o‘rikzorlar va olmazorlar ulkan guldastaga o‘xshaydi. Toki Marg‘ilonga yetguncha yo‘llarning ilgarg‘i quroq manzarasi tamoman o‘zganganini ko‘rasiz: qadim yo‘llardagi qadrdon qishloqlar ­ketma-­ket peshvoz chiqadi, hammasida obodlik, sarishtalik, devoru imoratlari tekis g‘ishtin hovlilar qad rostlagan... “Yangi avlod”, “Kelajak” deb nomlangan markazlar, novvoyxonalar oldidan shukrona keltirib o‘tamiz.

Biz borayotgan markaziy ko‘chaning ikki tomonida katta hududni egallagan “Qumtepa” bozoridagi manzarani, to‘kinlikni, odamlarning ko‘tarinki kayfiyatini va gurullab turgan savdo-sotiqni bir ko‘rsangiz edi! Non rastalarida momolarimizdan meros ­jiz­­zali, pomidorqoqiyu piyozli, sariyoqli, yong‘ogu mayizli non-patirlargacha bor. Ho‘l mevalar rastalarida esa ayni to‘kin kuz mavsumining tarovati ufurib turadi. Peshtaxtalarga to‘lib-toshgan pistayu bodom, turshagu mayizlar, yong‘ogu jiydalar turining sanog‘iga yetolmaysiz (hamyoningiz ko‘targanini tanlayverasiz). Ular qatorida olchaqoqilargacha topiladi. Asal va sariyoqning tozasini olmoqchi bo‘lsangiz, ana, rang-ro‘yi tiniq, soddayu samimiy mirishkorlarning rastasiga boring! Ko‘k-rezavorlar bozori ko‘klamning mo‘jiz hovlisiga o‘xshaydi. Bundan o‘n yillar oldin oilasiga bir tandirgina ko‘k somsa tayyorlash uchun atrofdagi dalalarni kezib chiqadigan qishloq bekalari bugun tomorqasining chekkasida jag‘jag‘, ismaloq, otquloq ekib biznes qilyapti. Bu ekologik toza mahsulotdan sotuvchi ham, oluvchi ham birdek manfaatdor va minnatdor. Sut, qatiq, sariyoq rastalaridagi mahsulotlarni ko‘rib o‘tarkanman, beixtiyor bundan qirq yil muqaddam bir yashar qizimga bo‘tqa pishirib berish uchun tabiiy sut izlab, Toshkentning markazidan Qibrayga qatnaganlarim esimga tushib ketdi... Yarattganga shukr, u kunlar o‘tib ketdi! Bari xotiralarda qoldi! Faqat endi bu to‘kinlikning qadriga etishimiz, isrofgar va noshukr bo‘lmasligimiz shart!

Eҳ-he, bozorning eng gurullagan joyi bu yoqda ekan-ku: ko‘chatlar, nihollar selkillab turibdi — bahorda bu hammamizga tanish manzara. Ammo gul bozori har doimgidan ham kengayib ketibdi. Zotan, yo‘l-yo‘lakay bir necha gulko‘chat va tuvakdagi gullar sotuvchilarining qatoridan o‘tgan edik. Ilgari o‘zimizda bo‘lmagan gul turlari haqida so‘ragandim, sotuvchi: “Yo‘q, chet eldan olib kelganimiz yo‘q. O‘zimiz o‘stirib ko‘paytir­yapmiz”, deb javob berdi. Xaridorlar — shu atrofdagi xonadonlarning boshliqlari, bekalari. Ularning go‘zallikka, gullarga havasi, mehru ixlosi va intilishi negadir yodimga asalarilarni soldi.

Inson faqat qorин uchun yashamaydi. Ammo xalqimiz sodda va lo‘nda qilib aytib qo‘yibdi: “Bo‘sh qop tik turmaydi”. Juda kichkinaligimizda otajonimning qora eski charm sumkasini ne’matlarga to‘ldirib darvozadan xursand kirib kelishini va nimanidir arzon olganidan mamnun bo‘lib gapirganini... onam esa tikkan do‘ppilarini bozordagi soliqchilardan yashirinib yurib sotganini shukrona bilan so‘zlashini eshitib, bozorning kundalik hayotimizdagi ahamiyatini anglab borganmiz.

Odatda har qanday savdo joyida sotuvchiga nisbatan xaridor ko‘p bo‘ladi. Lekin bugun “Qumtepa” bozorini aylanib kuzatarkanman, sotuvchi ham, oluvchi ham birdek ko‘pligini ko‘rdim. Demak, “Ekaman, undirib yetishtiraman, xalq dasturxoniyu ro‘zg‘orini to‘kin qilib, elu yurtni boyitaman, halol daromad topaman”, deganlar oz emas. Ularning safi o‘tgan yildagiga qaraganda ancha-muncha kengaygan. Eng muhimi, bu xayrli niyatni amalga oshirish uchun sharoit hamda imkoniyat yetarli. Iqtisodiyotda talabga qarab taklif yaratiladi, degan qat’iy qonuniyat barqaror. Bozorda savdo-sotiqning gurullab yotgani ham aynan mana shu me’yorning mutanosibligi belgisidir.

Muhtarama ULUG‘OVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi