Taraqqiyotning hozirgi bosqichida raqamli iqtisodiyot xalqaro va milliy iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan segmentlaridan biriga aylanib ulgurdi. bir tomondan, bu jarayon iqtisodiy oʻsishning lokomotivi, boshqa tomondan esa, anʼanaviy tarmoqlar qiyofasini oʻzgartirib, uning yangi tipdagi iqtisodiyotga transformatsiyalashuvini taʼminlamoqda. Raqamli iqtisodiyot bilimlar, axborotlar, intellektual mehnat mahsulotlaridan foydalanishga asoslanib, iqtisodiyot, ilm-fan va madaniy hayotning barcha jabhasiga kirib bormoqda.

Anʼanaviy iqtisodiyot asosan, iqtisodiy oʻsishni taʼminlasa, raqamli iqtisodiyotning bosh maqsadi innovatsiyalar, yaʼni iqtisodiy rivojlanishdir. Chunki uning imkoniyati koinot kabi cheksiz. U hamma vaqt yangi mahsulot va xizmatlarni yaratishga qodir. Tasodif emaski, innovatsion rivojlangan postindustrial mamlakatlar — Gʻarbiy Yevropadagi Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Irlandiya, Lixtenshteyn, Lyuksemburg, Monako, Niderlandiya, Fransiya, Shveysariya, Shimoliy Yevropadagi Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Janubiy Yevropadagi Andorra, Ispaniya, Italiya, Shimoliy Amerikadagi AQSH va Kanada, Osiyodagi Yaponiya, Janubiy Koreya va Isroil, shuningdek, Avstraliya va Yangi Zelandiya bu borada ancha ilgarilab ketdi.

Bu mamlakatlar ilmiy salohiyati yuqori ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish sohalarining ustunligi bilan ajralib turadi. Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish investitsiya jarayoni bilan bogʻliq. Yangi iqtisodiyotda asosiy ishlab chiqarish kuchi kishilarning bilim va malakasiga asoslanadi. Bunga esa ishlab chiqarishga yoʻnaltiriladigan investitsiya salmogʻini oshirish bilangina erishib boʻlmaydi. Bu jarayon sarmoyani asosan, inson kapitaliga yoʻnaltirish va isteʼmolni kuchaytirish, jumladan, taʼlim va inson salomatligi, qulayligiga sarflash orqali amalga oshiriladi. Natijada odamlarda intellektual oʻsishga, ijodiy qobiliyatini rivojlantirishga vaqt va imkoniyat koʻpayadi. Bu esa raqamli iqtisodiyot segmentini kengaytirish uchun nihoyatda zarur.

Raqamlashtirish uncha katta boʻlmagan, ixcham va moʻjaz korxonalarga nafaqat ichki, balki global bozorda ham raqobatbardosh boʻlish imkonini beradi. Yangi iqtisodiyotda fan sigʻimi yuqori, resurs tejaydigan va raqamli, axborot texnologiyalariga asoslangan ishlab chiqarishning ahamiyati ortadi. Raqamlashtirish jamiyat hayotining barcha jabhasi — moddiy neʼmatlar, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish, uy xoʻjaligi, taʼlim, sogʻliqni saqlash, hatto madaniyat va sanʼat sohalariga ham kirib boradi.

Mexanik oʻzaro taʼsir oʻrnini endi elektron texnologiyalar egallaydi. Texnologik jarayonlar oʻzgarishining bosh trendi raqamlashtirishning oʻsishi, malakasiz mehnat oʻrnini asta-sekin mashina va kompyuterlar egallashi boʻlib qoladi. Yalpi ichki mahsulotda sanoat va qishloq xoʻjaligi kabi anʼanaviy sohalar ulushining pasayish tendensiyasi aslo bu tarmoqlar inqirozini bildirmaydi. Insonning axborot bilan bogʻliq faoliyati bugun iqtisodiyotning mustaqil sektoriga aylanib boshqa sektorlardan ustunlik qilmoqda.

Raqamli iqtisodiyot rivojlangan mamlakatlarda yalpi ishchi kuchining 70 foiziga yaqini axborot va axborot xizmatini ishlab chiqarish bilan band. Real sektorda band boʻlganlar ulushi esa 30 foiz atrofida. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) hisob-kitoblariga koʻra, raqamlashtirish boʻyicha 2020-yilda ushbu bankka aʼzo mamlakatlar orasida AQSH 95,4 ball bilan birinchi oʻrinni egallagan. Bank uslubiyatiga koʻra, raqamlashtirish indeksini baholash mamlakatning raqamlashtirish infratuzilmasi, bilim va koʻnikmalar, AKT xizmatlarini taklif qilish huquqiy bazasi va elektron koʻrinishda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati orqali baholanadi.

