2020-yil 6-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan davra suhbati shu mavzuga bagʻishlandi.
Maʼlumki, joriy yil 5-oktyabrda Prezidentimiz tomonidan milliy pochta tizimini isloh qilish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi. Unda davlatimiz rahbari mazkur yoʻnalishni rivojlantirish va barqarorligini taʼminlash yuzasidan soha mutaxassislariga muhim vazifa va topshiriqlar belgilab bergan edi. Qolaversa, pochta sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalari ham tadbir kun tartibidan oʻrin olgan edi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni yana-da chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim shartlaridan biri – bu sohalarni raqamlashtirish hisoblanadi. Bu oʻz navbatida, pochta sohasiga ham zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etishni taqozo etadi.
Davra suhbatida pochta aloqasi sohasida tizimli islohotlarni amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasining Umumjahon pochta ittifoqi dalolatnomalaridan kelib chiquvchi majburiyatlari soʻzsiz bajarilishini taʼminlash boʻyicha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining axboroti tinglandi.
Taʼkidlanidek, bugungi kunda pochta aloqasi bozorida kuchli raqobatli muhit vujudga kelgan. Pochta va kuryerlik xizmatlari 575 ta mahalliy xususiy kompaniya va xalqaro darajadagi yirik kompaniyalar tomonidan koʻrsatib kelinmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, mazkur korxonalar tomonidan 2019-yilda 260,0 milliard soʻmlik pochta va kuryerlik xizmatlari taqdim etilgan.
Tadbir davomida tizimdagi kamchilik hamda muammolarga ham toʻxtalib oʻtildi. Xususan, “Oʻzbekiston pochtasi” AJ tizimida mamlakatimizning barcha hududini qamrab olgan 2 mingdan ziyod boʻlinma boʻlib, ularda 7 ming nafar xodim faoliyat yuritishi lekin yillar davomida sohaga eʼtibor berilmagani sababli pochta xizmatining oʻrni pasayib ketgani aytib oʻtildi. Jumladan, soʻnggi oʻn besh yilda 1 ming 300 ta pochta boʻlinmasi yopilgan. Oʻtgan yili xorijdan kelgan 6 ming tonna joʻnatmalarning atigi 10 foizi, kuryerlik xizmatlarining 30 foizi milliy pochta hissasiga toʻgʻri kelgan xolos.
Pochta sohasi istiqboliga xizmat qiladigan qonunchiligimizni takomillashtirish masalalari ham ishtirokchilar eʼtiborida boʻldi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi pochta sohasida asosiy xalqaro shartnomalarga qoʻshilgan va amaliyotda ularning normalarini qoʻllab kelmokda. Qolaversa, Oʻzbekiston ushbu yunalishda ikki tomonlama davlatlararo hamkorlikni muntazam ravishda rivojlantirib kelmoqda.