Raqamli savodxonlikni rivojlantirish dasturi

    “Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 17-sentyabr sonida Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatovning “Raqamli savodxonlikni rivojlantirish dasturi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni o‘qishingiz mumkin.

    Bugungi kunda ushbu taklif SHHTga a’zo mamlakatlarning kun tartibidagi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Mazkur dastur SHHT mamlakatlari o‘rtasida raqamli iqtisodiyot, ta’lim, fan va madaniyat yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini beradi.

    Jahon hamjamiyatini larzaga solgan pandemiya sharoitida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga ehtiyoj yanada ortdi. Shu munosabat bilan SHHT doirasida aholi orasida kompyuter savodxonligini oshirish hamda mazkur sohada yetakchi mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan das turlarni ishlab chiqish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

    Bugungi globallashuv jarayoni mehnat bozoridagi ishchi kuchining raqamli savodxonligini oshirishni talab etmoqda. Jumladan, masofadan xizmat ko‘rsatish va aqlli elektron qurilmalardan foydalanish ko‘payishi bilan korporasiyalar va kompaniyalarning ishchi kuchi tubdan va tez o‘zgarib bormoqda. Bu, albatta, SHHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasida ham mehnat bozorini moʻtadillashtirib, ishchi kuchi migrasiyasida uchraydigan to‘siqlarni raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali bartaraf etadi.

    Tadqiqotlarga ko‘ra, hozirgi kunda IT sohasida dunyo bo‘yicha 1,2 million nafar mutaxassisga talab mavjud. Ushbu ko‘rsatkich 2030-yilga borib 4,3 millionni tashkil etishi kutilmoqda.
    Hindiston masofadan xizmat ko‘rsatish bo‘ yicha dunyodagi eng yirik bozorga ega. Mamlakatda tarmoq, mobil ilovalarni ishlab chiqish, veb dizayn, internet tadqiqotlari va ma’lumotlarni kiritish yo‘nalishlarida masofadan xizmat ko‘rsatish rivojlangan.

    So‘nggi paytlarda buxgalteriya hisobi, grafik dizayn va konsalting sohalarida ham bosqichma-bosqich o‘sish kuzatilmoqda. Chunki mamlakatda har oyda 500 mingdan ortiq yangi biznes tashkil etiladi. Hindistondagi BPO bozori 2025-yilga borib, 20–30 milliard dollargacha o‘sishi prognoz qilinmoqda.

    Huawei kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, bugungi kunda 170 dan ortiq mamlakat o‘z raqamli rivoj lanish strategiyasiga ega. Shuning dek, raqamli iqtisodiyotga kiritilayotgan investisiyalar boshqa sohalarga kiritilgan sarmoyadan 6,7 barobar yuqori daromad keltiradi. Bundan tashqari, jahon yalpi ichki mahsulotiga nisbatan global raqamli iqtisodiyot 2,5 barobar tez o‘syapti.

    SHHTga a’zo davlatlar axborot texnologiyalari infratuzilmasi va raqamli iqtisodiyotni yanada rivoj lantirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda. Birgina Xitoy 2025-yilga qadar raqamli iqtisodiyotda yangi infratuzilma yaratish uchun 2,57 trillion AQSH dollari yo‘naltirishi belgilangan. O‘z navbatida, Xitoyning raqamli iqtisodiyoti 2025-yilga borib, 8,8 trillion AQSH dollarini tashkil etishi kutilmoqda.

    O‘zbekiston o‘z oldiga mintaqada IT markaziga aylanish bo‘yicha aniq maqsadlarni belgilab olgan. Ushbu sohada o‘tgan yilgi eksport 46 million dollarga yetdi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 100 million dollarga, 2025-yilda esa 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. O‘zbekistonni mintaqaviy IT markaziga aylantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli shu yilning o‘zida 50 dan ortiq xorijiy IT kompaniya mamlakatimizda faoliya tini yo‘lga qo‘ydi. Yil boshidan beri 134 ta yangi IT korxona tashkil qilindi. IT park rezidentlari tomonidan 2,5 ming nafar yosh ish bilan ta’minlanib, ularning umumiy soni 12,5 ming nafarga yetdi. Joriy yilda park rezidentlari soni 747 taga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar oshdi. O‘zbekistonda raqamli ta’lim ekotizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aholi va yoshlarni ushbu sohaga jalb qilish hamda ularning qiziqishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator ishlar bajarildi.

