Raqamli texnologiyalar imkoniyatlari

    Mahsulotlar va xizmatlar identifikatsiya kodlari yordamida 900 mingdan ortiq elektron hisob-fakturalar yaratilgan.

    Raqamli texnologiyalar hayotimizga shunchalik singib ketdiki, bugungi kunda nafaqat kundalik faoliyatimiz, balki ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivojini ham ularsiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Tabiiyki, boshqa sohalarda bo'lgani singari kabi paqamli texnologiyalarni soliq ma'murchiligida joriy etish ham uning faoliyatini tubdan o'zgartirmoqda. Bu nafaqat soliq to'lovchilar va soliq organlari o'rtasidagi munosabatlar bilan bog'liq bo'lib qolmay, balki deklaratsiyalarni taqdim etishdan tortib, to soliqlarni to'lash va ma'lumotlarni saqlash usullarigacha ham yangilikliklar kirityapti.

    Xususan, tizimda yagona elektron platformani yaratish orqali ma'lumotlarni kiritish, to'plash, shakllantirish, tahlil qilishning zamonaviy uslubi yo'lga qo'yildi. Buning natijasida soliq hisobotlarini topshirish jarayoni 5-7 barobarga qisqardi. Ayni kezda 112 guruh va 1348 tovar va xizmatlar sinfidan iborat bo'lgan O'zbekiston Respublikasi tovarlar va xizmatlarning yagona elektron tasniflagichi uchun veb-portal joriy qilingan. Mahsulotlar va xizmatlar identifikatsiya kodlari yordamida 900 mingdan ortiq elektron hisob-fakturalar yaratilgan.

    Elektron hisobvaraq-fakturalarning keng joriy etilishi soliq ma'murchiligini yaxshilashga olib keldi. O'tgan yilning ikkinchi yarim yilligida ushbu elektron tizim orqali 798,4 trillion so'mlik tovar aylanmasi soliq bazasiga kiritildi yoki bu ko'rsatkich birinchi yarim yillikka nisbatan 3,5 baravarga oshdi.

    Bugungi kunda raqamli texnologiyalar shiddat bilan rivojlanib boryapti va har bir sohada zamon bilan hamqadam odimlashni taqozo etadi. Masalan, sun'iy intellekt texnologiyacini joriy etish soliq to'lashdan bo'yin tovlash holatlarini aniqlash, firibgarliklarni oldini olish, ma'lumotlarni tahlil qilish va takporlanuvchi jarayonlarni avtomatlashtirish hamda shaffoflikni oshirishda qo'l kelsa, katta hajmli ma'lumotlar — Big data esa soliq organlariga kelib tushadigan katta hajmdagi ma'lumotlarni saqlash, qayta ishlash, tushumlarni yanada yaxshiroq bashorat qilish hamda to'lovchilar va soliq organlari o'rtasidagi hujjat almashinuvini yaxshilash imkoniyatini beradi

    Sun'iy intellekt va big data ko'makka kelmoqda

    Ma'lumot uchun artificial intelligence, ya'ni, sun'iy aql- informatikaning alohida sohasi bo'lib, kompyuter yoki mashinaning inson ongidagi imkoniyatlarga taqlid qilishi, codda qilib aytganda, sun'iy aql kompyuterlarni odam kabi o'ylash va yechim topishga yo'naltirilgan texnologiya hisoblanadi. Big Data — salmoqli ma'lumot atamasi kuniga 100 gigabaytdan ko'p ma'lumot tushadigan oqimlarga nisbatan qo'llanib kelingan. Keyinchalik ma'lumotlarning keskin ko'payishi oqibatida bu tushuncha yanada keng qamrov kasb eta boshladi. Ushbu atama odatda terabayt, ekzabayt va petabaytlar darajasidagi katta hajmdagi ma'lumotlarga nisbatan qo'llaniladi.

    Bugungi kunda soliqlarni to'lashdan bo'yin tovlash, sohadagi firibgarliklari va ma'lumotlarni saqlash, qayta ishlash, tahlil qilishning hozirgi holatida milliy hamda xalqaro darajada bir muncha muammolar mavjud. Misol uchun, Soliq, Adliya Tarmoqlari (Tax Justice Network) tashkilotining 2020-yilgi hisobotida soliq firibgarligi va soliq to'lashdan bo'yin tovlash natijasida butun dunyo davlatlari yiliga 427 milliard AQSH dollari miqdorida ziyon ko'rishmoqda. Birgina AQSHning o'zi har yili soliq to'lashdan bo'yin tovlash tufayli 188,8 milliard dollar yo'qotadi, Xitoy va Yaponiyaning bu boradagi yillik zararlari tegishli ravishda 66,8 va 46,9 milliard dollarni tashkil etyapti.