Raqamlashtirishda AQSHning qoʻli balandligi sabablaridan biri mamlakatda IT industriya si rivojlanganidir. AKT boʻyicha jahonning yetakchi kompaniyalari ushbu mamlakatda joylashgan. Masalan, “Amazon” 2020-yilda 220,8 milliard dollar ishlab topdi. Undan keyingi oʻrinlarda esa “Google”, “Apple”, “Microsoft”, “Facebook”, “Walmart” kompaniyalari turibdi. Ilon Maskning “Tesla”si, Trevas Xalanikning “Uber”i oʻta yuqori texnologiyali kompaniyalardir.

Qolaversa, AQSHdan tashqarida dunyoga mashhur koʻpchilik texnologik kompaniyalar Kaliforniyaning Kremniy (Silikon) vodiysidan start oladi. IT universal jarayon. U real sektorlar, xizmat koʻrsatish, boshqarish, ijtimoiy sohalarga kirib, raqobat afzalligini bermoqda. Kremniy (Silikon) vodiysida jahon innovatsiyalari, fan sigʻimi yuqori ishlab chiqarish bilan bogʻliq startaplar dunyoga keladi. Venchur kapitalining oʻzaro aloqalari oʻrnatiladi.

Bunga oʻxshash yuqori texnologiyalar markazini yaratishga urinish Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Tayvan va Hindiston kabi mamlakatlarda jadallashdi. Shu munosabat bilan mamlakatimiz ham oʻzining Kremniy vodiysiga ega boʻlish fursati yetdi. U boshqa hududlardagi yuqori texnologiyali klasterlarga xalal bermasligi, aksincha, ularga yordam koʻrsatishi, faoliyatini koordinatsiyalashtirishi, sohada yetakchi boʻlishi kerak.

YETTB uslubiyati boʻyicha aʼzo davlatlar (51 ta)ning raqamlashtirish reytingida Oʻzbekiston 52,6 ball bilan 39-oʻrinni egallaydi. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida raqamlashtirish indeksi boʻyicha Kozogʻiston 71,1 ball bilan birinchi oʻrinda turibdi. Keyingi oʻrinlarni esa Qirgʻiziston — 47,1, Tojikiston — 29,7 va Turkmaniston — 23,7 ball bilan egallagan. Oʻzbekistonning mavqei 2015-2020-yillarda 17,6 birlikka (35 balldan 52,6 ballgacha) koʻtarilgan.

Oʻsishni taʼminlashda mamlakatimizda bu yoʻnalishda amalga oshirilgan bir qator omillar muhim ahamiyatga ega boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasida 2013-2020-yillarda Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini kompleks rivojlantirish dasturi, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, Raqamli Oʻzbekiston — 2030 strategiyasi, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va boshqa dasturlar, huquqiy-meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi. Koʻrsatilgan aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 2019-yildagi 10891,7 milliard soʻmdan 2021-yilda 17112,2 milliard soʻmga yetdi.

Rasmiy statistik maʼlumotlarga koʻra, koʻrsatilgan xizmatlarning 69,9 foizini telekommunikatsiya, 12,5 foizini kompyuter dasturlash, 12,6 foizini aloqa va axborotlashtirish, 5 foizini esa nashriyot xizmatlari tashkil etmoqda. Raqamlashtirish boʻyicha koʻrsatkichlar bundan-da yuqori boʻlishi mumkin edi.

Buning uchun birinchi navbatda, raqamli infratuzilmaga kirish qulayligi, undan foydalanish koeffitsiyentini oshirish lozim. Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 36,1 balldan iborat boʻlib, YETTB aʼzolari orasida eng past koʻrsatkichlardan boʻlib turibdi. Mamlakatimizning raqamlashtirish boʻyicha ilgʻorlar safida boʻlish imkoniyati bormi? Bor, albatta. Hali oʻtgan asrning 70-yillarida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi “Kibernetika” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida akademik Vosil Qobulov rahbarligida RASU (Respublika avtomatlashgan boshqaruv tizimi)ni yaratishga jiddiy urinishlar boʻlgan.

