Davlatimiz rahbari oʻz nutqining avvalida Konstitutsiya boʻyicha referendum yakunlariga toʻxtaldi.

“Xabaringiz bor, shu yil 30-aprel kuni mamlakatimiz hayotida hech shubhasiz tom maʼnodagi ulkan tarixiy voqea boʻlib oʻtdi. Birinchi marta umumxalq referendumi asosida yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildik.

Referendumda ishtirok etgan fuqarolarimizning mutlaq koʻpchiligi “Bu – mening Konstitutsiyam”, deb gʻurur bilan ovoz berdi.

Referendum keyingi yillarda xalqimizning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi naqadar yuksalganini amalda koʻrsatdi.

Ushbu tarixiy tanlov orqali xalqimiz bundan olti yil oldin boshlagan islohotlarimizga katta ishonch bilan qarab, ularni toʻla qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi", - dedi davlatimiz rahbari.

El-yurtimizning ana shunday azmu qarori asosida davlatchiligimiz va iqtisodiyotimizni bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratilgani qayd etildi.