    Mamlakatimizda soliq tizimida elektron davlat xizmatlari va axborot tizimlari orqali ma'lumotlar bazasiga tushayotgan murojaatlar soni yildan-yilga keskin oshib borayotganligi sababli ma'lumotlarni tezkorlik bilan tahlil qilishni takomillashtirishni kun tartibiga qo'ymoqda. Davlat soliq qo'mitasining mavjud server qurilmalarining xotira hajmi bugungi kunda 90 foiz band. Ma'lumotlarni qayta ishlash markazi qurilmalari eskirganligi hamda elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn nazorat kassa mashinalari hamda tashqi manbalar orqali shakllangan katta hajmdagi ma'lumotlarni qayta ishlash va tezkor tahlil qilish uchun mavjud serverlar quvvati etishmasligi holatlari yuzaga kelib turibdi. Bu borada cun'iy aql va katta hajimli ma'lumotlar texnologiyalarini joriy etish qo'l keladi.

    SHu bois Prezidentimizning 2021-yil 17-fevraldagi “Sun'iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to'g'risida’’gi qarorida ham “Raqamli O'zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, soliq sohasida ham yuridik shaxslarning soliq tushumlarini tahlil qilish, soliq to'lovlaridagi tafovutlarni aniqlashda sun'iy intellekt texnologiyalarini qo'llashga alohida ahamiyat qaratilgan.

    Yangi texnologiyalar afzalliklari

    Hozirgi kunda ko'plab mamlakatlar sog'liqni saqlash, transport, mudofaa va milliy xavfsizlik kabi ko'plab sohalarda sun'iy intellekt afzalliklaridan foydalanib kelmoqda. PricewaterhouseCoopers (PwC) konsalting kompaniyasi tadqiqotlari shuni ko'rsatadiki, global sun'iy aql 2030-yilga kelib jahon iqtisodiyotiga 15,7 milliard trillion AQSH dollarimiqdorida hissa qo'shishi kutilmoqda. Bu jahon yalpi ichki mahsulotini 26 foizga o'sishiga olib keladi.

    Xorijda sun'iy intellekt texnologiyasini o'z soliq tizimida qo'llayotgan mamlakatlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Jumladan, Daniya 2018-yilda soliq to'lashdan bo'yin tovlash natijasida qariyb 325 million AQSH dollari zarar ko'rgan. Mamlakat hukumati sun'iy aql vositalarini o'z soliq tizimiga tatbiq etishi natijasida soliqlarni to'lashdan bo'yin tovlashning har 100 holatidan 85 tasini muvaffaqiyatli aniqladi. SHuningdek Hindiston hukumati soliqlarni to'lashdan bo'yin tovlash bilan kurashish va soxta firmalarni aniqlash uchun sun'iy aql vositasidan foydalanishga kirishgan etakchi mamlakatlar qatorida turadi.

    Negaki, soliq ma'murchiligiga sun'iy aqlni joriy etilishi qo'yidagi afzalliklarga ega bo'lish imkoniyatini beradi. Jumladan, ayni kunda soliq to'lashdan bo'yin tovlash holatlarini aniqlash. soliq idoralari soliq auditi jarayonida firibgarlikni aniqlashga harakat qilishadi. Hujjatlar to'plamidan aniq ma'lumotlarni topish bu pichan ichidan igna qidirish kabi zahmatni talab qiladi. Aslida algoritmlaridan foydalanib, katta miqdordagi ma'lumotlarda noodatiy yozuvlarni aniqlay oladigan, sun'iy aqlni qo'llab-quvvatlaydigan tizimlarni yaratish mumkin.

    Takroriy vazifalarni avtomatlashtirish uchun sun'iy intellektni qo'llab-quvvatlaydigan robotlarning qo'llanilishi mutaxassislarga hujjatlar ustida ishlashni kamaytirishga xizmat qilsa, shaffoflikni oshirish esa, soliqqa tortishning avtomatlashtirilgan jarayonida korruptsiyani kamaytirshga yordam beradi.

    Sun'iy intellekt yordamida avtomatlashtirilgan komp`yuterlar soliq ma'lumotlarini prognoz va tahlil qilish uchun sarf-xarajatlarni kamaytirishda ham katta imkoniyatga ega. Bunday ma'lumotlardan foydalanib yillik o'zgarishlarni kuzatib borish va mablag'larni tejash mumkin.

    Raqamli texnologiyalar taraqqiy etgan asrda eng muhum omil bu ma'lumotlar hisoblanadi. Ularni to'plab, o'rganishlar asosida xulosalar chiqarishda Big Data texnologiyasining ahamiyati katta. Undan qo'pincha salmoqli ma'lumotlarning prognozli tahlillariga yoki ma'lumotlardan qiymat chiqarib olishning boshqa usullariga murojaat qilishda ham foydalaniladi. Big Data texnologiyalaridan olinadigan daromadlar yildan yilga o'sib bormoqda. U 2019-yilda 189,1 milliard dollarni tashkil etgan bo'lsa, 2022-yilda 274,3 milliard dollarga etishi kutilmoqda. AQSH, Avstraliya kabi mamlakatlarda katta hajmli ma'lumotlar texnologiyalarini rivojlantirish va moliyalashtirish bo'yicha maxsus davlat dasturlari ishlab chiqilgan.