Viloyat, shahar va tumanlarda avtomatlashgan boshqaruv tizimi fragmentlarini yaratib, keyin ularni respublika miqyosida integratsiyalashtirish vazifasi qoʻyilgan. Bu hozirgi raqamlashtirishning, “Elektron hukumat”ning debochasi edi, desak xato boʻlmaydi. Qizigʻi, bu vaqtda hali AQSHning Kremniy vodiysi dunyoga tanilmagan, “Osiyo yoʻlbarslari” mudroqda, Xitoyda Den Syaopin islohotlari boshlanmagan, Singapur baliqchilar posyolkasidan iborat dunyoning bir chekkasi edi.

Ammo bu gʻoyani oʻsha vaqtda amalga oshirish imkoniyati boʻlmadi, mavjud texnika va texnologiya, moliyalashtirish darajasi bilan bunga erishish qiyin edi. Oddiygina telefonlashtirishning oʻzi katta muammo hisoblanardi. Bugun esa vaziyat butunlay oʻzgardi, texnik-texnologik, moliyaviy, intellektual salohiyat mislsiz oʻsdi, qolaversa, xohish-istak, yaqin oʻtmish tajribasi, iroda bor. Prezidentimiz raqamli transformatsiyaga katta eʼtibor qaratmoqda.

Davlatimiz rahbari raqamli iqtisodiyotni shakllantirish unga muvofiq infratuzilmani, ulkan vosita va mehnat resurslarini talab qilsa-da, bu ishlar bilan bugun shugʻullanish kerak, aks holda, ertaga kech boʻladi, keyingi besh yilda Oʻzbekiston uchun ustuvor vazifa — raqamli iqtisodiyotga jadal oʻtish, deb hisoblamoqda. Buning uchun esa, raqamli malaka va koʻnikmalarni shakllantiruvchi taʼlimni yanada rivojlantirish va unga investitsiyalarni keskin oshirish lozim.

Buning sababi, bankka aʼzo mamlakatlarda oʻtgan oʻn yillikda raqamlashtirish darajasi yuqori sektorlarda bandlik b oshqa sektorlarga nisbatan 3 barobar ustun darajada oʻsgan. Raqamli malaka va koʻnikmalarga talab borgan sari oshaveradi. Gap shundaki, ekspertlar xulosasi berishicha, bugunning oʻzida barcha kasblarning 78 foizi raqamli malaka talab qilmoqda, jahondagi kompaniyalarning 44 foizi raqamli rivojlanish strategiyasiga ega.

Raqamli iqtisodiyot nafaqat vaqtni tejash, ishlab chiqarish unumdorligi va natijaviyligini oshirish vositasi, qolaversa, xufyona iqtisodiyot, maʼmuriy buyruqbozlik darajasini pasaytirish imkoniyati, bozor dastaklari ishlab ketishining garovi hamdir. Prezidentimiz parlamentga 2020-yildagi Murojaatnomasida raqamli iqtisodiyotning yashirin iqtisodiyot darajasini pasaytirish bilan bevosita bogʻliqligini taʼkidladi.

Shuningdek, YAIMda raqamli iqtisodiyot ulushini, unga kiritiladigan investitsiyalar hajmini oshirish, elektron savdoni rivojlantirish ham davr talablaridan biri. Va nihoyat raqamli iqtisodiyot infratuzilmasini yaratishda davlatning oʻrni va roli oshib borishi lozim. Chunki bunday ulkan loyihani bir necha kompaniya bilan amalga oshirib boʻlmaydi. Uni faqat davlatning yetakchiligida, kuchli tadbirkorlik va innovatsion yondashuv orqali xususiy biznes, shu jumladan, chet el investitsiyalarining kuchi va imkoniyatlaridan foydalanib amalga oshirish mumkin. Bunda davlat va xususiy sheriklik tamoyilining ahamiyati katta.

Davlat iqtisodiy jarayonlarni raqamlashtirishni umumiy texnologik platformalar tashkil qilish, amaldagi huquqiy-meʼyoriy bazani takomillashtirish, “Elektron hukumat” tizimini yoʻlga qoʻyish, qulay soliq tizimini yaratish, IT kadrlarini tayyorlash, kibertahdidlar xavfsizligini taʼminlash, bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirishi orqali rivojlantirishi mumkin.