Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, oʻtkazilgan tadbir davomida “AVION”, “JEEP”, “FESKO”, “GUGURT” va “VIKTORY” savdo belgisi ostidagi gugurt mahsulotlaridan namunalar sotib olindi va sinovdan oʻtkazish uchun “Oʼzbek-Turk Test Markazi” MCHJ QK laboratoriyasiga taqdim etildi. Sinov natijalariga koʻra, “Up Match” MCHJ tomonidan “JEEP” nomli va “ATLAS-INVEST” MCHJ tomonidan “GUGURT” nomli ishlab chiqarilgan gugurt mahsulotlari amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlandi.
Maʼlumki, gugurt mahsulotlari GOST 1820-2001 standarti talablari boʻyicha 4 (2/3) formatdagi gugurtlarning alohida qutilarida eng koʻp toʻldirilishi 40 dan 60 donani tashkil etishi, eng kam toʻldirilishi 37 dan 52 donagacha boʻlishi lozim. Ammo “JEEP” nomli gugurt qutisida har ikki holatda ham minimal gugurt choʻpi toʻldirilishi soni 11-17 donaga kamligi aniqlandi.
Qoʻmita tomonidan mazkur holatlar yuzasidan olib borilgan oʻrganishlarda “Up Match” MCHJ 2024-yil 22-29-aprel kunlari 1500 gofra yaʼni 1 500 096 quti miqdorida 150 000 000 soʻmlik standart talablariga nomuvofiq boʻlgan gugurt mahsulotlarni sotuvga chiqargani maʼlum boʻldi. Bu holat tahlil qilinganda har bir isteʼmolchi chakana savdo obyekti orqali 10 qutidan gugurtni xarid qilgan taqdirda jami 150 mingta isteʼmolchi sotib olgan hisoblanadi. Tahlil natijalariga koʻra 29,8 foiz kam toʻldirilgan gugurt mahsulotlari sotilishi natijasida isteʼmolchilardan 44 700 000 soʻm ortiqcha mablagʻ olinganligi aniqlandi.
Shuningdek, “ATLAS-INVEST” MCHJ 2024-yil fevral mart oylarida jami 605 gofra miqdorida 66 500 000 soʻmlik standart talablariga nomuvofiq boʻlgan gugurt mahsulotlarni sotuvga chiqargani maʼlum boʻldi. Tahlil natijalariga koʻra, kam toʻldirilgan gugurt mahsulotlari sotilishi natijasida isteʼmolchilardan 20 493 000 soʻm ortiqcha mablagʻ olinganligi aniqlangan.
Ushbu holatlar yuzasidan sifatsiz gugurt mahsulotlarini savdo rastalaridan olish choralarini koʻrish va ortiqcha olingan mablagʻlarni isteʼmolchilarga qaytarish boʻyicha “Up Match” MCHJ va “ATLAS-INVEST” MCHJlarga qonun buzilishini bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berilgan va jamiyatlar tomonidan koʻrsatma talablari bajarilgan.
Bundan tashqari, “AVION”, “FESKO” va “VIKTORY” savdo belgisi ostidagi gugurt mahsulotlari xorijiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan aniqlandi va ularga nisbatan belgilangan tartibda chora koʻrish ishlari olib borilmoqda.