Raqobat qoʻmitasi aholini aldovchi savdo sxemalaridan ogohlantirdi

    Isteʼmolchilar orasida “savdo-dilerlik korxonasidanmiz” deb qoʻngʻiroq qilib, jasoratli chegirma va bonuslar vaʼdasi bilan firibgarlik qilish holatlari koʻpaymoqda. Raqobat qoʻmitasi aholini bunday nayranglarga uchmaslikka chaqiradi.

    Raqobat qoʻmitasiga isteʼmolchilardan kelib tushayotgan murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlarga koʻra, oʻzini “savdo-dilerlik korxonasi xodimi” sifatida tanishtirgan shaxslar fuqarolarga qoʻngʻiroq qilib, “katta chegirma va bonuslarga ega boʻldingiz” degan vaʼdalar bilan ularni xaridga undayotgan holatlar koʻpaygan.

    Maʼlumotlarga koʻra, bunday shaxslar mahsulotlar xususiyatlarini boʻrttirib maqtash orqali fuqarolarni tezkor qaror qabul qilishga majbur qilmoqda. Mahsulot esa koʻp hollarda yoki haqiqiy taʼsirga ega emas, yoki sifati past va juda qimmat boʻlib chiqmoqda.

    Qoʻmita qayd etishicha, ayrim hollarda fuqarolarga “bonus” sifatida qoʻshimcha mahsulotlar vaʼda qilinib, mablagʻi yetmasa, kredit orqali xarid qilish taklif qilinmoqda. Bu jarayonda fuqarolar shaxsiy maʼlumotlarini berib, shartnomalarga imzo qoʻymoqda, biroq keyinchalik mahsulotlar qaytarib olinmasligi va firma haqida aniq maʼlumotlar boʻlmasligi kabi muammolar yuzaga kelmoqda.

    Shu kabilardan kelib chiqib, Raqobat qoʻmitasi isteʼmolchilarga quyidagi tavsiyalarni berdi:

    • sotuvchi va mahsulot haqidagi maʼlumotlarni sinovdan oʻtkazing;
    • mahsulot haqiqatdan zarurmi va moliyaviy holatingizga zarar keltirmaydimi – oʻylab koʻring;
    • tibbiy uskunalarni shifokor maslahatisiz xarid qilmang;
    • shaxsiy maʼlumotlarni hech kimga bermang;
    • shubhali shartnomalarni imzolamang va havolalarga kirmang;
    • firibgarlikka olib keluvchi har qanday shubhali takliflardan ehtiyot boʻling.

    Aholiga turli savdo nayranglariga uchmaslik va ogoh boʻlish tavsiya etilmoqda.