Seminar-trening Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash komissiyasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining “Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” qoʻshma loyihasi doirasida, Shvetsiya hukumatining moliyaviy koʻmagi yordamida tashkil etildi.
Treningda Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish va oʻz joniga qasd qilishning oldini olish markazlari rahbarlari va xodimlari hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tizimidagi xodimlar ishtirok etishdi.
Ayollar huquqlarini himoya qilish va zoʻravonlik qurbonlari bilan ishlash boʻyicha Shvetsiyalik yetakchi mutaxassislar va ekspertlar zoʻravonlik qurbonlari bilan muloqot qilish usullari, reabilitatsiya markazlari (shelterlar) faoliyatini tashkil etish, ijtimoiy yordam olish va mablagʻ yigʻish haqida soʻzlab berishdi.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari Gulnora Marufova, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili oʻrinbosari Doina Munteanu trening ahamiyatiga toʻxtalarkan, bugungi pandemiya sharoitida dunyo boʻylab xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik holatlari koʻpayganligi hamda bunday vaziyatda zoʻravonlikdan jabr koʻrgan ayollarni reabilitatsiya qilish institutlarining faoliyati muhim ahamiyat kasb etayotganligini taʼkidlab oʻtishdi.
Zoʻravonlik qurboni boʻlgan ayollar uchun Shelterlar uyushmasi (UNIZON)ning ayollar huquqlari va homiylik masalalari boʻyicha mutaxassisi Mariya Byorson ishtirokchilarni Shvetsiyadagi reabilitatsiya markazlarining turlari, zoʻravonlik qurbonlarining ularga murojaat qilish mexanizmlari, mamlakatdagi barcha shelterlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va ularda jamoaviy ishlarni tashkil etish bilan tanishtirdi.