    Avstraliyaning dasturi — "Smarter Data" aqlli ma'lumotlar deb nomlanadi, U xatarlarni baholash, tahlil qilish, soliq to'lovchilarning doimiy ravishda yangilanib turadigan profillarini yaratish, ma'lumotlardan turli maqsadlarda foydalanishni avtomatlashtirish, shuningdek, mazkur tahlil jarayonlari uchun katta hajmli ma'lumotlardan foydalanishga asoslangan. Mazkur texnologiya Blokcheyn texnologiyasi bilan birgalikda qo'llanganda katta miqdordagi operatsiyalarni bajarish, QQSni (manfiy summasini) qaytarish va transchegaraviy operatsiyalarni kuzatish mumkin bo'ladi.

    Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan “Sun'iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to'g'risida’’gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 5-iyundagi “Soliq ma'muriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorlariga asosan, 2022-yilning may oyiga borib, soliq sohasida yuridik shaxslarning soliq tushumlarini tahlil qilish, soliq to'lovlaridagi tafovutlarni aniqlashda sun'iy intellekt texnologiyalarini qo'llash dasturiy ta'minotni ishlab chiqish va tajriba-sinov loyihasini joriy etish belgilangan, 2023-yil iyuniga kelib esa, katta hajmdagi ma'lumotlarni boshqarish va tahlil qilish imkonini beruvchi “Big Data” texnologiyalarini yo'lga qo'yish mo'ljallanmoqda.

    Ma'lumotlarga ko'ra 2015-2016-yillarda Moliya vazirligining g'aznachilik departamenti va Davlat soliq qo'mitasi bilan hamkorlikda byudjetdan tashqari mablag'larni to'g'ridan-to'g'ri Moliya vazirligi g'aznachiligiga tushirishni yo'lga qo'yish maqsadida ma'lumotlar markazi serverlarining bir qismi yangilagan, biroq mazkur elektron qurilmalar bugungi kunga kelib ancha eskirgan.

    Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda coliq tizimiga Big Data texnologiyasini joriy etish muddatlarini yanada jadallashtirish zarur. Agar u blokcheyn texnologiyasi birgalikda qo'llansa, tizim serverlarida zo'riqishlar yuzaga kelishi kamayadi hamda ma'lumotlarni uzatish tezlashadi. Chunki, blokcheyn ma'lumotlarni serverlarda emas, tarmoq bo'ylab saqlaydi.

    2021-yilning 28-aprel kuni Vazirlar Mahkamasining “Mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogini joriy etish, tadbirkorlik sub'ektlari o'rtasida tuzilgan shartnomalarni elektron ro'yxatdan o'tkazish va tovar-moddiy boyliklarni olish uchun ishonchnomalarni elektron rasmiylashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorining qabul qilinishi bu yo'ldagi yana bir muhim qadam bo'ldi. Shu yilning 1-iyunidan tatbiq etiladigan bu xizmatlarning xo'jalik yurituvchi subyektlar o'rtasida elektron ma'lumotlarning tizimli va izchil almashinuvini ta'minlash, birlamchi buxgalteriya hujjatlarini avtomatlashtirish hamda soliq to'lovchilarga soliq yukini keskin kamaytirish imkoniyatini yaratishi ko'zda tutilgan

    Prezidentimizning “Sun'iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to'g'risida’’gi qaroriga ko'ra, joriy yilning 1-martidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining tashkil qilinishi “Raqamli O'zbekiston – 2030” strategiyasini har tomonlama amalga oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni tashkil qilish hamda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimida sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish; mazkur yo'nalishda fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni olib borishdagi ahamiyati katta bo'ladi.

    Nazarimizda, shu bilan birgalikda, raqamli texnologiyalarning shiddat bilan rivojlanishi va sohaning malakali mutaxasislarga ehtiyojini oshishi oliy ta'lim muassasalarida “Soliq va raqamli texnologiyalar” bo'yicha alohida o'quv yo'nalishini tashkil etilishni taqozo etmoqda. Bu eng avvalo, tizimning salohiyatli kadrlar bilan ta'minlanishiga yanada keng yo'l ochadi.

    Jahon tajribasi ko'rsatib turibdiki, sun'iy aql va Big Data texnologiyalari nainki soliq idoralari ishini jadalashtirishga, shu bilan birga, “elektron hukumat” faoliyati samaradorligining oshishini hamda mamlakatda “raqamli iqtisodiyot”ning rivojlanishiga va eng muhimi, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga ham yordam beradi.

    Jalil BOYKALONOV,

    Moliya vazirligi huzuridagi

    Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti

    mutaxassisi