Raqobat qoʻmitasi: “MARKETPLACE TRADING” AJga nisbatan jarima qoʻllanildi

    Raqobatni qoʻmitasi tomonidan “MARKETPLACE TRADING” AJning faoliyati oʻrganilganda uning eʼlon qilingan “Sello Pay” – pul oʻtkazmalari uchun “0 %” mazmunidagi reklamalarida qonun buzilish holatlari aniqlandi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida, “MARKETPLACE TRADING” AJ tomonidan Toshkent shahridagi tashqi reklama obyektida eʼlon qilingan “Sello Pay” – pul oʻtkazmalari uchun “0 %” mazmunidagi reklama joylashtirilganligi oʻrganildi.

    Shuningdek, “MARKETPLACE TRADING” AJning rasmiy veb-saytida “Sello Pay” mobil ilovasi orqali plastik kartalarga pul oʻtkazmalari boʻyicha aksiya 2024-yil 1-iyuldan boshlanishi, mazkur aksiya shartlariga koʻra identifikatsiyadan oʻtgan barcha foydalanuvchilar uchun dastlabki uch oy uchun amal qilishi, komissiyasiz oylik oʻtkazma summasi limiti 3 000 000 soʻmni tashkil etishi va oylik oʻtkazma summasi ushbu limitdan oshib ketgan taqdirda 1% miqdorida oʻtkazma komissiyasi olinishi belgilangan. Ammo, mobil ilova pul oʻtkazmalari reklamasida ushbu aksiya shartlari toʻgʻrisida muhim maʼlumotlar berilmaganlik holatlari aniqlandi.

    Yuqoridagilarga koʻra, Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 16, 21 va 43 moddalari va “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 7-moddasi talablari buzilish alomatlari yuzasidan “MARKETPLACE TRADING” AJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qoʻllanildi.

    Shuningdek, qonun buzilish holatini bartaraf etish va kelgusida unga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrsatma berildi.