    Birinchidan, mamlakatimizdagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabi yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlandi hamda zamonaviy kompyuter sinflari jamlanmasi yetkazib berildi. Maktablardagi 11 nomdagi informatika va 33 nomdagi ingliz tili darsliklari “English speaking nation” va “IT Nation” loyihasi doirasida yangilandi. O‘z navbatida, dasturlash tillari (Pyhton, S++ va Scratch) bo‘yicha 6,5 ming nafar informatika fani o‘qituvchisining malakasi oshirilgan bo‘lsa, 2,5 ming nafar maktab direktori AKT savodxonligi bo‘yicha o‘qitildi.

    Ikkinchidan, mamlakatda axborot texnologiyalari yo‘nalishida oliy ta’lim beradigan muassasalar soni qariyb 60 taga yetkazildi. Ularning ko‘pi xorijiy yoki xususiy oliy ta’lim muassasalaridir. Bugungi kunda ular orqali eng dolzarb yo‘nalishlarda, xususan, sun’iy intellekt, ma’lumotlar ilmi, axborot xavfsizligi, muhandislik va boshqalar bo‘yicha muhim kadrlar yetishib chiqmoqda.

    Uchinchidan, aholi hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi xodimlarining raqamli savodxonligini oshirish bo‘yicha 205 ta tuman va shaharda IT parkning Raqamli o‘quv markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular ko‘magida o‘ndan ortiq ta’lim dasturi orqali joriy yilning o‘tgan davrida 100 mingdan ortiq ting lovchi o‘qitilgan bo‘lsa, bu raqam yil yakuniga qadar ikki barobar oshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar natijasida IT park rezidenti bo‘lgan o‘quv markazlari soni yuzdan oshdi. Joriy yildan boshlab xuddi shu kabi xususiy o‘quv markazlari tashkil etish uchun o‘zining startap loyihalariga ega bo‘lgan tadbirkorlarga davlat tomonidan 1 milliard so‘mgacha grant ajratilishi tizimi yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Xususiy o‘quv markazlari orqali IT sohasiga qiziqqan yoshlar qisqa muddatlarda talabgir kasb egalariga aylanib, o‘zining mustaqil daromadiga erishmoqda.

    To‘rtinchidan, davlat tomonidan axborot texnologiyalari yo‘nalishiga qiziqqan yoshlar uchun bir qator moddiy rag‘batlantirish tizimlari yo‘lga qo‘yildi.

    Xususan, xalqaro darajada tan olingan IT sertifikati olgan yoshlarning o‘qish va sertifikasiyaga bog‘liq xarajatlarining 50 foizi, xorijiy tillarni yuqori darajada o‘zlashtirganligi bo‘yicha xalqaro sertifikat olish xarajatlarining 100 foizi davlat tomonidan qoplab berilmoqda.

    Shuningdek, IT park rezidenti bo‘lgan o‘quv markazlarida tahsil olayotgan yoshlar uchun ham 4 yil muddatga 20 million so‘mgacha imtiyozli shartlarda ta’lim krediti ajratilishi belgilandi. Bundan tashqari, 2022-yil 1-noyabrdan boshlab IT park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasidagi o‘quv kurslarida tahsil olayotgan ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu o‘quv kurslarini so‘nggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter (shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmagan) xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 barobaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratish tizimi joriy etiladi.
    Joriy yil oktyabr oyida Samarqand shahrida O‘zbekistonning IT sohasidagi imkoniyatlarini hamkor mamlakatlarga tanitish maqsadida AKT haftaligini o‘tkazish rejalashtirilgan.

    Mazkur haftalik sammit, forum, ko‘rgazma, matbuot anjumanlari, taqdimotlar, aksiyalar, mukofotlash va boshqa ko‘plab tadbirlarni o‘z ichiga olib, unda xorijiy mamlakatlardan inves torlar, IT kompaniyalar, xal qaro tashkilotlar hamda sohaga qiziqishi bor tadbirkorlar va mutaxassislar ishtirok etishi kutilmoqda.

    Tadbirdan asosiy maqsad tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalar yutuqlarini namoyish etish, O‘zbekist on IT bozori jozibadorligini chet ellik investorlarga namoyish etish hamda potensial mijozlar va hamkorlarni jalb qilishdir.
    Bu, o‘z navbatida, SHHTga a’zo mamlakatlarning raqamli savodxonlikni rivojlantirish dasturida belgilangan yo‘nalishlardagi hamkorlikni jadallashtirish uchun qulay imkoniyatdir.